Tayanch so‘z va iboralar: Kadastr ma’lumotlari, yer osti inshootlari, bino va inshootlarning kadastr pasporti. Yer uchastkasi, ko‘p kvartirali uy-joylar.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlar davlat reestriga yer uchastkasiga, binoga, inshootga, ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqlar kiritilgandan keyin yuridik va jismoniy shaxslarga:
yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda;
bino, inshootlarga va ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda beriladi.
Davlat mulki bo‘lgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganda guvohnomaga ularning davlat mulkiga mansubligi va ashyoviy huquqlarning turi: xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi ko‘rsatiladi.
Yer uchastkasiga, binoga, inshootga, ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar blankasi qat’iy hisoblanadigan hujjat bo‘lib, u maxsus qog‘ozda tayyorlanadi, seriya va tartib raqamiga hamda himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ rahbari blankalarning hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun belgilangan tartibda javob beradi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlar davlat reestrida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq mulkdorning yoki ushbu ob’ektga ashyoviy huquqqa ega bo‘lgan shaxs, shuningdek ob’ektning huquqiy holati o‘zgarganda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi eski guvohnoma majburiy ravishda qaytarib olinib va bekor qilinib, yangi guvohnoma beriladi.
Har xil huquqiy maqomga ega bo‘lgan yer uchastkalariga alohida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.
Bir nechta yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan birgalikda foydalanilayotgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma birgalikda foydalanish huquqiga ega bo‘lgan har bir yuridik va jismoniy shaxsga beriladi.
Binolarga, inshootga, ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yer uchastkasida joylashgan barcha binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtlar majmuasi uchun rasmiylashtiriladi.
Bitta bino va inshoot bir nechta yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lsa, bino va inshootga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma ularning har biriga bino va inshootlarning ularga tegishli bo‘lgan qismini ko‘rsatgan holda rasmiylashtiriladi, ko‘p kvartirali uy-joylar bundan mustasno.
Ko‘p kvartirali uy-joylardagi kvartiralar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarga bo‘lgan mulk huquqi kvartira va noturar xonalar mulkdorlarining har biri uchun alohida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning bino va inshootlariga ulushli mulk huquqi mavjud bo‘lganda, bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olganlik to‘g‘risidagi guvohnoma har bir ulushli mulk huquqi egasiga har birining ulushi ko‘rsatilgan holda beriladi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lsa yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat arizaga ilova qilinmagan bo‘lsa alohida bino va inshootning kadastr yig‘majildi tayyorlanmaydi, bundan yer uchastkasi berilmagan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar mustasno.
Bino va inshootlarning kadastr ma’lumotlarini tayyorlash jarayonida quyidagi ishlar bajariladi:
bino va inshootlar bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy, arxitektura-shaharsozlik va boshqa zarur hujjatlar yig‘iladi va tahlil qilinadi;
bino va inshootlar texnik inventarizatsiya qilinadi, bunda binolarning ichki va tashqi o‘lchovlari aniqlanadi, maydonlari va hajmlari hisoblanadi hamda ushbu ma’lumotlar mazkur Qoidalarning tegishincha 3 yoki 4-ilovalarida keltirilgan binolarning ichki va tashqi o‘lchov qaydnomalarida aks ettiriladi;
bino va inshootlar konstruktiv qismlarining tavsifi aniqlanadi va ular mazkur Qoidalarning 5-ilovasida keltirilgan shaklda aks ettiriladi;
bino va inshootlarning arxitektura-qurilish chizmalari tayyorlanadi;
binoning muhandislik kommunikatsiyalari (gaz, elektr energiyasi, sovuq suv, issiqlik energiyasi, aloqa va boshqalar) bilan ta’minlanganligi aniqlanadi;
jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarning qiymati aniqlanadi;
bino va inshootlarga Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 31 dekabrdagi 492-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududlarini kadastr bo‘yicha bo‘lish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarning kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda kadastr raqami beriladi;
bino va inshootlarning kadastr pasporti tayyorlanadi.
Bino va inshootlarning arxitektura-qurilish chizmalari eng kam hajmda, ortiqcha tafsilotlarsiz tuziladi.
Binoning ichki xonalari plani chiziladi. Agar bino bir necha qavatdan iborat bo‘lsa, u holda barcha qavatlarning planlari, shuningdek yerto‘laning plani chiziladi. Binoning qavat planlari 1:100 yoki 1:200 masshtabda chiziladi va nomlanadi (masalan, «1-qavat plani», «2-qavat plani», «Yerto‘la plani»).
Yer osti inshootlarining (har xil maqsadlarda foydalaniladigan quvurlar, elektr va aloqa liniyalari, foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lgan inshootlar va h. k.) tavsifi kadastr yig‘majildiga loyiha-smeta yoki ushbu inshootlar davlat kadastri ma’lumotlaridan foydalanib kiritiladi.
Maxsus inshootlarning kadastr ma’lumotlari tayyorlanayotganda ular to‘g‘risida o‘zlariga xos ma’lumotlar tegishli davlat kadastrlari ma’lumotlaridan foydalanib kiritiladi. (Masalan, alohida kadastr ob’ekti bo‘lgan elektr liniyasining kadastr ma’lumotlaridan uning nomi, kuchlanishi, simlar soni, elektr liniyasi tayanchlarining konstruksiyasi, transformator stansiyalari va boshqa inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar olinishi mumkin).
Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarning eskirganligini aniqlash ularni ko‘zdan kechirish natijalariga ko‘ra ayrim konstruktiv qismlarning eskirishini hisoblash orqali amalga oshiriladi. Konstruktiv qismlar bo‘yicha eskirish foizini aniqlashda baholash paytida ularning texnik holatini tekshirish asosida ushbu qismlarning eskirganlik foizi tegishli shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq aniqlanadi va mazkur Qoidalarning 6-ilovasida keltirilgan shaklda aks ettiriladi.
Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarning inventar qiymati Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 29 dekabrdagi 478-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan binolar va inshootlarni baholash va qayta baholash to‘g‘risida nizomga muvofiq aniqlanadi va baholash natijasi mazkur Qoidalarning 7-ilovasida keltirilgan shaklda aks ettiriladi.
Yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlarning qiymati sifatida ular tomonidan berilgan ma’lumotlarga asosan bino va inshootlarning kadastr yig‘majildi tayyorlanayotgan kalendar yilning 1 yanvar holatidagi qoldiq qiymati ko‘rsatiladi.
Bino va inshootlarning kadastr pasporti mazkur Qoidalarning 8-ilovasiga muvofiq ishlab chiqiladi va unda quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi:
yuridik shaxsning to‘liq firma nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
bino va inshootlarning turlari;
bino va inshootlarga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat nomi, sanasi va raqami;
bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi yoki bekor qiluvchi hujjatlarning nomi, sanasi va raqami, cheklash muddati;
bino va inshootlardan foydalanishning maxsus tartibi bo‘lgan taqdirda, uni belgilashga asos bo‘lgan hujjat nomi, sanasi va raqami, maxsus tartibning qisqacha tavsifi va amal qilish muddati;
bino va inshootlarning qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
qurilish ma’lumotlari (foydalanishga qabul qilingan yildagi konstruksiyalar turi, qavatlar soni);
bino va inshootlarning maydoni va hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlanganlik to‘g‘risida ma’lumotlar;
foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
maxsus inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Bino va inshootlarning kadastr pasportiga ularning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi boshqa ko‘rsatkichlar ham kiritilishi mumkin.
Bino va inshootlarning, ijrochi korxona arxivida saqlanadigan kadastr yig‘majildi nusxasida kadastr ma’lumotlariga abrislar, fotosuratlar va bino va inshootlarni tavsiflovchi boshqa hujjatlar va materiallar ilova qilinishi mumkin.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer uchastkasida uy-joy qurish va uy-joyni rekonstruksiya qilish tugallangandan keyin yuridik va jismoniy shaxsning arizasiga asosan tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi o‘n kun ichida uy-joyni texnik inventarizatsiya qiladi va mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda kadastr yig‘majildini tayyorlaydi.
Kadastr yig‘majildi tuman (shahar) hokimining uy-joyni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori bilan birga quruvchi yoki uy-joy mulkdoriga yoxud ularning vakillariga bir kun muddatda topshiriladi.
Binolar qayta ixtisoslashtirilganda va rekonstruksiya qilinganda kadastr yig‘majildiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarni boshqa shaxsga o‘tkazishda huquq egasining buyurtmasi bo‘yicha kadastr yig‘majildi tayyorlanadi, unda:
huquq egasining nomi;
yer uchastkasini berish to‘g‘risidagi hujjatlarning mavjudligi, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
yer uchastkasining imorat va inshootlar tushirilgan plani;
ob’ektning nomi va qurilish boshlangan yili;
loyiha-smeta hujjatlarining mavjudligi hamda arxitektura va qurilish organlari tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlashga ruxsat berilganligi;
qurilishi tugallangan, ammo davlat komissiyasi tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan ob’ektlar ro‘yxati;
qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarning holati;
qurilishi tugallanmagan ob’ektning qiymati, zarur bo‘lganda, baholovchi tashkilot tomonidan baholangan qiymati.
4-bob. Ko‘p yillik daraxtlarning kadastr ma’lumotlarini tayyorlash
Yuridik va jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan ko‘p yillik daraxtlarga ko‘chmas mulkning bir turi sifatida kadastr ma’lumotlari tayyorlanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) va fermer xo‘jaliklari tomonidan uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalarida ijaraga beruvchining ruxsati bilan o‘z mablag‘lari hisobiga o‘tqazilgan va ularning mulki bo‘lgan ko‘p yillik daraxtlar, o‘rmon daraxtlari to‘g‘risida ma’lumotlar kadastr yig‘majildi tarkibiga kiritiladi.
Yakka tartibda uy-joy qurish, dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaligini hamda jamoat bog‘dorchiligi va uzumchiligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalarida o‘stirilgan ko‘p yillik daraxtlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kadastr yig‘majildiga davlat organlarining ushbu maqsadlar uchun yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi qarorlariga asosan kiritiladi.
Kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonida bog‘lar, uzumzorlar, tutzorlar va boshqa o‘rmon daraxtlarining maydoni va soni aniqlanadi. Bog‘lardagi meva daraxtlari, turlarga (olma, nok, shaftoli, va hokazo) ajratilmasdan egallagan umumiy maydoni, soni hamda ular joylashgan yer bo‘laklarining (konturlarining) raqamlari aniqlanadi.
Ko‘p yillik daraxtlarning kadastr ma’lumotlari yer uchastkasining kadastr ma’lumotlari bilan birgalikda ko‘rsatiladi. Zarur holda ko‘p yillik daraxtlar joylashgan yerlarning kadastr plani tuziladi. Planga shartli belgilarda ko‘p yillik daraxtlar egallagan yerlar tushiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |