150
haqida hayrat bilan yozgan, uni «sodda, ko‘p hollarda so‘zlashuv tiliga yaqin poetik arab tili», -
deb ham atagandi.
«Janubiy shamol» romani Jazoirda to‘rt marta qayta nashr etildi, uning oxirgi nashri 1980
yilga to‘g‘ri keladi. Roman 1975 yilda Jazoirda fransuzcha tarjimada bosilib chiqdi. Keyinroq
asar ispan tiliga ham tarjima qilindi.
Benxaduga «Janub shamoli»dan keyin «Kechagi kun intihosi» romanini nashr ettirdi. Bu
roman voqealari 1954-1962 yillardagi milliy – ozodlik urushi tugagandan keyin chekka bir
qishloqda ro‘y beradi. Urush oqibatida xarob bo‘lgan qishloqqa fallohlarga yangi hayot qurishda
ko‘maklashish uchun shaharlik o‘qituvchi keladi. U qiyinchiliklardan qo‘rqib shaharga qochib
ketgan salaflaridan farqli o‘laroq shu qishloqda qoladi. Bu roman ham «Janubiy shamol» singari
yaxshi yozilganiga, unda muhim ijtimoiy muammolar ko‘tarib chiqilganiga qaramay uningchalik
muvaffaqiyat qozonmadi. Buning sababi roman bosilib chiqqunga qadar Jazoirda qishloq
muammolariga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar nashr etilganida bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa
ham «Kechagi kun intihosi» asari ikki bor bosildi, fransuz va golland tillariga tarjima qilindi.
«Kechagi kun intihosi» romanidan so‘ng Benxaduga «qishloq yozuvchisi» sifatida
tanilganday bo‘ldi, ammo 1980 yilda u «Ko‘zning ochilishi» asarini e’lon qilib, jazoirlik bir
tanqidchi aytishicha, o‘z o‘quvchilariga mamlakat poytaxti, uning minglarcha muammolariga
bag‘ishlangan roman taqdim etib hammani hayratda qoldirdi.
Roman voqealari mamlakat poytaxti Al-Jazoirda 1976 yil bahorida butun mamlakat
bo‘ylab ommaviy yig‘inlarda Milliy Xartiya loyihasi bo‘yicha qizg‘in bahslar davom etayotgan
paytda bo‘lib o‘tadi. Milliy Xartiya Jazoir inqilobining muhim hujjati bo‘lib, mamlakatning
nokapitalistik taraqqiyot yo‘lini belgilagan, keyinchalik Respublika Konstitutsiyasiga asos qilib
olingan edi.
Asar markazida vazirlikning yuqori martabali xodimi shayx Alausning ko‘p sonli oilasi
hayoti turadi. Oila a’zolari turli-tuman siyosiy dunyoqarash sohibi – biri o‘ta konservator bo‘lsa,
boshqasi inqilobiy demokrat. Bu jihatdan Jazoir tanqidchilari yozganidek, «asar alohida bir oila
mikrostrukturasi timsolida Jazoirning ijtimoiy mikrostrukturasini o‘zida aks ettiradi».
Roman an’anaviy bayonchilik uslubida yozilgan. Voqealar xronologik ketma-ketlikda
davom etadi, shiddatli tus olib boradi. O‘quvchi qiziqish bilan shayx oilasidagi ichki ziddiyatni
kuzatib boradi. Bu ziddiyat sekin-asta xonadonning yosh a’zolari tomonidan zolim ota va uning
tarafini olgan katta akasi Umarga qarshi qaratilgan ochiq isyonga aylanadi.
Yozuvchi Alaus oilasi hayotini tasvirlash orqali o‘quvchini hozirgi zamon Jazoir
jamiyatining qaynab turgan qatlamlari ichiga olib kiradi, mazkur taraqqiyot bosqichidagi burilish
nuqtasi notinchliklarini ko‘rsatadi, jamiyatni bir-biriga zid ikki qutbga bir tomonda eski, chirik
urf-odatlar tarafdori va boshqa tomonda yangi, dunyoviy, chin demokratik Jazoir uchun kurash
olib borayotganlar lagerlariga bo‘lib tashlagan qizg‘in ijtimoiy kurashni tasvirlaydi.
Roman o‘quvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Tanqidchilar fikricha, umumiy
ravishda adib an’anaviy uslubga sodiq qolgan bo‘lsa ham, ammo bu kitobda uning uslub
sohasidagi izlanishlari o‘z ifodasini topgan.
Hozir Benxaduga ijodining gullagan davri. Yozuvchi hali o‘zining qahramon vatani
Jazoirga munosib chinakam yirik badiiy asarlar yaratishiga umid bog‘lash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: