ABUL QOSIM ASh-ShABBI
Abulqosim ash-Shabbi Tunisning XX asrdagi eng buyuk shoiri bo‘lib, qisqa hayoti
davomida o‘ziga xos ijodi bilan iste’dodli adib sifatida shuhrat qozondi.
Shabbi Tunis janubidagi Tozer qishlog‘ida tug‘ildi. Uning otasi arab dunyosidagi eng
yirik diniy bilim dargohi bo‘lmish al-Azhar universitetini tamomlagan, qozi lavozimida ishlar
edi. U o‘g‘liga islomiy boshlang‘ich maktabga qo‘shimcha ravishda yoshlik davridanoq
an’anaviy musulmon ta’limoti asoslari - arab grammatikasi, kalom, adabiyot, falsafa fanlaridan
bilim berdi. Shabbi Yevropa tillarini bilmas edi, ammo Yevropa xalqlari adabiyotiga qiziqib,
tarjimonlar orqali u bilan kengroq tanishishga harakat qildi. Ayniqsa, fransuz romantiklari –
Alfred de Myuss, Alfons de Lamartin, Alfred Vinya, Teofil Gote ijodiga ko‘proq qiziqdi.
Shabbi 1921 yilda endigina 12 yoshga kirganida az-Zitun talabasi bo‘ldi, 1925 yilda esa,
o‘zining birinchi she’rini yozdi. She’r hidja (hajviya) janrida yozilgan universitet ta’limi tizimi
hamda ma’noni so‘zamollik girdobiga g‘arq qilishga qodir safsatafurush grammatistlar ustidan
kuluvchi satira edi.
Shabbi she’rlari 1926 yildan boshlab «an-Nahda» gazetasida e’lon qilina boshlaydi, shu
yillardan uning ijtimoiy faoliyati ham boshlanadi. U o‘qish uslubiyatini yaxshilash tarafdori
bo‘lgan az-Zitun talabalariga boshchilik qiladi, Tunis adabiy klubini, hozirgacha Tunisning eng
faol yoshlar tashkiloti bo‘lgan «Musulmon yoshlar» tashkilotini tuzishda faol ishtirok etadi. Az-
Zitunda olgan bilimlarini mukammallashtirish maqsadida Shabbi 1928 yilda Tunis huquq
maktabiga kiradi va 1930 yilda uni muvaffaqiyat bilan tugatadi.
Shabbi 1927 yilda al-Xalduniya universitetida «Arablarda poetik taxayyul» mavzusida
ma’ruza o‘qib (ma’ruza 1929 yilda kitob holida nashr etildi), unda o‘zining she’riyatdagi
prinsiplarini bayon etdi: poetik ijod erkinligi, an’anaviy arab she’riyati qonun - qoidalaridan voz
kechish, yangi she’r shakllarini o‘zlashtirish, mavzular ko‘lamini kengaytirish. Ma’ruza
adabiyotni yangilashga, uni oxirgi davr hayotini, bugungi kun odamini tasvirlashga qaratilgan
qaynoq da’vat bo‘lib yangradi.
Mumtoz arab adabiyoti va aruz bilimdoni bo‘lgan Shabbi ushbu ma’ruzasida (uni tom
ma’noda adibning ijodiy manifesti deb atash mumkin) arab va Yevropa adiblarining
she’riyatdagi prinsiplari har xil ekanini ta’kidlab o‘tdi. U arablarning «bilim» mumtoz
poeziyasiga «tuyg‘u» romantik poeziyasini, klassik poetika taqozo etgan kutilmagan obrazli
ifodalar, an’anaviy mavzularning g‘aroyib tomonlarini ochib berishga mustaqil badiiy kashfiyot,
«poetik taxayyul»ni qarshi qo‘ydi. Shabbi fikricha, aynan ana shu narsalar insonning ichki
dunyosini ochib berishga qodir, bu esa she’riyatning eng oliy vazifasidir. Shabbi an’anaviy arab
adabiyotidagi mavzularning torligi, bir xilligiga e’tiroz bildirar ekan, bu bilan poeziyada voqeiy
hayotni kengroq ifodalashni yoqlab chiqdi. Poeziya insonni, uning muhit bilan munosabatini
idrok etgandagina uning ehtiyojlarini qondiradi, yangi ideallarning shakllanishiga yordam beradi.
Shabbi 25 yoshda hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa ham, uning ijodi boy va rang-barangdir.
Uning she’rlari 1956 yilda, mustaqillik e’lon qilinishi arafasida «Hayot qo‘shig‘i» nomi bilan
bosilib chiqdi. To‘plamdan o‘rin olgan ilk she’rlarining ko‘pchiligi Tunisga, uning tabiatiga
bag‘ishlangan («Go‘zal Tunis», «Cho‘pon qo‘shig‘i», «Shoxchalar soyasida»). Ijodining ilk
davrlaridanoq Shabbi poeziyaning vazifasi («O, mening ilhomim!»), shoirning hayotdagi o‘rni
(«Hayot») borasida ko‘p mulohaza qiladi. Ammo keyinroq, Shabbi otasidan ayrilib, o‘zi og‘ir
kasallikka chalingani, xorijga ketishga majbur bo‘lganidan keyin uning she’riyatida g‘amginlik,
sog‘inch, o‘kinch motivlari kuchaydi. «Men bu hayotda achchiq ko‘z yoshlari va g‘amdan, azob-
uqubatdan o‘zga nimani ko‘rdim (“E’tirof”), mening boshim uzra tobora ko‘proq qora soyalar
160
to‘planmoqda…(«G‘am»)»,- deydi adib. Shoirning shaxsiy musibati unga insonning oliy ehtiyoji
– ozodlikdan mahrum qilingan mamlakat dardlarini chuqurroq idrok etishga yordam beradi:
Dunyoni anglashni juda istardim.
O‘z qalbimni ham, ammo hech narsani tushunolmayapman.
Faqat bir narsani men idrok etdim –
Inson yo‘li uni o‘limga boshlab borarkan.
Saroylar uzra og‘ir ingrashlar yangrar,
Uylarda faqat musibat.
Dunyoda zo‘ravonlik odamlar ustidan hukmrondir.
Marsiyaga xos bunday motivlar Shabbi ijodida ko‘p uchrab turadi, ammo aksar hollarda
u hayotsevarlik tuyg‘ulari bilan uyg‘unlashib boradi.
Otajon, o‘limingdan so‘ng ko‘p azob chekdim.
G‘am tuyg‘ularimni ham so‘ndirdi.
Ammo men hayotga intilaman, unga quloq tutaman.
Tuyg‘ularim jo‘sh uradi yana,
Hayajon bilan hayotga, shodlikka, ilhomimga intilaman.
Shabbining ijodiy uslubida Yevropa romantizmi ta’siri sezilib turadi. Voqelikni qora,
noxush ranglarda idrok etish, erk va go‘zalliklarga eng oliy ideal sifatida intilish, tabiat
hodisalarini personifikatsiya qilish, ularga hayrat bilan o‘z hissiyotlari ifodasi sifatida qarash –
uning chuqur emotsional lirikasi ana shunday motivlarga boy. Shabbi arab poeziyasi uchun yangi
bo‘lgan jonli hissiyotlar va zavq-shavq daryosini kashf etar ekan, o‘zining bor ijodiy taxayyuli
kuchini unga g‘anim va zim-ziyo voqelikka qarshi yo‘naltirdi. Hayot adolatsizlik va
yomonlikdan to‘lib-toshib yotibdi; Shabbi vatandoshlarini faoliyatsizlakda ayblaydi: «Bu hayot
bilan kurashadigan biror yurak yo‘q» («O‘g‘lonlar»). Fitna-fasod, amalparastlik, qashshoqlik va
baxtsizlik hukm surayotgan bu dunyoni buzib tashlash kerak («O‘lik dunyo»), kelajakdagi yangi
hayot uchun xalqni kishanlab turgan, uni azob-uqubatga solayotgan, o‘lim sharpasini olib
kelayotgan barcha narsani vayron qilish kerak.
Ey xalqim! Men bir o‘tinchi bo‘lganimda, ularning tupiga bolta solardim,
Agar men hayqirgan sel bo‘lganimda, barcha eski sag‘analarni oqizib ketardim birin-
ketin.
Agar men shamol bo‘lganimda, gullarni g‘am bilan so‘ldirgan barcha narsalarni uchirib
ketardim.
Tuyg‘ularim to‘fondek kuchli bo‘lganda men –
Isyonkor qalbimni senga atardim, ey xalqim.
Agar vujudimda quyun kuchi bo‘lganida, o‘z so‘zim bilan -
Seni chorlardim yangi hayotga, ey xalqim.
Shabbi ijodida ozodlikka, buyuk va shonli kelajakka bo‘lgan ishonch ham ana shunday
kuchli yangraydi:
Agar xalq intilsa yangi hayotga,
Taqdir unga kulib boqadi.
Qorong‘ulik yo‘qolib, qullik zanjirlari uziladi.
(«Hayotga intilish»)
Asrimiz tun va g‘am asridir,
Ammo tundan keyin tong otadi…
Bu asr xalqdan tortib oldi shon-shuhratini
Ammo bir kun kelib, hayot unga qilichini qaytarib beradi!
(«Go‘zal Tunis»)
Uningcha yomonlik ustidan g‘alaba qozonish faqat yangi g‘oyalar bilan qurollanib,
voqelik maromiga faol qatnashganlarga nasib qiladi:
Asr bilan hamnafas bo‘l, shunda seni -
Qo‘rqitolmas na vahima, na taqdir.
Asr bilan hamnafas bo‘l, nima bo‘lsa ham,
161
Shunda seni taqdir aldamas.
Hayotdan chekinganlar, holingizga voy,
Siz endi o‘limga mahkumsiz.
(«Asr bilan hamnafas bo‘l»)
Zulmga qarshi isyon mavzusi Shabbining oxirgi she’rlaridan biri - «Dunyo zolimlariga»
asarida eng yorqin ifodasini topdi:
Zolimlar – hayot dushmani, o‘lim do‘stlari.
Qul qilingan yurtning mustabid xo‘jayinlari, ko‘zingizni oching,
Tong otmoqda, ufqda bulutlar qalinlashmoqda.
Momoqaldiroq gumburlashi, shamol uvillashi eshitilmoqda.
Men aqllarga nur taratdim, umid tug‘ildi,
Ey zolim, yerni ko‘z yoshi va qon bilan sug‘ording,
Ularning to‘lqini seni g‘arq etadi.
76
Shabbi ko‘pgina arab romantik adiblari tasavvuridagi qalbning mavhum ideallashgan
ozodligi doirasidan tashqariga chiqadi. Uning ijodiga xos grajdanlik nafasi istibdod va jabr-
zulmdan ozod bo‘lishga intilishda o‘z ifodasini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |