17-modda. Dehqon xo‘jaligi faoliyatining natijalarini hisobga olish
Dehqon xo‘jaligi o‘z faoliyati natijalarining hisobini yuritadi.
Dehqon xo‘jaligi yil davomida yer uchastkasida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining
turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmlari,
shuningdek issiqxonalar soni to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan belgilangan shakldagi
ma’lumotnomani dehqon xo‘jaligi joylashgan yerdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga
hisobot davridan kelgusi yilning 15-martiga qadar taqdim etadi.
4-bob. Dehqon xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
18-modda. Dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari
Davlat dehqon xo‘jaliklarining huquqlariga va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini
kafolatlaydi.
Dehqon xo‘jaliklari tasarrufida bo‘lgan yer uchastkalari maydonlarini ularning roziligisiz
maqbullashtirishga (qisqartirishga, o‘zgartirishga va boshqalarga) yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat organlari dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga va ularning faoliyatini
mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Dehqon xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagilar orqali amalga
oshiriladi:
dehqon xo‘jaliklarini imtiyozli kreditlash mexanizmlarini yaratish, shuningdek ularga lizing
va sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun zarur bo‘ladigan organik va mineral
o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish vositalari,
yonilg‘i-moylash materiallari, suv va boshqa zarur resurslar, navli urug‘lik va ko‘chatlarni uzluksiz
yetkazib berish tizimini joriy etish;
dehqon xo‘jaligi faoliyati uchun zarur bo‘lgan yo‘llardan, elektr, suv ta’minotidan hamda
melioratsiya inshootlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;
dehqon xo‘jaliklari ishlab chiqaradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ichki va tashqi
bozorlardagi talab hamda taklif to‘g‘risida ishonchli axborot, shuningdek qishloq xo‘jaligi ekinlari
yetishtirishga doir ilmiy-amaliy tavsiyalar hamda qo‘llanmalar taqdim etish;
dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish
uchun dehqon bozorlarida maxsus savdo rastalarini va savdo markazlarida savdo joylarini ajratish,
shuningdek aholi punktlarida ko‘chma savdo tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
dehqon xo‘jaliklari ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun
imtiyozlar tizimini joriy etish;
dehqon xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash,
qayta ishlash, shuningdek ularning hajmlarini ko‘paytirishni hamda ilg‘or ilmiy ishlanmalar va
texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ko‘rish.
Do'stlaringiz bilan baham: |