Veda xudolari. Vedalarda xudolar – osmon xudolari, quyosh xudolari, havo xudolari, yer xudolari, ayol xudolar kabi xudolar toifasi haqida madhiyalar bayon etilgan.
Osmon xudolari. Ular sirasiga Dyaus, Varuna, Indra kabi turli osmonlarni boshqarib turuvchi xudolar kiradi. Biroq, Varuna keyinchalik suv va dengizlar xudosiga aylanib ketgan.
Quyosh xudolari. Rigvedada quyosh energiyasining turlicha namoyon bo’lishidan besh xudo yuzaga kelganligi haqida so’z yuritilgan. Ularning eng qadimiysi Mitra («do’st») dir. Surya quyoshning yorqinroq namoyon bo’lgan ko’rinishidir. U yunonlardagi Apollon kabi yetti ot biriktirilgan g’ildirakli aravalarda tasvirlangan. Savitri esa quyoshning quvvat beruvchi kuchida namoyon bo’ladi. Pushan muruvvatli hisoblanib, quyoshning mahsuldorlik faoliyatni o’zida namoyon qiladi. Ularning yana biri Vishnu vedalarda zikr qilingan va keyinchalik unut bo’lib ketgan xudolar orasida abadiy hisoblangan, hozirgi paytda butun Hindistonda ulug’lanadi.
Yer xudolari. Yer xudolarining eng ulug’i yerda quyoshning, havoda chaqmoqning, yer ustida olovning mujassamlashuvi hisoblangan olov xudosi Agnidir. Agni haqidagi afsonalar Hindistondan tashqarida vujudga kelgan.
Braxmanlik veda dinlarining bir shahobchasidir. Vaqt o’tishi bilan vedalardagi qo’shiqlar ommaga, hatto ruhoniylarga ham tushunarsiz bo’lib qoldi. Bu qo’shiqlar hali o’zgarishga uchramay, muqaddas til va muqaddas matnlar paydo bo’ldi. Nihoyat, bu tilni o’rganish uchun kishilar alohida guruhlar tuzib, maxsus vaqt ajratdilar. Natijada o’z hayotlarini ibodat qilish, ilohiyot ilmini o’rganish, murakkab marosimlarni o’tkazish va xalq ruhoniy hayotini boshqarishga bag’ishlagan braxmanlar kastasi (tabaqasi) vujudga keldi. Dinga xos bo’lgan xususiyatlardan biri – ilohiy tilning o’zgartirib bo’lmasligidir. Хuddi shu bir tilning eskirib amaldan qolishi va faqat muqaddas tilga aylanib qolishi braxmanizmning kelib chiqishiga sabab bo’lgan omillardan biridir.
Hinduizm juda murakkab dindir. U bir tomondan yirik ijtimoiy tashkilot, ikkinchi tomondan turli dinlar qorishmasidir. Ijtimoiy tashkilot sifatida kastachilik asosiga qurilgan. Ma’lumki, mil. av. VI asrda Hindistonda buddizm dini vujudga keldi. U braxmanizmdagi bir necha jihatlarni qabul qilgan bo’lsada, kasta ta’limotini inkor etdi. O’sha davrda Hindistondagi kasta tuzumini saqlab qolishga, braxmanizm dinini isloh qilib, qayta tiklashga harakat boshlandi. Bu harakat braxmanizm bilan buddizm o’rtasidagi kurashni ifodalovchi hinduizm edi.
Hinduizm asosan, Hindistonda tarqalgan bo’lib, mamlakat aholisining 83%, ya’ni 650 mln. kishi shu dinga e’tiqod qiladi. Hinduizm e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan jahonda uchinchi o’rinda turadi. Barcha hinduistlarning soni 700 mln.ni tashkil etadi. Yirik jamoalar Bangladeshda (12 mln.), Indoneziyada (3,6 mln.), Shri Lankada (3 mln.), Pokistonda (1,5 mln.), Malayziyada (1 mln.), AQShda (0,5 mln.), Butanda (0,3 mln.) mavjud. Hinduizm uni qabul qilmoqchi bo’lganlarga qo’yadigan birinchi va asosiy shart Hindistondagi kasta tuzumini qabul qilishdir.
Diniy qorishma sifatida hinduizm oriylargacha bo’lgan dinlar, hind-skif jamoalarining ibtidoiy diniy tasavvurlarini va qadimgi braxmanlarning buddizm bilan aralashgan qadimiy urf-odatlarini o’zida mujassam qilgan.
Hinduizmda trimurti (uchlik) – Braxma, Vishnu, Shiva xudolari asosiy xudolar sanalib, Braxma ularning eng kattasi – dunyoni yaratgan xudo hisoblanadi. Biroq, hinduizmda faqatgina Vishnu va Shivagagina sig’inadilar. Shunga binoan, hinduizm ikki asosiy oqimga bo’linadi:
Shivaga sig’inuvchilar va Vishnuga sig’inuvchilar.
Shiva oddiy xalq ommasi – kambag’allarning ilohiyati hisoblanadi. U Rigvedaning birinchi nusxalarida Rudra nomi bilan zikr etilgan. Atxarvavedada Rudraning roli oshib boradi.
Yajurvedada Rudra Agni timsolida berilgan. U Ishana, Ishvara, Maxadeva (buyuk xudo) nomlari bilan ham ataladi.
Hindistonda shivaizmning o’n uchga yaqin asosiy oqimlari mavjud. Shivachilar orasida asosiy oqim sifatida tridandinalar (uch tayoqlilar) va smartlar (smriti so’zidan – haqqoniy rivoyatlar)ni aytib o’tish mumkin. Тridandinalarning markazi Varanasi bo’lib, unda tarkidunyochilikda hayot kechiradilar. Smartlarning bir qismi rohiblikda, yana bir qismi – dunyoviylik holatida yashaydilar. Ushbu oqimlarning har ikkalasi ham faqat braxmanlarnigina o’z saflariga qabul qiladilar. Dandilar, ya’ni zohidlar oriylarga xos bo’lmagan ba’zi marosimlarni o’tkazadilar. Jumladan, shu oqimga kirayotgan paytda oyoqlarining pastki qismidan qon chiqaradilar. O’lganlarni yerga dafn qiladilar yoki muqaddas daryolardan biriga topshiradilar. Shivaizmning katta oqimlaridan yana biri lingachilar bo’lib, ular bo’yinlariga linga osib yuradilar. Kimdir uni oltin, kumush qutida olib yuradi. Ibodat vaqtida uni chap qo’llarida tutib turadilar. Lingachilar bir necha urug’larga bo’linib, o’zaro qudachilik qilmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |