Yettinchidan, rus tilida so’z suppletiv usul bilan o’zgarishi (ya‘ni qo’shimcha olish jarayonida ma‘lum o‘zak boshqa o‘o’zak bilan almashishi) mumkin: я-меня, он-его, хорошо-лучше, мы-нас, человек-люди, идёт-шёл.
Biz yuqorida ko‘rib chiqqan o’zbek tili (ya‘ni agglutinativ tillar)ga oid hodisani tilshunos olim A.A.Reformatskiy agglutinatsiya, rus tili misolida ko‘rib o‘tilgan flektiv tillarga oid hodisani esa fuziya deb nomlagan.
Shuni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakki, rus tilida turli turkumlarga ajratiluvchi mustaqil so’zlarning maxsus morfologik ko‘rsatkichlari bor. Masalan, хороший so’zining sifat, хорошо so’zining ravish хорошеть so’zining fe‘l turkumlariga mansubligini ularning tugalmasiga qarab aniqlash oson. O‘zbekcha so’zlar esa bunday grammatik ko‘rsatkichlarga ega emas.
Ammo agglutinativ tillar bilan flektiv tillar o’rtasiga qat‘iy chegara qo‘yib bo’lmaydi, holbuki agglutinatsiya hodisasi flektiv tillarda, flektiv tillarga xos bo’lgan xususiyatlar agglutinativ tillarda uchrashi ham mumkin. Bunga ingliz tilida ko’plik shaklini hosil qiluvchi -‘s qo’shimchasi, shuningdek qo’shimcha qo‘shilishi natijasida o‘zagida o’zgarish yuz bergan sana, yasha, meni, o‘rni, burni kabi o‘zbekcha so’zlar misol bo’la oladi.
O‘zbek tilshunosligiga oid ilgarigi adabiyotlar, xususan, G‘.Abdurahmonov, Sh.Shoabdurahmonov, A.Hojievlar hammuallifligida chop etilgan «O‘zbek tili grammatikasi», A.Abduazizovning «O‘zbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi», shuningdek ular bilan bir davrda rus tili andozalari asosida yaratilgan boshqa bir qancha kitobo’lar bilan tanishar ekanmiz, rus tili qonuniyatlarini sun‘iy ravishda o’zbek tiliga yopishtirishga urinishlar bo’lganligiga guvoh bo’lamiz. Binobarin, ushbu adabiyotlarda o’zbekcha so’zlar ham rus tilidagi kabi o‘zak morfema, negiz, affiksal morfemalardan tarkib topadi (misol uchun, ishchilarga so’zidagi ish o‘zagi bilan -chi so’z yasovchi morfemasi birgalikda so’zning negizini, qolgan qo’shimchalar esa so’zning ma‘lum grammatik formasini tashkil etadi), degan fikrlarni uchratamiz. Biroq har ikkala tilga mansub so’zlardan olib taqqoslaydigan bo’lsak, ruscha kornevaya morfema o’zbekcha o‘zakdan tubdan farq qilishiga amin bo’lamiz.
Rus tilidagi o‘zak morfemalar affikslarsiz, mustaqil holda deyarli qo‘llanmaydi. Bunga yuqoridagi (mas. -да o’zak morfemasi) kabi misollardan istalgancha keltirish mumkin: брать-берёт-набрал-перебрал yoki летать-лётчик-лечу. Misollardagi бр yoki лт (леч) o’zak morfemalarini ajratib olib alohida holda ularga ta‘rif berib bo’lmaydi, chunki ular na grammatik va na leksik ma‘noga ega. Игра, играть, игрушка, проигрыватель yoki писать, письмо, пишу, писанный, писатель so’zlarining o’zaklaridan o‘ynamoq, yozmoq ma‘nolari anglashilib tursada, игр yoki пис o’zaklarini ham mustaqil qo‘llab bo’lmaydi.
O‘zbek tilidagi o’zaklar esa har qanday qo’shimchalardan holi bo’lganida ham mustaqil leksik va grammatik ma‘nolarga egadir. Masalan: ber–bo’lishli, aniq nisbat, II shaxs, birlik, buyruq maylidagi fe‘l, shuningdek uch-bo’lishli, II shaxs, birlik, buyruq maylidagi fe‘l, son turkumiga oid uch so’zi bilan omonimik munosabat hosil qiladi.
Ma‘lumki, o’zbek tilida qo’shimchalar so’z yasovchi, so’z o‘zgartuvchi va shakl hosil qiluvchilarga ajratiladi. Rus tilida esa so’z negizini hosil qiluvchi affikslar prefiks (uni pristavka deb ham atashadi), postfiks yoki suffiks va interfikslarga ajratiladi. Pristavkalar o’zakning oldidan qo‘shilib, odatda bir turkumga oid yangi so’zlarni hosil qiladi: вход, выход, заход, исход, доход, приход, расход va h.k. o’zakning ketidan qo‘shiluvchi suffiks (postfiks)lar yordamida esa turli turkumlarga mansub so’zlar yasaladi. Masalan, -e suffiksi sifat o’zaklaridan fe‘llar hosil qiladi: белеть, синеть, желтеть; -н suffiksi bilan esa ot o’zaklaridan sifatlar yasaladi: железный, бумажный, книжный, автобусный. Rus tilida prefiks va suffikslar nihoyatda ko’p bo’lib, ular faol yasovchilar hisoblanadi. Interfikslar esa faqat qo‘‘shma so’zlarni yasashda ishtirok etadi. O‘zbek tilida ikki yoki uchta so’zni hech qanday vositasiz birlashtirib, yangi so’z hosil qilinaveradi: gultojixroz, belbog’, qo‘lqop. Rus tilida esa qo‘shma so’z hosil qilish uchun birlashtirilgan o’zaklar o’rtasida albatta –o yoki –e interfiksi bo’lishi shart: пароход, самолёт, пулемёт, вездеход, дымоход va h.k.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, so’zlarni birbiriga bog’lash uchun xizmat qiladigan qo’shimchalar rus tilida okonchanie, ya‘ni tugalma deb ataladi. Tilshunos V.I.Koduxov rus tilidagi bunday qo’shimchalarni fleksiya, turkiy tillarda mavjud qo’shimchalarni prilepa (ya‘ni yopishgich) deya atab, ulardagi tafovutlarni quyidagi ikki jihat bilan isbotlashga uringan edi: 1) Fleksiya polifunksional, prilepa esa monofunksionaldir: розу so’zidagi -у fleksiyasi so’zning jenskiy rod, birinchi turlanish guruhiga mansub, birlik, tushum kelishigida ekanligini bildiradi, atirgulni so’zidagi -ni qo’shimchasi esa faqat tushum kelishigiga ishora qiladi holos. Buni yuqorida –a qo’shimchasi misolida ham ko‘rib o‘tgan edik. 2) Fleksiya ko’p variantli, prilepa esa bir ko‘rinishga ega. Masalan, o’zbek tilida so’zlarning ko’plik shakli birgina –lar qo’shimchasi yordamida hosil qilinadi. Rus tilida ko’plik qo’shimchasining –ы, -и, -а, -я, -ые, ие kabi turlari bor (школы, книги, дома, листья, столвые, рабочие).
Rus tilida uch xil rod mavjud bo’lganligi uchun, otlar rodlari va tugalmalaridan kelib chiqib, kelishiklar bo‘yicha turlanuvchi uch guruhga ajratiladi. Bu masalaga ot mavzusini o‘rganayotgan paytimizda alohida to‘xtalamiz. Ammo shunday so’zlar ham borki, ular odatda turlanmaydi, ya‘ni kelishiklar bo‘yicha ma‘lum tugalmalarni olib o‘zgarmaydi. Bunga kofe, ragu, taksi, palto, kino kabi o‘zlashmalar misol bo’la oladi. O‘zbek tilidagi kelishik qo’shimchalari esa har qanday o‘zlashma so’z bilan ham birika oladi: kompyuterni, kompyuterga,taksini, taksiga, kinoda, kinodan, samolyotni, samolyotning.
Do'stlaringiz bilan baham: |