VI bob Islom, Irigaray101 va jins masalasi Rasuli akrom aytdi: ayolning aqli erkaknikidan ustun, ular erkaklar yuragining sohibidir. Biroq johil kishilar ayollardan ustun, ular hayvonlarga xos vahshiylik domiga tushib qolgandir. Ularda na ezgulik, na shafqat, na sevgi bor, chunki ular tabiatida hayvoniylik ustunlik qiladi. Muhabbat va ezgulik insoniy fazilatlardir; jahl va shahvatparastlik hayvonlarga xosdir. Ayol sizning mahbubangiz emas, Allohning tajallisidir. U yaratuvchidir - siz uni yaratilmagan deb aytishingiz mumkin. (Hazrat Mavlono)[98] 1969 yilgi feministlar harakatining bachadonigina bor edi. 1997 yilgi feminist harakatining bachadoni ham yo‘q. (Jermeyn Grir)[99] Ushbu bob ehtimol tutilgan haqiqat va an'anani qayta tasavvur qilishga da'vat etadi. Menimcha, bu o‘rinsiz zo‘ravonlikka sabab bo‘lmaydi, biroq u ayni kundagi
tenghuquqlilik, hurmat va ushbu bobdagi dinning evrilishlariga oid hikoyaning bir qismi bo‘lishga oid tashvishlarga sabab bo‘lishi turgan gap. Kimdir ushbu loyihaning muhimligini qayd etib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylashi mumkin. Qur'onning adolatli xudo xususidagi uqtirishi va ko‘pgina uyg‘onish vakillarining erkinlik xususidagi ritorik
gaplariga qaramasdan, islom qiroati bugungi kunda, Afg‘onistondami yoki Zanzibar[100]dami, bundan qat'i nazar, kamsitish amaliyotiga ochiqdan-ochiq rahnamolik qiladi. Bunday amaliyot dinning insoniyatga xizmat qilishday olijanob maqsadini shubha ostiga qo‘yadi.
Muhtaram o‘quvchim, kaminaga musulmon dunyosida din va jinsning keskin dialektikasidagi o‘yin holati deb hisoblayotgan mavjud holatni qisqacha bayon etishga ijozat bergaysiz. Biz bugungi madaniy dalillarni mustamlakadan so‘nggi eng yangi dunyoda yashash belgilari deb tavsiflashimiz mumkin. 20-asrning boshlarida mustamlakachining tenglik uslubi, simbiotik nuqtai nazardan, jins emansipatsiyasi uslubi bilan hamohang edi. Jins emansipatsiyasining ko‘zga ko‘rinarli jihatlari Misrning bosh muftiysi Muhammad Abduh (vaf. 1905 y.)ning va Qosim Aminning 1899 yili chop etilgan «Tahrir ul-Mar'a» maqolasida so‘z yuritilgan ko‘pxotinlilik va ilohiy qonunlarning keskin taftishi edi. Keng ommaning qo‘llab-quvvatlashi xususidagi da'volarga qaramasdan, o‘sha vaqtdagi tub islohotlarni - xoh 1926 yili shariatga asoslangan tuzumdan voz kechgan kamolchilar Turkiyasida, xoh Rizo Shoh Eronida bo‘lsin, yangi milliy kiborlar tayyorlagan, ulardan kam qudratga ega bo‘lmagan erkak kiborlar esa shahar ayollariga ozodlik berish bo‘yicha ijtimoiy dastur ishlab chiqishni tezlashtirgan edi.
Ayollarni ozod etish tili[101] va siyosatida erkaklar ustunlik qilgan paytlar ular tez-tez ikki tomonlama begonalik hissini tuyar edi. Ayollarni ozod etish harakati alal-oqibat nosirizm va baasizm singari vakolatli sotsialistik millatchilik jarayonlariga qo‘shilib ketdi. Nosirizm islomga xos edi, chunki erkak qonun chiqaruvchilar bu ozodlikni majburan joriy etdilar, sababi, uning mahalliy yoki ilohiy kitoblarda qayd etilgan asosi o‘z ahamiyatini yo‘qotib borayotgan yoki (kommunistik boshqaruv domidagi musulmonlar muhitida) jangarilik holatida emas edi. Baasizmni esa davlat yuritayotgan bo‘lib, so‘zamollik va qonunchilikka qaramasdan, u ayollarning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini yetarli emas deb topdi. Demokratik hisob berish yoki an’anaviy zodagonlarga xos sharaf kodeksining yo‘qligi tufayli yuqori mansablardagi kishilar o‘rtasida korruptsiya va kalondimog‘lik urchib ketdi. Bu aksariyat hollarda mehnat taqsimotining an’anaviy shakllarini qayta tasdiqlash ustidan o‘z nazoratini o‘rnatdi. Ko‘pincha bu ko‘hna aslzodalarning barham topishi va ular o‘rniga ayollarga xos tana tuzilishi dehqonlarga borib taqaladigan harbiy kishilarning paydo bo‘lishida yaqqol ko‘rindi.
Mustamlakachilikdan so‘nggi inqilobchi avlod birin-ketin dunyodan o‘tib ketayotgan eng yangi davrda bu ikki barobar begonalashuv musulmon ayollarning murakkab javob harakatlariga sabab bo‘ldi. Bu harakatlar ularning an'anadan g‘arb feminizmi nazariyotchilaridan o‘rganilgan sxemalar foydasiga ateistlarcha voz kechib yuborishidan to o‘rta asrlar shariatining keskin maslak tafovutiga oid hukmlarini ishonch bilan qayta tasdiqlashgacha bo‘lgan sipehri - spektrida zuhur bo‘ldi. Misrda Zaynab al-G'azaliy va Safinaz Kozim singari ayol yozuvchilar feminizmni madaniyat mustamlakachiligi sifatida mazax qiladi, ular G'arbning yolg‘iz otalik yoki onalik va ajrashish singari ijtimoiy muammolarini bir-bir sanab o‘tar ekan, ularga ayollar harakatiga esh bo‘lgan holat deb qaraydi hamda ko‘pincha hanballashtirishni, musulmonlarning muqaddas kitoblarini o‘qishni muammo yechimi sifatida tavsiya etadi.
Ushbu qutblashuv yirik madaniy qutblashuvning kichik bir bo‘lagidir, u zamonaviy musulmon madaniyatlarida g‘arblashgan milliy aslzodalarni o‘sib borayotgan quyi-o‘rta islomchi sinflardan ajratib turadi. Ammo bu qutblashuv kerak bo‘lganda nisbatan murakkab strategiyalar bilan birga yashashga majbur. Keyingi o‘n yil ichida g‘arb tamadduniga bo‘ysunish va muqaddas kitoblar aqidalarini tushuntirishda bo‘shanglik qilayotganlikda ayblanishi mumkin bo‘lgan yangi musulmon mutafakkirlari avlodi paydo bo‘ldi. Ular anaxronistik tarzda risoladagi o‘tmishdan ham, boshqalarning bugungi kunidan ham, islom feminizmidan ham nusxa ko‘chirishni istamaydi. Turli-tuman mahalliy xususiyatlarga moyil bunday mualliflarni ta'riflash qiyin. Biroq ba'zan ular sobiq marksistlar bo‘lib chiqadi. Buning yorqin misoli Aziza al-Hibriydir. Boshqalari esa Turkiyada. U yerda 90-yillarning boshida kommunizm obro‘siga putur yetishi ziyolilar, yozuvchi va siyosat faollarining islom tomon yuz burishini tezlashtirdi. Ikki turk juvoni: Zakiya Demir va Zakiya O'g‘uzxon ushbu tamoyilning vakilalaridir. Zakiya O'g‘uzxon «Bir ro‘molning kundaligi» asarida kamolchilarning ayollarni yangilik uchun an'anadan ozod bo‘lishga majbur etishi hanuz ularning ozodlikdan mahrum bo‘lib qolayotganiga sabab bo‘lgani kinoya bilan bayon qilinadi. Turkiya sharoitida ayollar dindorligiga universitetlar va hukumat idoralarida jinoyat deb qaralishi bunga misoldir. Demirning 1998 yili «Modern va postmodern feminizm» nomi bilan chop etilgan kitobida feminizm mintaqaviy bo‘laklarga bo‘linib ketganini ham, turkiy-islomiy feminizmning vahhobiylik ko‘rinishidagi tarixiy ildizi bo‘lmagan harfxo‘r germenevtikasini ham, usmonlilar imperiyasining sentimental sadoqatini ham tan olmaydigan tarzda rivojlanishi xususida fikr yuritiladi. Bu Demir xonim Qur'onning asosiy ozod etish etosi - xususiyati deb biluvchi holatni izlab topish uchun kerak. Uning ishonishicha, musulmon ayollar dastlab patriarxat mualliflik qilmagan, ammo og‘zaki, xalq og‘zaki ijodida yashab kelgan hikoyalarni erkaklar hukmronlik qilmaydigan va ular tadqiq eta olmaydigan saltanatda gapirib berishi va avaylab-asrab yurishi mumkin. Ushbu hikoya qayta tiklanishi kerak: biz Bahriya O'chakning "Hukmdor turk ayollari" kitobidagiday, faqatgina aslzodalarnigina emas, boshqa oddiy taqvodor ayollarning hayotini ham aks ettirishimiz lozim. Uning ta'kidlashicha, bu biz ham mansub bo‘lgan hikoyadir va biz uni hech qachon sotmasligimiz kerak. Buning o‘rniga unga manzarasi va iqlimi hozirgi dunyo bo‘lgan yangi bob yozishimiz zarur.
Islomning yetakchi tamoyilidan og‘ib ketishiga qaramasdan uning aslini saqlab qolishga intilayotgan ko‘plab islomchilarning o‘zi va muslima mutafakkir ayollar germenevtikaga yuz burdi. Germenevtika muqaddas qo‘lyozmalarni androtsentrizm[102]ga yo‘l qo‘ymaslik orqali qayta o‘qish imkonini beradi. Binobarin, Stenford universitetining huquqshunos olimasi Syuzan Okinning yaqinda «Boston revyu»da «Ayollar uchun ko‘pmadaniyatlilik yomonmi?» nomi bilan chop etilgan maqolasiga javoban Aziza AlHibriy qarshi savol beradi: «G'arbning patriarxal feminizmi uchinchi dunyo va kamsonli (millatlar) ayollar(i) uchun yaxshimi?" (Ushbu munozarani Prinston universiteti bundan ikki yil muqaddam chop etgan edi.) Al-Hibriy ayni paytda musulmon mutafakkiri va Virjiniyada huquqshunos olima bo‘lib xizmat qiladi. U G'arbdan tashqarida bo‘lgan feminizm istiqbolini kechirib bo‘lmas imperialistik yoki hatto missionerlik va «boshqalarni qutqarish»ga qaratilgan kalondimog‘lik loyihasi deb hisoblaydi. Postmodern kontekstda boshqa bir tizimga o‘z cheklashlarini joriy qilishga bunday urinishlar Liotar «terrorizm» deb atagan narsaga to‘g‘ri kelishi hali isbotlanmagan. Al-Hibriyning tahlilida Okin diniy reduktsionizm[103]da nisbatan aybdor deb qaraladi. U «Yerga tushish» rivoyatidan iqtibos keltiradi va xristianlik, iudaizm va islomdagi qarashlardan qat'i nazar, Havoni gunohkor deb hisoblaydi. Muallif Qur'onda gunoh Havo bilan birgalikda Odam Atoga ham bab-barobar yuklanishi aytilganini ta'kidlab o‘tishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Al-Hibriyning nazdida, Okin «unchalik ahamiyatga ega bo‘lmagan (g‘arblik bo‘lmagan) Boshqa haqida baralla gapirishi bilan» G'arb feministlarining tipik vakilasidir. O'sha Boshqa[104], hatto bahsga kirishgan taqdirda ham shunchalik ahamiyatsizki, u boshqalardan ajralib turmaydi va ovozi ham o‘zgacha jaranglamaydi. Munozara chog‘ida faqat ustun tarafninggina ovozi va qarashlari bayon qilinishiga izn beriladi.[105] Hozircha Al-Hibriyning tahlili baquvvat ko‘rinadi, Okinning kechroq bergan javobi esa ishonarli emas. Biroq Al-Hibriyning javobi musulmon feministlaridan birining odatiy javobidir. Unda masalaga fiqh darajasida yondashiladi. Men uning qarashlari e'tiborga molik bo‘lgani uchun kattaroq iqtibos keltirmoqchiman:
Musulmon feministlari, joriy etilgan huquqiy printsiplar va musulmonlarning maslahati nuqtai nazaridan mavjud islom yurisprudentsiyasini tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqishi kerak. Natija uch tomonlama strategiyadan iborat bo‘ladi. Birinchidan, diniy amaliyotdan oddiy amaliyotni ajratish. Bu hol musulmonlarning ba'zi bir o‘zgarishlarga, xususan, sof madaniy o‘zgarishlarga bo‘lgan qarshiligini kamaytirgan bo‘lur edi. Ikkinchidan, mavjud yurisprudentsiyani undan nomaqbul madaniy unsurlarni topish uchun taftish qilib ko‘rish. Uchinchidan, islom yurisprudentsiyasiga vaqtni, joyni va musulmonlar maslahatini hisobga olgan holda hissa qo‘shish [...] Bunday murakkab va ko‘p vaqt talab etuvchi loyihani kesib tashlash yoki dunyoviy feministlarning sabrsizligi tufayli bekor qilish mumkin emas[106].
Afsuski, hamma balo tafsilotlarda: islomiy huquq nazariyasi bilan qilinadigan germenevtik yamoqchilikdan qaysi biri ushbu kamchiliklarni to‘ldirishi mumkinligini hech kim aytib bera olmaydi. Qur'onni oldingi matn o‘rniga to‘rt nafar ulkan va boshqa ko‘plab kichik faqihlar tomonidan qayta yozilgan deb talqin qilish islohot uchun zarur strategiyani taqozo qiladi, biroq buni tarixiy sharoit taqozosi va dekonstruktsiya[107] jarayonlarini qo‘shgan holda murosasiz yo‘l bilan amalga oshirish yurispridentsiyaga keskin o‘zgarishlar kiritadi, bunga o‘xshash har qanday matn kenozisi[108]ni dunyoviylashtiruvchi va bo‘lginchi tushunchalar biror samara berishi dargumon.
* *
Bu mening musulmonlarning jins xususida fikr yuritadigan yozuvchilari o‘zini qaerda deb bilishlari xususidagi muqaddimamga yakun yasaydi. Ko‘pincha zamonaviy islomda murosaning paydo bo‘layotgani ham ko‘zga tashlanmaydi. Biroq odam har qanday islohot siyosati, u munosabatlarga, tarixga nazarga yoki shariatning o‘ziga nisbatan bo‘ladimi, bundan qat'i nazar, ilohiyotshunoslik aniq-tiniq ko‘rsatma bermagan bo‘lsa, diniy o‘tmishga daxldorlik emas, aksincha, unga butunlay begonalik hissini tuyish yo‘li bilan chin ma'nodagi islohotchi bo‘la olmasligini tushunmaslikdan faqatgina o‘zi zarar ko‘rishi mumkin.Bu hol, men gumon qilishimcha, islom islohotchiligidagi umumiy bir xatodir: masalan, Shohrur yoki Vail Xalloq taklif etayotgan yurisprudentsiyadagi islomiy tushunchalarni qayta ko‘rib chiqishni, ular fiqhning diniy talablarini e'tiborga olmayapti, meros - turasni muammoli narsa deb hisoblayapti, degan qarash bilan tan olish oson emas. Biroq shariat hukmlarini tanlab-tanlab istifoda etarak, pala-partish g‘arblashtirishni bartaraf etishga urinib ham ko‘rmaslik dindor ommani ishontirmaydi, ilohiyotshunoslikni mohiyatan har bir shar'iy tahlil uchun zarur deb hisoblovchi jiddiy tahlilga ham dosh bera olmaydi: bunday holatda postfundamental usul xususida gap bo‘lishi mumkin emas. Menimcha, Al-Hibriy, Xalloq va boshqa islohot tarafdorlarining odatiy ovozi islom yurisprudentsiyasini usulsiz joriy etishni taklif etishmoqda: buning ma'nosi chin ma'noda dunyoviylashtiruvchi qonunni ildiz-pildizi bilan qo‘porib tashlashni nazarda tutadi.
* *
Mening ushbu ilohiyotshunoslik inqiroziga qarshi qilmoqchi bo‘lgan ishim aksariyat hollarda islomiy tadqiqotlarda e'tiborga olinmagan nazariy feministik tushunchalarni batafsilroq sharhlashdan iborat. Bu hol har qanday tan olingan islomning jins xususidagi diskursining ma'naviy yashovchanligi xususidagi keskin munozaralarga bir oz oydinlik kiritishi mumkin. Afsuski, bu o‘rinda men vaqtimni sarflay olmaydigan foydali sohalar ham bor: masalan, islomga asos solinish tarixini o‘qishning ilojsizligi yoki yangi molekulyar biologiya zarurati.
Men faqat o‘zimni tashvishlantirayotgan ikkita soha bilangina cheklanaman: birinchidan, ilohiyotning jinslardan tarkib topishi; ikkinchidan, jinsga oid ijtimoiy tafovutning qonunlarda emas, balki insoniy munosabatlarning ko‘plab nozik qutblashuvida yaqqol namoyon bo‘lishi. Ma'rifat davri tushunchasiga ko‘ra, musulmonlar shu orqali Vujudni his etishga harakat qilgan. Tajriba sifatida o‘tkazilayotgan ushbu munozarada mening sheriklarim zamonaviy frantsuz feminist faylasufi Lyusi Irigaray va 13-asrda yashab o‘tgan ispan so‘fiysi Ibn Arabiy bo‘ladi. Men ularni mavhum bilishning jinsga oid dialektikasiga yechim topib beruvchi bir pulga qimmat himoyachilar sifatida tanlaganim yo‘q. Musulmon tafakkurida kimdir Boshqaning qat'iy va egamen o‘ziga xosligini tasdiqlash orqali Ma'rifat davri excendence[109]ini afzal bilishi mumkin.
Muhtaram o‘quvchim, menga avvalo Irigaray qarshi chiqayotgan ushbu holatni qanday tushunishimni bayon etish orqali ishga kirishishga ijozat bergaysiz. Madaniy o‘ziga xoslikning g‘arbcha konstruktsiyalari Martin Haydeggerning ontologiyasiga mos keladi va ularga aynan o‘sha ontologiya muayyan shakl bergan. Aksariyat hollarda qayd etilayotganiday, Haydegger o‘zining "insonga oldindan hech qanday mohiyat berilmaydi" degan qat'iyati bilan (Yevropa) qit'a(si) falsafasidagi postmodern harakatga asos soldi. G'arbning falsafiy va ilohiyotshunoslik tafakkuri ob'ektlarga xos bo‘lgan «mavjudlik mulk yoki mohiyatdir" degan g‘oyadan xalos etilishi lozim. O'zimiz farqlaydigan va tasnif etadigan hodisalarni tushunish orqali ma'lum bir mulk deb hisoblaydigan mavjudlik biz unga yuklaydigan ma'nodan bo‘lak tarzda yashay olmaydi. Aslida bizning mavjudlik haqidagi insoniy tushunchamiz - amalda tushunchalar uni yaratadi - ularning madaniy jihatdan tuzilishiga mos emas; moslik bizni shakllantirgan narsa va tajribamiz hamda faoliyatimiz uchun javobgarligimizni aniqlagan va ular bilan murosaga kelgan taqdirimizdagina qaror topishi mumkin.
Bu holning feminizm uchun hozirlab berayotgan makoni haqida ko‘p gapirildi; ayni holatda moslik mavjudlik haqida madaniyat shakllantirgan tushunchalarni inkor etishdan emas, aksincha, ularni tan olishdan paydo bo‘ladi. O'z feminizmi uchun falsafiy asos yaratgan oz sonli musulmonlardan biri bo‘lgan Muhammad Arkun ushbu istiqbolli tushunchani Derrida orqali olar ekan, platonik va somiy ontologiya va jinsning mohiyati bor, deb hisoblovchi suhbatlarni haqiqiy deb bilishni inkor etish bilan bir qatorda merosni tan oladigan old-ontologiya avra-astarini chiqarib tashlagan moslik xaritasini chizadi. Arkun islom tafakkurining yunonlarga xos komponentlari - juzlariga, ya'nikim faqat uning gumanistik jihatlariga qiziqadi. Uni Miskavayh singari mutafakkirlar asarlarida zuhur bo‘lgan deb hisoblaydi. Boshqacha aytganda, Arkun Haydeggerning, teizmlar[110] o‘zining yunon va somiy modalligi[111] bilan «ishonchsizlik uyqusi"ga sabab bo‘ldi, undan faqat madaniy determinizm[112]ni tan olishgina uyg‘otishi mumkin, degan fikriga qo‘shiladi.
Bunday fikrlashning amaliy jihatdan, albatta, ko‘p taraflama noqulayliklari bor. Eng achinarli jihati shundaki, garchi feminizm va boshqa farqli loyihalarga o‘zini tenghuquqlilik xususidagi oddiy suhbatlardan avloroqman, deyishga imkon bersa-da, umuman madaniy bo‘lmagan mafkuralarga ham yo‘l ochadi. Albatta, Haydegger natsistlar partiyasining haqiqiy a'zosi edi. U xristianlik va yunon ontologiyasi af'yuni bilan zaharlangan xalqning dastlabki faolligini tilni lotinchadan kelib chiqqan atamalardan tozalash hamda milliy ruhni gotik illyuziya o‘rnini egallab borayotgan geometrik soflik vositasida ko‘tarish orqali qayta uyg‘otishga umid qilar edi. Haydegger buning uchun nemis folklor dunyosini va jamoa taqdirini ko‘z-ko‘z qilish muhim ahamiyatga ega deb bilar edi.
Ushbu loyihaga eng yaqin o‘xshashlikni Otaturk amalga oshirgan loyihada ko‘rish mumkin. Turk mustabidi ma'lum ma'noda Haydegger nazarda tutgan hukmdorlarning dastlabkisidir: u lug‘atlarni etnik jihatdan qayta tozalash, yalpi dunyoviylashtirish va yangi shaharlashtirish usuli orqali turkiy dasein[113] renessansini amalga oshirishga uringan edi. Mustabidning Anqaradagi maqbarasi buning yorqin namunasidir. Turkiyani, shuningdek, so‘nggi haydeggercha davlat sifatida baholash ham mumkin: 2000 yilda mo‘‘tadil islomchi rahbar Erbakan ishonchlilik doktrinasi nomi bilan hukm qilingan edi, bu doktrinadan hech qaerda, hatto Yevropada ham foydalanilmagan, eng kulgili jihati, turk modernizmi undan ulgi olish yo‘llarini axtargan. Boz ustiga, qarib qolgan Haydegger natsizm halokatga uchragach, o‘zi Gelassenheit - "o‘z holiga qo‘yish" deb atagan tushuncha foydasiga "qat'iy harakat tushunchasidan voz kechdi". Umuman olganda, "o‘z holiga qo‘yish" kamolchilarniki singari loyihalarga xayrixohlik bilan qaramaydi. "O'z holiga qo‘yish" usmonlilar tabiatiga xos jaranglaydi.
Turkiya bir vaqtning o‘zida yangilanishdan tashvishda bo‘lgan intellektual muhitga ega yagona davlat emas, u so‘nggi modernizmni qabul qilishga ro‘yxush berayotgani yo‘q. Baasizm loyihasi hanuzgacha Suriya va Iroqda nomigagina amal qilmoqda. So‘nggi 50 yil davomida arablarning birgalikdagi urinishi bir necha marta barbod bo‘lishiga qaramasdan, Fuad Ajamiyga o‘xshash kishilar tavsiya etayotgan hur arab millatchiligi g‘oyasi dolzarbligicha qolmoqda. Ammo dunyoviy millatchilar taklif etayotgan muqobil haqiqatlar intellektual jihatdan eskirib qolgani barobarida omma ko‘z o‘ngida o‘z jozibasini yo‘qotayotgani ayon bo‘lmoqda. Yangi haqiqat esa, arab dunyosidagi ibn Taymiyani qo‘llab-quvvatlovchilar xush ko‘radigan ideallashtirilgan yalpi o‘qishda yoki turk din huquqidagi o‘tmishni qo‘msovchi usmonliparastlik shaklida bo‘lishidan qat'i nazar, islomiyatdadir.
Payg‘ambarlik nomaqbul ish, biroq G'arb mutafakkirlari dastlabki paytda Haydegger dunyoviy jahonga o‘z-o‘zini tanib olish uchun qat'iy va qanoatlanarli tuzilma taklif eta olmaganidan so‘ng islomiyat o‘zining behisob jilvalari bilan jozibasini oshirib boraverishini tan olishi aqldan bo‘lur edi. Gelassenheit islom dunyosida axloqiy tanazzulni keltirib chiqardi: voiz minbardan turib dod-voy qilganiday, pornografiya va betartiblik urchib ketmagan bo‘lsa-da, siyosat va tijoratda hamma tan olgan dunyoviy axloqning yo‘qligi ancha tashvishlidir. Feministik islohotlar asosiy maqsadi kosmopolit G'arb ma'qullaydigan milliy obro‘ yaratish bo‘lgan siyosiy kiborlarning oddiy uslubi yoki ruhiy holatidir. Odatda bunday kiborlar orasida jiddiy axloq in'ikosi ko‘zga tashlanmaydi. Ko‘plab islomchilar milliy kiborlarni istehzo bilan tilga oladi, ular ko‘zdan panada siyosiy korruptsiya botqog‘iga botib ketgan, biroq bo‘yin egishni istamaydigan aholiga feminizmni kun tartibidagi masala sifatida tiqishtirish payida bo‘lishdi. Marokkolik din faoli Nadiya Yasin yarim million marokkolik ishtirok etgan yangi qonunlarga qarshi namoyishda - uni Dunyo banki qo‘llab-quvvatlagan edi - jinsga oid shariat qonunchiligini bekor qilishni taklif etgan edi. Davlat homiyligida o‘tgan feminizmni yoqlovchi namoyishda esa undan 10 barobar kam odam ishtirok etdi. Yana bir gap: musulmon ommasi tajribasi feminizm deganda liberal tuzimlarni tushunmaydi, uni ko‘pincha Marokko qiroli saroyi, kamolchi Turkiya, Rizo shoh Eroni singari avtokratiyalar himoya qiladi.