Oysha joyidan sakrab turib nari ketganida Rasululloh bilan bir ko‘rpada yotgan edi.
Rasululloh undan: «Nima bo‘ldi? Qon ketyaptimi?» deb so‘radi. Oysha, ha, dedi. Ul zot:
«Belingdagi bog‘ichni sirib bog‘la-da, kelib joyingga yotaver», dedi.
Bular ibtidoiy odamlarning turli hodisalardan qanday xavotirga tushganini ko‘rsatuvchi belgilar, biroq ular juda kam uchraydi. Islomning inson tabiatiga yaqinligi tufayli qudsiylikning insoniy mayllarni siquvga olish evaziga paydo bo‘lib qolmasligini muntazam uqtirib keladi. Biz tananing qo‘rquv orqali idrok qiladigan tabiiy ritmlarini e'tibordan soqit qilmasligimiz, qaytanga ularni diniy marosimlarga qo‘shib qo‘yish orqali boshqarishimiz kerak. Binobarin, ayol kishiga har oyda bir necha kun ibodat va ro‘za tutishni to‘xtatib turishiga izn beriladi. Ba'zi bir feministlar buni ayol zoti ma'naviyatining pasayishi deb, musulmon ayol ilohiyotshunoslari esa unga nisbatan hurmatning zuhur bo‘lishi deb, Ruqiyya Maqsud singari boshqa birovlar esa mushkul vaziyatda diniy majburiyatlarni bajarishni yengillatish deb hisoblashadi. Diniy majburiyatni bajarishdan ozod qilish masalasi yo gumonli, yoki yumshoq germenevtika bilan hal etiladi va umumiy holda talqin qilishga qarshilik ko‘rsatadi.
Musulmonlar e'tiqodning asosiy ruknlarini bajarishni ikkala jins vakillariga ham baravar vojib qilish bilan islom ayollarning qadrini oshirganini qayd etadi: amallarni bajarishni har oy bir-ikki kunga qoldira turish asosiy printsipni buzmaydigan, pragmatik va saxovatpeshalikka asoslangan ijozatdir. Binobarin, besh ruknning jinslarga aloqasi yo‘q. Xuddi shuningdek, islomda ayollar qadami yetmaydigan muqaddas joylarning o‘zi yo‘q. Ayollar muqaddas Ka'baga kirishi mumkin. Quddusdagi ibodatxonaning ichki hovlisini rimliklar buzib tashlamasidan burun u ayollar kirishi mumkin bo‘lmagan joy edi, mabodo, u yerga biror ayol kirib qolsa, o‘limga hukm qilinardi. Musulmonlar shafeligiga o‘tganidan so‘ng u yerga ikkala jins vakillari ham qo‘yiladigan bo‘ldi. Binobarin, zarhal konstruktsiyasi haligacha Astronomik bog‘ ramzi bo‘lgan va Me'rojning Yer yuzidagi nuqtasini ifodalovchi Qoyalar gumbazi juma kunlari faqat ayollar ixtiyoriga berib qo‘yiladi, erkaklar esa uning yaqinidagi al-Aqsa masjidida ibodat qilishi mumkin. Xuddi boshqa joylarda bo‘lgani kabi bu yerda ham juma namozlari paytida erkak va ayollar alohida-alohida guruhlarga ajratiladi. Buning sababi ham pragmatik asosga ega va javob talab qilmaydi, ya'nikim, ibodat paytida erkak va ayollarning o‘zaro aralashishi va badanlarining bir-biriga tegib ketishi chalg‘ishga olib keladi.
Ayollar sacratum[182]ga kirishi mumkin, biroq ikkala tomonning ham yetakchi bo‘lishidan nima naf? Xudoning xaloskor so‘zi vositachisi kim? Agar iudaizmda ayollar Toraga yaqinlasha olmagan, xristianlikda prichastie marosimida ishtirok etolmagan bir paytda islomning diniy majburiyatlarni bajarishdan ozod qilishi ularga ayollar huquqini xuddi zikr etilgan dinlarga o‘xshab, cheklab qo‘yadimi?
Islom bu o‘rinda muqaddas joylarni ularning ichida aks sado beradigan so‘zning tajallisi qadar kengaytiradi. Shariat uchun kitobga asos bo‘lgan kalom ayollar qo‘l tekkizishi va qiroat qilishi uchun ochiqdir. Qur'onning ilk matniga vasiylik qilish erkak kishiga emas, aynan payg‘ambarning zavjayi muhtaramasi Xadichaga ravo ko‘rilgani ham ramziy ma'noga ega.
Ilohiy kalomni jamoa bo‘lib o‘qish haqida gap ketganda, ayollarning o‘rni xususida islomning qiyosi yo‘q ekanini aytib o‘tish kerak, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababga ko‘ra, islom hech kimni - erkakmi, ayolmi - bir-biridan ustun qo‘ymaydi. Ibtidoiy Alastni yodda tutishimiz va Buyuk Ahdga imon keltirishimiz barchamizga chinakam taqvo ajrlarini yozadi. Ular biz qanchalik yodda tutsak, shunchalik azizdir.
Imom vositachilik qilmaydi, biroq ma'naviy yetakchi o‘z shogirdi uchun ibodat qilib, zikr usullarini taklif etish bilan vositachi bo‘lishi mumkin. Bu zamonaviy vahhobiylik faolligining ayollarga qarshi qaratilgan muqarrar qo‘polligi namunasidir. Bunday faollar uchun so‘fiy shayx hurmat qilinadigan emas, aksincha, yo‘qotilishi kerak bo‘lgan shaxsdir. Yuqorida zikr etilganiday, so‘fizm va islom boshlang‘ich ma'naviyatining boshqa shakllari ayollarni ko‘pincha dinning sof ekzoterik[183] ko‘rinishlarida mavjud bo‘lmagan yo‘llarga solar edi: o‘z shogirdining shakllanishi va uni yo‘lga solishda ta'sir ko‘rsatuvchi so‘fiy shayx ko‘pincha muayyan kishilar yoki jamiyat uchun masjidning imomidan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega edi. Shayx u yoki bu jins vakili bo‘lishi ham mumkin edi. Buning yorqin va teran namunasi sifatida zamonaviy Livan avliyosi Fotima al-Yashrutiyyani misol qilib keltirish mumkin. Bunday misollar juda ko‘p. Ko‘pincha masjidlar faqat erkaklar boradigan joy bo‘lib qolgan musulmon jamiyatlarida payg‘ambar maqbarasi yoki avliyo kishining ayollarga ularning gullagan ta'sirchan ma'naviyatiga mos topib bergan muqaddas joy, Irigaray qayd etganiday, to‘g‘ri chiziqdan ko‘ra, yopiq aylana ichidadir. Shu ma'noda, Falastin ayollari uchun ba'zi bir payg‘ambarlarning maqbaralari nechog‘liq ahamiyatli bo‘lganini qayd etib o‘tish kerak. Vahhobiylikning, Madinadagi maqbarani istisno qilganda, ayollarning jamoat joylarida har qanday ko‘zga tashlanishi bilan bog‘liq asabiylashuvi ularning bunday ahvolga barham berish yo‘llarini axtarishidan dalolatdir. Bu masalada Rasulullohning qabri paradigma sifatida emas, istisno deb qaraladi.
Shunga qaramasdan, keyingi yillarda ayollarning imomlikka o‘tishi masalasi, garchi ular orasida bunday ziddiyatli vazifani bajarishga ro‘yxushlik beradigani kam bo‘lsa-da, bir necha jamoalarda ko‘tarilgan edi. Majid imomining avliyolarga xos vositachilik vakolatlaridan birortasini ham da'vo qilishga haqqi yo‘q: u in loco divinis[184] tura olmaydi; ammo vaqtni belgilash, ibodatga keluvchilar harakatini muvofiqlashtirish va jamoaning birligini ko‘rsatish uchun u masjidda bo‘lishi kerak. Garchi ba'zi bir madaniyatlarda uning zimmasiga qo‘shimcha ravishda ruhoniy maslahatgo‘ylik vazifasi yuklansa-da, bu shar'iy talab emas. Islomning sunniy oqimi mazhablarining to‘rttalasida ham bugungi kunda jamoada erkak kishi bo‘lsa, imom erkak bo‘lishi vojibligi qabul qilingan. Ko‘pgina kalom ilmi nuktadonlari agar jamoadagilarning barchasi muslimalar bo‘lsa, ayol kishining imom bo‘lishiga izn beradi. Biroq ayollar erkaklarga imom o‘tishi mumkin emas. Na Qur'onda, na hadislarda buni tasdiqlaydigan biror matn bor: bu - o‘rta asrlarda qaror topgan o‘zaro murosaning mahsuli. Faqat ayrim kishilargina buni shubha ostiga oladi. Shundaylardan biri Ibn Arabiy bo‘lib, u ayollarning ibodat paytida erkaklarga imom o‘tish huquqini himoya qilib chiqqan edi[185]. Aslida musulmon dunyosidagi ayollardan chiqqan faollar imomlikda obro‘-e'tibor va vakolatning yo‘qligi tufayli bunday ahvoldan deyarli tashvishga tushmagan edi. Biror kishi masjid imomi bo‘lmay turib ham diniy peshvo bo‘lishi mumkin. Buning tasdig‘i sifatida Umm Hani, Oyisha al-Ba'uniyya va Karima al-Marvaziyya singari o‘tmishdoshlarining zamonaviy Misrdagi vorisi bo‘lgan Bint ash-Shatiy singari kalom ilmi mutaxassislarini misol qilib keltirsa bo‘ladi.
Shu kungacha kechgan bahs-munozaralar shariat masalalariga daxldor bo‘lgan metafizika hududlarini oralab susayib bordi. Ko‘rib turganimizday, islom kalom ilmi nuqtai nazaridan erkak va ayol jinsiga oid printsiplarda tenghuquqlilikka moyildir, shu bilan birga, u amaliy ijtimoiy tuzilmalarda tafovut joriy qiladi. Bu paradoksni tushunish jins bilan bog‘liq islomiy falsafa mohiyatini tushunishdir, ushbu falsafa rollarni yuqoridan pastga qarab emas, pastdan yuqoriga qarab taqsimlaydi.
Musulmon dunyosi va tarixida ayollarning vazifasi turli-tuman bo‘lib kelgan.
Dehqon jamoalarida ayollar tashqarida ishlaydi; shahar zodagonlarining ahli ayoli esa aksariyat hollarda uyda bo‘ladi. Biroq hozirgi kunda ijtimoiy makon qat'iy ravishda jinssizlanib bormoqda, bu hol erkak va ayollarning nim zohidona kiyimlarida ko‘zga tashlanmoqda, bu makonda erkaklarning kiyimi aksariyat hollarda oq bo‘lsa, qora rang keng ma'noda ichkarining, Ka'baning va, binobarin, ilohiy Layloning belgisi bo‘lib, ayollikni ifoda etadi. Uy, ya'ni xususiy makonda ushbu belgilarning ahamiyati qolmaydi va uy ham, xuddi ijtimoiy makon qat'iy bo‘lgani va qutblangani singari, rang-barang bo‘lib qoladi. Jinsni muqaddas deb bilishni rad etadigan va tasodifiy shavqni qo‘zg‘atuvchi ishoralardan zavq oluvchi modernizm ijtimoiy makonni rang-barang qilish orqali "uy" deb hisoblaydi va ma'lum bir jins vakillariga nisbatan kamsitish deb qaraluvchi jinsga qarab ajratish qoldiqlariga qarshi urush e'lon qiladi.
Shariat diskursining boshqa jihatlari ham izoh berishni talab etadi. Islom qonunshunosligi - fiqhning batafsil shartlarini bir-bir ko‘rib chiqish, islomning jinslar tenghuquqliligi xususidagi qarashlari mantiqan to‘g‘ri bo‘lsa-da, rol va huquqlarning tengligini qaror toptirish mutlaqo teskari natija berishi mumkinligini individual misollar bilan tushuntirish bizning vazifamizga kirmaydi. Bunday loyiha, yaqinda Haifa Javod urinib ko‘rganiday, alohida bir kitob bo‘lishi mumkin edi; biz bir necha namunaviy masalalarni sharhlab berish bilan chegaralanishimiz zarur.
Balki musulmon jamiyatlarining eng ko‘p ko‘zga tashlanadigan xususiyatlaridan biri ayollar uchun an'anaviy bo‘lgan kiyim kiyish masalasidir. Ko‘pincha insonning shariat va musulmonlik qadr-qimmati erkaklar uchun ham alohida kiyim kiyishni nazarda tutishi esdan chiqib qoladi: musulmonlarning butunlay an'anaviy jamiyatlarida erkaklar jamoat joylarda sochini yashirib yuradi hamda qo‘l va oyoqlarigina ko‘rinib turadigan uzun va keng kiyim kiyadi. Ammo musulmon qonunchiligida ularning avrati aniq belgilab qo‘yilgan: erkaklar badanining kamida kindigidan tizzasigacha bo‘lgan qismini yopib yurishi kerak. Ayollar esa hadisga ko‘ra, yuzi, qo‘llari va tovonlaridan boshqa hamma joyini yopib yurishlari lozim.
Yana ayollarning hijob deb ataluvchi kiyimi ma'lum ma'noda «o‘qishni qiyinlashtiruvchi yashirin matn» hisoblanadi. G'arblik ba'zi bir feminist missionerlar buni patriarxat va ayolning kamtarona bo‘ysunuvchanligi ramzi deb biladi. Musulmon ayollar esa bunga o‘ziga xoslik deb qarashadi: 1970 yillarda shohga qarshi namoyishga chiqqan ko‘plab dunyoviy ayollar hijobni aynan shuning uchun va bo‘ysunmaslikning ashaddiy bayrog‘i sifatida kiyib olgan edi. Frants Fanon[186] 1950-yillarda jazoirlik ayollar frantsuzlar hukmronligiga qarshi norozilik belgisi sifatida hijob kiyib yurishganini qayd etgan edi. Biroq misrlik mutafakkir Safinaz Kozim aytganiday, hijob boshqa ayollar uchun yarim feministlikning tasdig‘i sifatida qaralishi kerak. O'zining nazokatini jamoatchilikka ko‘zko‘z qiladigan ayol «ko‘z bilan o‘g‘irlash» deb ataluvchi narsadan zarar ko‘radi, ya'nikim, notanish bo‘lgan erkaklar uning ruxsatisiz ruxsoridan bahra olishi mumkin. Ayol jismoniy mavjudot sifatida yuzini to‘sish orqali faqat oilasi yoki ayollar jamiyatigagina o‘z malohatini namoyish qilish sharafiga muyassar bo‘ladi. Hijobga zamonanaviy hayotning noqulay ob-havo sharoitida qo‘l keladigan axloqiy yomg‘irpo‘sh deb qarash islomiy ayolni an'ana yoki mazmundan emas, balki xo‘jako‘rsinga bo‘ladigan hasham va erkaklarning tasodifiy ko‘z zinosidan erkin deb hisoblash imkonini beradi. Ayollarning patriarxal bezak yoki huquqlardan mahrum bo‘lishiga feministlarning e'tirozi va bu hol ularning maqomini erkaklarga nisbatan pasaytiradi, deb hisoblashi, to‘g‘risini aytganda, hijobga nisbatan qarashlarda biror qadam ham olg‘a siljishni anglatmaydi.
Jinslarning roliga oid shariat tarbiyasi xususidagi bundan buyongi ziddiyatlar ko‘pnikohlilik atrofida bo‘ladi. Bu biologik sababi bejavob bo‘lgan sof ibtidoiy institut - qurimdir: Daukins va boshqalarning kuzatishicha, bu erkaklarning imkon qadar ko‘proq ayollarga ega bo‘lishday genetik mayli oqibatidir; buning teskarisi esa umuman kuzatilmagan. Stiven Pinker "Aql qanday ishlaydi" kitobida ko‘pchilikka ravshan bo‘lgan bir narsaga e'tiborni qaratadi: "Erkaklarning reproduktiv muvaffaqiyati necha ayol bilan nikoh qurgani bilan o‘lchanadi, ayollarning reproduktiv muvaffaqiyati esa necha erkak bilan nikoh qurgani bilan o‘lchanmaydi"[187].
Islomning tabiiyligi, uning fitrat borasidagi qat'iyati va bizning tabiiy tartibga haqiqiy mansubligimiz ushbu yaratuvchilik me'yorining shariat axloqiy muhiti ichida saqlanib qolishini kafolatladi. Islomdagi ko‘pxotinlilik aslida somiy institut - qurim ekani ayonlashadi, uning ibtidosi, Tavrotda qayd etilganiday, ko‘pincha urushda va ijtimoiy muhofaza tizimi ko‘zda tutilmagan vaziyatlarda bevalarni himoya qilish va jamiyatga qaytarishni ko‘zlagan qabila munosabatlariga borib taqaladi. Biroq u bundan-da universalroqdir: klassik induizm erkak kishiga to‘rtta xotin olishga ruxsat bergan, hozirgi kunda mormon[188]largina emas, ko‘plab xristianlar ham ko‘pxotinlilikni chin ma'nodagi Tavrot turmush tarzi sifatida qayta tiklashni yoqlab chiqmoqda[189].
G'arbdagi me'yoriy nikoh va munosabat aqidalarining inqiroziga duch kelgan ko‘plab zamonaviy mutafakkirlar ulgi olish mumkin bo‘lgan namuna sifatida ushbu ibtidoiy institut - qurimga yuz burmoqda. Brin Mor[190] kollejining antropologiya bo‘yicha professori Filip Kilbraydning "Bizning zamonamizda ko‘pxotinlilik: qayta kashf etilgan tanlov" kitobi katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Odri Chepmen xonim esa
Do'stlaringiz bilan baham: |