CHEKI “Hamkorbank” ATB Aviasozlik filialida pul muomalasini tashkil etish, ular bo’yicha me’yoriy huquqiy hujjatlar bilan tanishish va o’rganish
CHEKI “Hamkorbank” ATB va ularning filiallari mijozlarning naqd pullarga bo’lgan talabini o‘z vaqtida qondirish uchun majburiy tartibda aylanma kassalarini, shuningdek naqd pullar zaxirasini tashkil etadilar.
Naqd pul muomalasi — tovar va xizmatlar uchun, shuningdek aholi, xo’jalik yurituvchi subyektlar va banklar o’rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda banknot va tanga ko‘rinishida naqd pullarning uzluksiz harakati.
Naqd pul zaxirasi — aholi va xo’jalik yurituvchi subyektlarning naqd pulga bo‘lgan talablarini o‘z vaqtida va to‘liq qondirilishini ta’minlash maqsadida banklarda tashkil etilgan banknot va tangalarning zaxirasi.
CHEKI “Hamkorbank” ATB naqd pul muomalasining holatini muntazam ravishda o‘rganadi va tahlil qiladi, shuningdek aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning naqd pulga bo‘lgan talablari o‘z vaqtida qondirilishini ta’minlaydi.
CHEKI “Hamkorbank” ATB:
bank kassalarida amalga oshirilgan naqd pullarning kirim va chiqim amaliyotlarini tahlil qilishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadigan kassa ramzlaridan foydalanadi;
bank kassalariga kirim qilingan naqd pullarni filiallar, mijozlar va kirim manbalari bo‘yicha doimiy ravishda monitoring qilib boradi;
naqd pullar zaxirasini tashkil etadi va zarur bo‘lganda ulardan foydalanadi;
mijozlarning naqd pulga bo‘lgan talablarini amalga oshirish uchun bank kassalarida naqd pullarning yetarli miqdorda bo‘lishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Bank naqd pul muomalasining holatini hamda bu holatni tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish asosida naqd pullarning bank kassalariga kelib tushishi, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning naqd pulga bo‘lgan talablarini o‘z vaqtida qondirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritishi mumkin.
Aholiga va barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bank kassalaridan naqd pullarni berish, ularning bankdagi depozit hisobvaraqlaridagi mablag‘lari doirasida, kassa hujjatlarida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun amalga oshiriladi.
Qonunchilikda belgilangan hollarda aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularning bankdagi ssuda hisobvaraqlaridan naqd pullar berilishi mumkin.
Banklar aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga naqd pullarni ularning birinchi talabi bo‘yicha uzluksiz tarzda chiqim qilib berilishini ta’minlaydilar.
Bunda, bank kassalaridan mijozlarga naqd pullarni chiqim qilish ustuvor ravishda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya, nafaqa, stipendiya, xizmat safari xarajatlari uchun, shuningdek aholi omonatlarini qaytarish va unga hisoblangan foizlarni to‘lash uchun amalga oshiriladi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, shu jumladan budjet tashkilotlariga ish haqi va unga tenglashtirilgan, boshqa ijtimoiy to‘lovlar, stipendiyalar uchun naqd pullarni, ularning jamoa shartnomalari yoki boshqa lokal me’yoriy hujjatlariga asosan hamda xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan kelishilgan muddatlarda, bank kassalaridan olgan holda to‘laydilar.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun bank kassalaridan naqd pullarni berish muddatlarini kelishish vaqtida banklar tomonidan oydagi barcha kunlarga naqd pullarni oluvchi mijozlarni (ular bank kassasidan oladigan naqd pullar summalarini) imkon qadar bir tekisda taqsimlash zarurligi hisobga olinishi lozim.
Bank naqd pullar zaxirasini tartibga solish hamda mijozlarning naqd pulga bo‘lgan talablari o‘z vaqtida va to‘liq qondirilishiga erishish uchun har oyda “Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga bank kassalaridan naqd pullarni berish kalendari”ni tuzadi.
Kalendarda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga naqd pullarni berishning kelishilgan muddatlari va beriladigan naqd pullarning aniq miqdori oyma-oy qo‘yib boriladi.
Banklar tomonidan naqd pullarni mijozlarga berish, birinchi navbatda banklarning aylanma kassasidagi naqd pullar, shuningdek naqd pullar zaxirasi hisobidan amalga oshiriladi.
Banklar mijozlarining naqd pullarga bo‘lgan talablarini o‘z kassalarida mavjud bo‘lgan va barcha manbalardan tushishi kutilayotgan tushumlari hisobidan qondirish choralarini ko‘rishlari lozim.
Banklar mijozlarining naqd pullarga bo‘lgan talabini qondirish uchun har kuni naqd pullar aylanmasini, jumladan kassadagi naqd pullar, shuningdek naqd pullar zaxirasining kun davomida tushishi kutilayotgan naqd pul tushumlari naqd puldagi xarajatlarni amalga oshirish uchun yetarliligini tahlil qilib boradilar.
Agarda, bank kassasidagi naqd pullar qoldig‘i va o‘zining kunlik naqd pul tushumlari kun davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan naqd puldagi chiqimlarni qoplashga yetarli emasligi aniqlansa, u holda bank o‘z aylanma kassasiga madad pullarini olish uchun oldindan buyurtma beradi.
CHEKI “Hamkorbank” ATB bosh boshqarmasi:
tegishli hududdagi banklardan madad puli olish bo‘yicha kelib tushgan buyurtmalarni o‘rganib, tahlil qilib chiqadi;
bank aylanma kassasiga talab qilinayotgan madad pullari summasi va aylanma kassalarni naqd pullar bilan ta’minlashga ruxsat berishni hisobga olish uchun qaydnomadan foydalaniladi (ushbu qaydnoma asosida banklarga madad pullarini yetkazish uchun tegishli farmoyish tayyorlanadi);
tegishli hududdagi banklar o‘rtasida naqd pullarni qayta taqsimlash yoki Bosh boshqarmalar HKKM aylanma kassasidagi naqd pullar hisobidan tijorat banklarining naqd pulga bo‘lgan talablarini qondirish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘radi.
Banklar aylanma kassalarini naqd pullar bilan ta’minlash banklarning vakillik hisobvarag‘idagi mablag‘lar doirasida, zarur hollarda Bosh boshqarmalarning HKKM zaxira jamg‘armalaridagi naqd pullardan foydalangan holda, cheklanmagan miqdorda amalga oshiriladi.
Bosh boshqarmalar o‘zining HKKMdagi aylanma kassasini zarur hollarda Markaziy bankning zaxira jamg‘armasidagi naqd pullar bilan to‘ldirishga ruxsat so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga maxsus dastur orqali telegramma bilan buyurtma beradi.
Mazkur telegramma Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan imzolanib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Naqd pul muomalasini tashkil etish departamentiga yuboriladi.
Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasini Markaziy bankning zaxira jamg‘armasidagi naqd pullar bilan ta’minlashga ruxsat berilishini so‘rab jo‘natilgan telegrammada quyidagilar ko‘rsatiladi:
dastlabki uchta belgi Bosh boshqarmaning aylanma kassasiga naqd pul berish haqida oxirgi marta olingan ruxsatnoma raqamining oxirgi uchta raqamiga, oxirgi ikkita raqami esa telegrammaning tartib raqamiga muvofiq beshta belgidan iborat nazorat raqami (telegrammalarga har yili yangilanadigan tartib raqamlari qo‘yiladi);
aylanma kassani zaxira jamg‘armasidagi naqd pullar bilan ta’minlashga ruxsat so‘rab berilgan buyurtma (kodli so‘z bilan);
aylanma kassani ta’minlash uchun zarur bo‘lgan naqd pul summasi (kodli so‘z bilan).
Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasini naqd pullar bilan ta’minlashga ruxsat so‘rash tegishli hududdagi tijorat banklaridan kelib tushgan buyurtmalar ham hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasini Markaziy bankning zaxira jamg‘armasidagi naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha ruxsatnoma buyruq asosida Markaziy bankning zaxira jamg‘armalarini tasarruf etish vakolati berilgan Markaziy bank Raisining o‘rinbosari tomonidan imzolanadi va maxsus dastur orqali yuboriladi.
Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasidan banklarning aylanma kassalariga madad pullarini yetkazib berish, Bosh boshqarmalar farmoyishiga asosan, inkassatsiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasini madad pullari bilan ta’minlash bo‘yicha olingan buyurtmalar va berilgan ruxsatnomalar hisob-kitoblarini yuritadilar.
Banklarning 10101 — “Aylanma kassadagi naqd pullar” va 10111 — “Amaliyot kassalaridagi naqd pullar” hisobvarag‘idagi qoldiqlardan kelib chiqqan holda Bosh boshqarmalarning tegishli farmoyishlariga asosan ehtiyojidan ortiqcha naqd pullar HKKMga yoki naqd pul so‘rab buyurtma bergan banklarga jo‘natiladi.
Banklardan naqd pullarni Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasiga olib kelish yoki qayta taqsimlash hisobiga boshqa banklarga yetkazib berish Bosh boshqarmalar farmoyishiga asosan, inkassatsiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.