Bugungi kunda yurtdoshlarimiz chet elda faqat qora mehnat bilan emas, ilm-fan, bank-moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiya sohalarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ana shu holatni inobatga olib, xorijda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan fuqarolarimizga bo‘lgan munosabat bugungi kunda tubdan o‘zgarib borayotganini ta’kidlash zarur. O‘zbekiston hukumati bundan buyon o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama himoya qiladi. Bu ishlarni amalga oshirish yo‘lida birinchi qadamlarni boshladik. Rossiya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekistondan maxsus delegatsiyalar borib, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |