Androsteroma.
Buyrak usti bezi qobig’ining to’rsimon sohasida
rivojlanadi. Klinik manzarasi androgenlarning ortiqcha ishlab chiqarilishi bilan
bog’liq. Kasallik navqiron va etilgan yoshda paydo bo’ladi. Ko’proq ayollar
kasallanadilar. Bolalik yoshida qizlarda gipertrixoz paydo bo’ladi, bo’y o’sishi
tezlashadi, mushaklari haddan tashqari rivojlanadi, tovushi past, dag’al bo’lib
qoladi. O’g’il bolalarda barvaqt voyaga etish kuzatiladi, bo’yi baland emas,
oyoqlari kalta. Ayollarda erkaklarga xos jinsiy belgilar paydo bo’lib
maskulinizatsiya belgilari yuzaga keladi – teri ostidagi yog’ qatlami kamayadi,
mushaklari tez rivojlanadi, ko’krak bezlari atrofiyaga uchraydi, hayz ko’rish
faoliyati buziladi; ko’pincha girsutizm paydo bo’ladi. Bemorning gormonal
faoliyati tekshirilganda siydikda 17-KS miqdorining juda ko’pligi namoyon
bo’ladi. O’smaning joylashuvini aniqlash uchun UTT va KT qo’llaniladi.
Davolashda xirurgik usul ishlatiladi – bemorlarga adrenalektomiya
operatsiyasi bajariladi.
132
AORTA VA MAGISTRAL ARTERIYALAR TARMOQLARI
KASALLIKLARI
Xozirgi zamon angiologiyasi o’z ta’sirini kardiologiya, terapiya,
gastroenterologiya, seksologiya, nefrologiya, transplantologiyaning bir qator
muammolariga yo’naltiradigan fandir. Angiologiya tufayli yurak ishemiyasi,
miya, arterial gipertenziya kabi xastaliklarning patogenezini qayta ko’rib chiqish
imkoniyati yaratildi. Tomirlarning ilgari ma’lum bo’lmagan yangi kasalliklari –
nospetsifik aorto-arteriit va fibroz-mushak displaziya diagnostika qilinyapti va
o’rganilyapti.
Anatomik-fiziologik xususiyatlar
Shunday qilib, tomirlar xirurgiyasining ta’siri xozir g’oyatda katta va undan
go’yo uzoqda turgan tibbiy ixtisosliklarga ham tarqaladi. Shularning hammasi
tibbiyot oliy bilimgohi talabalarini angiologiya va angioxirurgiyaning xozirgi
holati: uning diagnostik va operativ imkoniyatlari bilan tanishtirishni taqozo
etadi.
Bemorlarni tekshirish usullarini yoritishdan oldin arterial tizimning ba’zi
bir asosiy kasalliklari ustida to’xtalib o’tish zarur. Bular: ateroskleroz,
133
nospetsifik aorto-arteriit, fibroz-mushak displaziyasi, obliteratsiyalovchi
endarteriit.
Ateroskleroz atamasini 1904 yilda Marshan taklif qilgan, bu aorta va
arteriyalarning o’ziga xos kasalligidir. Bu kasallik arteriyalar intimasi ostida
lipidlarning o’choqli yig’ilib biriktiruvchi to’qima atrofi o’sib qalinlashuvi,
kaltsiy yig’ilishi va mediyaning o’zgarishi bilan bog’liq: asosiy sabablari –
tashqi omillar (xolesteringa boy ovqat, xis-hayajonlar, gipokineziya, chekish),
genetik moyillik, endokrin buzilishlar, modda almashinuvi buzilishlaridir.
Ateroskleroz patogenezining eng tarqalgan nazariyasi N.N. Anichkov, G.F.
Lang, A.L. Myasnikovlar taklif qilgan neyrometabolitik nazariyadir. Gidrofil
xolesterin kompleksi yaratilishida beqaror lipoprotein komplekslariga – 3/4
qismi lipidlardan iborat beta-lipoproteidlarga va 1/4 qismi oqsil bo’lgan
xolesteringa katta ahamiyat beriladi. Ularning tomirlar orqali bunday tashilish
usuli ishonchli emas, komplekslar erimaydigan lipidlar cho’kishi bilan oson
parchalanadi. Xolesterinning bu esterlari erimaydigan komplekslar holida
arteriyalar intimasida to’xtalib qoladi va asta-sekin yig’ilib, uning devoriga
o’tadi.
Urugvay xirurgi Palme tavsiya qilgan gemodinamik nazariyasi nuqtai
nazardan ateroskleroz sistolik qon to’lqini zarblarining arterial devorni surunkali
shikastlashi natijasi hisoblanadi. Bu arteriyalarning himoya sistemasi o’z
vazifasini ado etolmaganda ro’y beradi.
Aterosklerozning trombogen nazariyasini ingliz patologi Dugayt taklif
etgan. Uning tadqiqotlariga binoan aortadagi tromblar avval g’ovak, so’ngra
kontakt fibrindan tashkil topgan. Tromb yuzasi endoteliy bilan qoplanadi,
shunga ko’ra u go’yo tomir devorining tarkibiy qismiga o’xshab, intimaga
joylanib olganday bo’ladi. Shundan keyin fibrin kondensatsiyasi va tromb hosil
bo’lishi yuz beradi. Fibrin yig’ilishi takrorlanadi. Takrorlanish tez yuz bersa,
fibrinning bir qatlami ikkinchi yangi qatlami bilan aloqaga kirishadi.
Nospetsifik aorto-arteriit – tomirlarning tizimli kasalligi bo’lib, asosiy
xususiyati aortada va uning shox tarmoqlarida stenozlovchi, anevrizmatik yoki
134
aralash jarayon hisoblanadi. Uni 1956 yilda Savori tasvirlagan. Nospetsifik
aorto-arteriitning haqiqiy tarixi yapon vrachi M. Takayasuning 1905 yilda aorta
ravog’i tarmoqlari zararlanishining klinik tasvirini bayon etishidan boshlangan.
Aortitning allergik tabiatini hisobga olib, qator mualliflar uning autoimmun
kelib chiqishi to’g’risidagi taxminni bayon qiladilar. Ayrim mualliflar uni
kollagenozlar qatoriga kiritadilar, chunki unda kollagenozga xos yallig’lanish
reaktsiyalari, subfebrilitet, sistem zararlanish, klinik polilorfizm, ayrim musbat
laboratoriya sinamalari qayd qilingan. Bu kasallikda, odatda, arteriyaning
birlamchi tashqi qatlamlari zararlanadi, so’ngra jarayon tomirning birmuncha
chuqur qatlamlariga tarqalib, intimani qalinlashtiradigan ikkilamchi yallig’lanish
xodisalari yuz beradi.
Obliteratsiyalovchi endarteriit – oyoq distal arteriyalarining yallig’lanish
kasalligi bo’lib, tromboz va o’tkazuvchanligining buzilishi bilan o’tadi.
Etiologiyasi va patogenezi.
Xozircha noaniq, uning rivojlanishini
tushuntiradigan nikotin, infektsion, endokrin, buyrak usti bezi, trombogen
nazariyalar rad etiladi. Arteriospazm rivojlanishida nikotin intoksikatsiyasining
ishtiroki yaxshi ma’lum, biroq so’nggi yillarda chekadigan ayollar sonining
ko’payishi ayollar o’rtasida endarteriit bilan kasallanish darajasini oshirgani
yo’q. Bugungi kunda endarteriit rivojlanishida allergik komponentning
ahamiyatini inkor etib bo’lmaydi. Neyrogen omil diqqatni tortadi. Endarteriitda
nerv sistemasi zararlanishini ko’pgina mualliflar isbotlab berganlar, bunda
morfologik o’zgarishlar oyoqdagi obliteratsiyaga uchramagan arteriya nervlarida
ham topiladi. Arterial devorning maxalliy o’zgarishlari allergik komponentni
ham o’z ichiga oladi. Autoantigenlar, autoantitelalar hosil bo’ladigan murakkab
immun biologik reaktsiyalar ro’y beradi, arteriya devorlarida morfologik
o’zgarishlar sodir bo’ladi.
Arteriyalarning fibroz displaziyasi – jarayon etiologiyasi xali to’liq
o’rganilmagan. Birinchi martta De Kamp va Birxall tasvirlagan. Gistologik
tekshirishda o’rta parda normal elementlarining gipertrofiyasi aniqlanadi,
natijada arteriya bo’shlig’i kontsentrik torayadi, u anevrizmatik kengaymalar
135
bilan navbatlashadi. Katta anevrizmalar hosil bo’lishi ham mumkin. Asosan
navqiron yoshdagi ayollar kasallanadilar. Fibroz displaziya ilgari faqat buyrak
arteriyalarida uchrar edi. So’nggi vaqtlarda jaxon adabiyotida uning umumiy
tomir kasalligi bo’lib, buyrak arteriyalaridan boshqa tomirlarni kasallantirishi
haqida ilmiy ishlar paydo bo’ldi.
Endovazal sabablardan tashqari, aorta va uning tarmoqlaridagi qon oqimi
ularning turli ekstravazal omillardan bosilishi sababli buzilishi ham mumkin.
Aorta tarmoqlarining rivojlanish nuqsonlari, arteriyalarning uzayishi va
patologik egri-bugriligi, umurtqa arteriyasi og’zining surilishi shular jumlasiga
kiradi. Suyak kanalida umurtqa arteriyasining kompressiyasi buyrak
osteoxondrozida osteofitlardan, umurtqalararo diskalar tushib qolganda va
umurtqalar oldinga surilganda yuz berishi mumkin.
Braxiotsefal arteriyalarda qon oqimi buzilishiga ularning karotid tana
o’smalaridan va bo’yin chandiqlaridan bosilishi kamdan-kam sabab bo’ladi.
Qorin stvoli anatomik joylashuviga ko’ra diafragma medial oyoqchasining
fibroz boylami, quyosh chigalining gangliyalari va nerv tolalaridan bosilishi
mumkin. Uning me’da osti bezi o’smasi, periarterial fibrozdan kompressiyaga
uchrash hollari tasvirlangan. Tomir kasalliklarini aniqlash qiyinligiga qaramay,
ularning ko’pchiligini bemorni odatdagi klinik tekshirishda bilib olsa bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |