Pestalotssining ijtimoiy-pedagogik va falsafiy qarashlari.
Pestalotssi o‘z xalqini oyoqqa turg‘azishni orzu qildi, u mehnatkashlarni
o‘qitish va tarbiyalash yo‘li bilan ularning turmushini o‘zgartirish mumkin, deb
o‘yladi. U xalq boshiga tushgan kulfatlarning manbai iqtisodiy sharoit emas, balki
ma'rifatning yo‘qligi deb bildi.
Pestalotssi hamma odamlar tarbiya va ilm olish huquqiga ega bo‘lishi
lozim, maktablar jamiyatni ijtimoiy jihatdan o‘zgartirishning muhim vositalaridan
biri bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Uning fikricha, har bir kishining haqiqiy insoniy
kuchlari harakatga kelib, mustahkamlangandagina eng muhim ijtimoiy masalalar
hal qilinadi. Bunga tarbiya yo‘li bilan ham erishish mumkin.
Pestalotssining fikricha, mehnat odamni tarbiyalash va o‘stirishning eng
muhim vositasidir, mehnat odamning jismoniy kuchlarinigina emas, shu bilan
birga, aqlini ham o‘stiradi, shuningdek, unda axloq ham tarkib toptiradi. Mehnat
bilan shug‘ullanayotgan odam mehnatning jamiyat hayotida juda katta ahamiyati
bor degan ishonch tug‘iladi, bunday ishonch esa odamlarni ahil va mustahkam
ijtimoiy ittifoq qilib, bir-biriga bog‘lovchi eng muhim kuchdir.
Pestalotssining fikricha, bilish sezgi organlari orqali idrok qilishdan
boshlanadi va tasavvurlarni qayta ishlash yo‘li bilan g‘oyalar darajasiga ko‘tariladi,
g‘oyalar esa, garchi ravshan bo‘lmasa ham odamning ongida tarkib toptiruvchi
kuch tariqasida mavjud, lekin o‘zining namoyon bo‘lishi va jonlanishi uchun
sezgilar yetkazib beruvchi materialga muhtojdir.
Pestalotssining dunyoqarashi insonparvarlik ruhi bilan, demokratik
intilishlar ruhi bilan sug‘orilgan hamda ba'zi bir materialistik da'volarni va
dialektik qoidalarni o‘z ichiga olgan edi.
Pestalotssining fikricha, tarbiyaning maqsadi odamning barcha tabiiy
kuchlarini va qobiliyatlarini o‘stirish, o‘stirganda ham har tomonlama va bir-biriga
32
uyg‘un ravishda o‘stirishdir. Tarbiyaning bolaga ko‘rsatayotgan ta'siri uning
tabiatiga uyg‘un bo‘lishi lozim.
Pestalotssi tarbiyaning mohiyati to‘g‘risidagi tasavvurga asoslanib,
tarbiyaning yangi metodlarini — insonning kuchini inson tabiati bilan
muvofiqlashtirib, o‘stirishga yordam beradigan metodlarni yaratishga intiladi.
Bolani tarbiyalashni, deydi u, uning tug‘ilgan kunidanoq boshlash lozim: “Bola
tug‘ilgan soat — unga ta'lim berishning birinchi soatidir”. Shu sababli chinakam
pedagogika onani to‘g‘ri tarbiyalash metodlari bilan qurollantirishi kerak.
Pedagogika san'ati esa shu metodikani har bir ona, jumladan, oddiy dehqon ayol
ham egallab oladigan qilib soddalashtirib berishi lozim. Oilada tabiatga muvofiq
qilib boshlangan tarbiya maktabda ham davom ettirilishi lozim.
Barcha insoniy kuchlar va imkoniyatlar eng oddiy narsalardan rivojlana
boshlaydi va sekin-asta murakkabroq darajaga ko‘tarila beradi. Tarbiya ham ana
shu yo‘ldan borishi lozim.
Har bir bolaga xos bo‘lgan tug‘ma kuch va qobiliyatlar ko‘rsatklarini tabiiy
tartibga muvofiq odam kamolotining abadiy va o‘zgarmas qonunlariga muvofiq
holda muntazamlik bilan mashq qildirib, o‘stirish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |