9.4-rasm. Mamlakatlar bo’yicha pul o’tkazmalarining taqsimlanishi43.
Rasmda tasvirlangan holatdan pul o’tkazmalarining aksariyati, ya’ni 78% Rossiyadan kelayotganini ko’rishimiz mumkin. Pul o’tkazmalaridan asosan quyidagilar foydalanishi mumkin: xorijda ish bilan band bo’lgan fuqarolar, chet elda doimiy istiqomat qiladigan qarindoshlar, chet elda ta’lim olayotganlar, sayyohatchilar, mahsulotini chet elda sotayotgan yakka tadbirkorlar. Shular ichida eng katta ulushni chet elda ishlayotganlar tashkil etishini hisobga olsak va Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ma’lumotlariga tayangan holda, ishchi migrantlarning asosiy qismi (70%dan ortig’i) Rossiya va Qozog’istonga yo’nalgan deb ta’kidlashimiz mumkin. Jahon bankining 2003 yildagi ma’lumotiga ko’ra, O’zbekistondan MDH doirasida ishchi migrantlarning 92,4% Rossiya va Qozog’istonda ishlamoqda. Buning sababi mazkur davlatlarda ishchi kuchining etishmasligi, mehnat xaqi nisbatan balandligi, tadbirkorlik faoliyatini erkin yuritish va vizasiz mamlakat hududiga kirib kelish imkoniyati mavjudligiga asoslanadi.
Bu holat davlatning ma’lum bir faoliyatni rag’batlantirish bilan bog’liq siyosat natijasi bo’lmasdan, stixiyali tarzda yuzaga keldi. Shunday ekan mavjud holatdan samarali foydalanish uchun bor imkoniyatlarni yana bir bor qayta ko’rib chiqish kerak. Shu o’rinda O’zbekistonning integratsion EvrOsiyo Iqtisodiy Hamjamiyati bilan kelgusi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan to’xtalib o’tish maqsadga muvofiq deb o’ylaymiz.
Ma’lumki, EvrOsiyoIH xam Evropa Ittifoqi kabi optimal valyuta hududlari nazariyasiga asoslanadi. Ushbu nazariyaning asosiy tamoyillaridan biri bu ishchi kuchi migratsiyasining hudud bo’ylab erkinligini ta’minlashdan iborat.
EvrOsiyoIH doirasida migratsiyaga oid masalalarga alohida e’tibor beriladi. Jumladan, EvrOsiyoIHning bosh kotibi Grigoriy Rapota «EvrOsiyo IH ichida migratsiyani tartibga solish masalalari dolzarb bo’lib, bu borada muhim muammolardan biri migrantlar sonini bilishdir44» - deb ta’kidlagan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining O’zbekistondagi Favqulotda va Muxtor elchisi F.M.Muxumetshin Oliy Majlis Senati seminaridagi nutqida, O’zbekistonni EvrOsiyoIH bilan hamkorlik istiqbollari to’g’risida gapirar ekan, tashkilotning asosiy maqsadlari qatorida ijtimoiy soha va migratsiya siyosati ta’luqli masalalar alohida ahamiyatga egaligini aytib o’tgan45.
Yuqorida keltirilgan tahlilda O’zbekistondan ishchi kuchi migratsiyasining asosiy qismi mazkur tashkilot tarkibiga kirgan Rossiya va Qozog’istonga to’g’ri keladi. Demak, O’zbekistonning EvrOsiyoIH bilan hamkorligini rivojlanishiga o’z – o’zidan zamin yaratilib bormoqda. Pul o’tkazmalari orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan valyuta mablag’larining ijobiy ta’sirini hisobga oladigan bo’lsak, bu sharoitda, EvrOsiyoIHga a’zo davlatlar bilan yagona migratsiya siyosatini olib borish maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Ma’lumki, nafaqat Rossiya va Qozog’iston balki boshqa davlatlarga ishlashga borayotgan aholining aksariyati chet elda ish bilan ta’minlash xizmatini aylanib o’tib mamlakatdan chiqib ketmoqda, bundan tashqari, chet elda ishlab topilgan pulni yaqinlariga jo’natishda norasmiy yo’ldan foydalanish hollari ko’plab uchramoqda.
Bu sohani kelgusida maqsadli erkinlashtirish norasmiy migratsiyani oldini olish bilan birga, inson xuquqlarini poy – mol etilishi bartaraf etilar edi, hamda pul o’tkazmalarini kengaytirish bilan ommaviyligi ta’minlanishi mumkin bo’lar edi.
Shuningdek, pul o’tkazmalari asosan bitta valyuta AQSh dollariga asoslangan, bizning fikrimizcha valyutalar sonini ko’paytirish maqsadga muvofiq. Pul o’tkazmalarida aksariyat ulush yaqin xorij mamlakatlariga to’g’ri kelishini hisobga oladigan bo’lsak, EvrOsiyoIH ga a’zo mamlakatlar o’rtasida ularning valyutalarida pul ko’chirishni kengroq yo’lga qo’yish kerak. Bunday tadbirning amalga oshirilishi valyuta zaxirasini diversifikatsiyalash bilan birga moliya sohasida kechadigan integratsiya jarayonlariga zarur sharoit yaratib berar edi.
Shunday qilib, pul o’tkazmalari O’zbekiston iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo’lgan soha hisolanib, u valyuta munosabatalariga sezilarli ta’sir etadi. Shuning uchun respublikamizni o’tish sharoitida valyuta mablag’lari bilan ta’minlaydigan barcha manbalardan samarali foydalanish maqsadida, pul o’tkazmalari sohasida chuqur tadqiqotlarni olib borish, ular asosida kelgusi strategiyani belgilash kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |