Bozordagi mahsulot sifati va raqobatbardoshliligi: ularni aniqlovchi tushuncha va ko'rsatkichlar Sifat - mahsulot xususiyatlarining yig’indisi bo’lib, u mahsulotlarning xaridorlar ehtiyojlarini qondirish qobiliyati, foydaliligi, o‘ziga xos xususiyatlari va vazifasini xarakterlaydi. Mahsulot sifati xom ashyo va materaillar; texnika va fan rivojlanishi darajasi; qo‘llanilayotgan texnologiyaning yangiligi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilish; kadrlar malakasiga bog‘liq bo‘ladi. Mahsulotning sifat darajasi mahsulotning texnik darajasi va model sifatidan kelib chiqadi. Masalan, mashina va uskunalar uchun sifat darajasini quyidagilar aniqlaydi: uskunaning ishlab chiqarish quvvati va noyobligi, modellarni standartlashtirish va unifikatsiya qilish, chidamlilik, foydalanishdagi xavfsizlik va oddiylik, texnik yangiligi, uzoq muddatliligi, ta‘mirsiz xizmat qilish muddati. Mahsulotning foydalanishdagi sifat darajasi quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha xarakterlanadi: kamchiliklar koeffitsienti; texnik nazorat paytida aniqlangan kamchilikni qayta ishlash va eskirishga ketgan xarajatlar; tovarning iste‘moli paytida yoki iste‘molchi talablarini qondirish xarajatlari. Mahsulot sifatini baholash quyidagilarni nazarda tutadi: iste’molchilar talablarini mahsulot sifat ko’rsatkichlariga muvofiq holda bajarish; uning sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan sharoitni tanlash. Raqobatbardoshlik deganda, individual iste’molchi talablarini qondirish darajasi, uni xarid qilish va undan foydalanish xarajatlari darajasi bo‘yicha o‘xshash mahsulotlardan farqlanuvchi mahsulotlar tavsifi yig‘indisi tushuniladi. Mahsulotning raqobatbardoshliligi - yuqori iste’molchilik xususiyatlari va texnik-iqtisodiy parametrlari tufayli raqobatchi firmalar taklif etgan boshqa o‘xshash tovarlar guruhidan ajralib turuvchi, xaridorlar tomonidan ajratib tanlangan qobiliyatdir. Mahsulotning raqobatbardoshliligi aniq bozordagi talabdan foydalanuvchi iste‘molchining tovarlarni o‘xshash mahsulotlarga qiyoslaganda yuzaga keladi. U xaridorlarning ma‘lum ehtiyojlarini qondirish darajasi bilan o‘xshash tovarlardan farqlanadi. Iste‘molchilarning mahsulotga bo‘lgan individual talablari tovarning sotilish narxi va tovar ehtiyoji qiymati kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha aniqlanadi. Bu xarajatlar summada iste‘molchi narxini tashkil qiladi. Tovarning raqobatbardoshliligini aniqlashda iste‘molchi narxi xaridorlarning bozorda taklif etilgan boshqa o‘xshash tovarlar guruhlari ichidan aynan bir mahsulotni tanlashini aniqlaydi. Bunda iste‘molchi mahsulotning iste‘mol xususiyatlari bilan uni o‘zlashtirish va undan foydalanish xarajatlari o‘rtasidagi muvofiqlikni tahlil qiladi. Iste‘molchi xarajat birligida yuqori darajada iste‘mol samarasini olishga xarakat qiladi. Mahsulotdan foydalanish narxi, tahlil qilinayotgan raqobatbardoshlik iste‘molchilar tomonidan foydalanilayotgan mahsulotning iste‘mol narxi bilan qiyoslanadi. Bunda xarajat birligiga yoki iste‘mol narxiga nisbatan foydali samara kattaligi kabi raqobatbardoshlik ko‘rsatkichi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Odatda, xaridor foydalanilgan uskunalarni almashtirishni yangi uskuna unga foydali samara birligi qiymatini pasaytirishni ta‘minlagan hollarida amalga oshiradi. Tovarning raqobatbardoshligi ilmiy-texnik jarayon yutuqlari darajasiga, talab tizimining o‘zgarishi darajasiga bog‘liq. Bozorda bir xil tipdagi mahsulotlarning paydo bo‘lishi bilan xaridor iste‘mol uchun yuqori foydada kam xarajatni ta‘minlaydigan mahsulotni tanlaydi. 70-yillarning o‘rtalarida ko‘p tovarlarning raqobatbardoshligi energiya sig‘imi, metall sig‘imi, atrof-muhitni ifloslantirish darajasi kabi omillar hisobi bilan aniqlana boshlangan edi. Engil avtomashinalar raqobatbardoshligi issiqlik tejamkorligi bilan aniqlanadi. Mahsulot raqobatbardoshligi darajasini aniqlashda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan birgalikda me‘yoriy va patent-huquqiy ko‘rsatkichlar ham muhim rol o‘ynaydi.