Shartnomani ratifikatsiya qilish — davlat oliy organining ichki davlat huquqiga (Konstitutsiya yoki konstitutsiyaviy qonunga) muvofiq amalga oshiradigan harakatdir. Shartnomani ratifikatsiya qilish davlat boshlig‘i yoki oliy qonunchilik organi (parlament) tomonidan amalga oshiriladi. Shartnomani qabul qilish, tasdiqlash va unga qo‘shilish harakatlari allaqachon tuzilgan shartnomalar bilan bog‘liq bo‘lib, ularda ishtirok etish mazkur shartnomalarni qabul qilish bilan amalga oshiriladi. Ularning asosida ratifikatsiya hujjatlari yotadi.
Shartnomani uni tashkil etuvchi hujjatlarni almashish orqali tuzish — shartnoma qabul qilishning eng soddalashtirilgan usuli bo‘lib, davlatlarning kam ahamiyat kasb etuvchi majburiyatlariga nisbatan qo‘llanadi. Odatda u tashqi ishlar vazirligi yoki shartnoma tuzilayotgan davlatdagi diplomatik vakolatxonadan yuboriladigan shaxsiy yoki og‘zaki (imzosiz) nota almashish orqali amalga oshiriladi. Bir davlat ikkinchi bir davlatga o‘zi uchun ma’lum qoidani yuridik majburiy kuchini tan olishga tayyor ekanligini bayon qilib nota jo‘natadi. Ikkinchi bir davlat nota mazmunini (qo‘shtirnoq ichida) qaytarish orqali uni olganligini tasdiqlaydi.
Shartnomaning kuchga kirish tartibi va vaqti uning o‘zida belgilangan yoki uni tuzishda qatnashgan davlatlar o‘rtasidagi o‘zga kelishuvlar asosida belgilangan boshqa bir tartibda amalga oshiriladi.
Odatda, shartnoma uni imzolash, ad referendum imzolashni tasdiqlash, ratifikatsiya yorliqlarini almashish yoki ularni shartnomani tuzishda qatnashgan barcha davlatlar tomonidan depozitariyda saqlash uchun topshirish vaqtidan boshlab kuchga kiradi.
Har bir shartnoma ma’lum hudud yoki maydon bilan belgilanuvchi harakat doirasiga ega bo‘ladi. Qator ko‘ptomonlama shartnomalar davlatlar hududidan o‘zga maydonlar doirasini ko‘zda tutadi. Misol tariqasida 1959 yilda qabul qilingan Antarktika to‘g‘risidagi shartnomani aytib o‘tish mumkin.
Umuman olganda, xalqaro shartnoma uchinchi davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarga nisbatan ularning bunga roziligisiz hech qanday huquq va majburiyatlar tug‘dirmaydi.
Agar uning ishtirokchilari bunday maqsadni ko‘zda tutgan bo‘lsa va uchinchi davlatning o‘zi bunga rozilik bergan bo‘lsagina, uning uchun xalqaro shartnomadan ma’lum huquq kelib chiqishi mumkin.