Aim.uz
Xalqaro ommaviy huquq va xalqaro xususiy huquq
Xalqaro munosabatlar davlatlararo munosabatlar bilan cheklanib qolmaydi. Turli davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari o‘rtasida, xalqaro nohukumat tashkilotlari o‘rtasida doimiy ravishda aloqalar bo‘lib turadi. Bunday aloqalar tegishli davlatning milliy huquq me’yorlari yoki xalqaro xususiy huquq me’yorlari bilan tartibga solinadi.
Xalqaro ommaviy huquq va xalqaro xususiy huquq o‘rtasida yaqin o‘zaro aloqadorlik mavjud. Har ikkisi ham keng ma’noda xalqaro munosabatlarni tartibga soladi. Xalqaro xususiy huquq xalqaro xarakterdagi fuqarolik-huquqiy me’yorlar majmui sifatida xalqaro ommaviy huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillariga zid bo‘lmasligi kerak.
Xalqaro xususiy huquq, xalqaro ommaviy huquq bilan aynan bir xil emas va uning sohalaridan biri hisoblanmaydi. Xalqaro xususiy huquq tartibga soladigan o‘zining mustaqil predmetiga ega.
Xalqaro huquqda me’yorlarni yaratish jarayoni
Xalqaro ommaviy huquq — davlatlararo munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik me’yorlarning mustaqil tizimidir.
Xalqaro huquqiy tizimi me’yorlarini yaratishning o‘ziga hos tomoni shundaki, bu jarayonda subyektlarning o‘zi ixtiyoriy ravishda, hohish-irodasini bildirish yo‘li bilan ishtirok etadilar. Binobarin, xalqaro huquq, uyg‘unlashtiruvchi hamda muvofiqlashtiruvchi xarakterga ega.
Xalqaro huquqiy tizim subyektlarining o‘zidan boshqa qandaydir bir bu tizimga nisbatan «tashqaridan» bo‘lgan subyektlar me’yorlar yaratish jarayonida ishtirok etmaydi. Shu bois, xalqaro huquqiy tizimning subordinarlik xarakteri inkor qilinadi, hech kim xalqaro huquq subyektlarining ixtiyoriga qarshi ular uchun xulq-atvor qoidalarini, ya’ni me’yorlarni o‘rnatishi mumkin emas. Binobarin, xalqaro huquqda nisbatan «qonunchilik», «xalqaro qonuniylik» tushunchalarini qo‘llash ma’lum ma’noda noto‘g‘ri.
Xalqaro huquq tizimi
Xalqaro huquq tizimi — bu quyidagi o‘zaro ichki elementlarning obyektiv mavjud bo‘lgan bir butunligidir.
-
Birinchidan, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillari, me’yorlari(shartnomaviy va oddiy-huquqiy).
-
Ikkinchidan, xalqaro tashkilotlarning qarorlari, tavsiyaviy rezolyutsiyalari, xalqaro sud organlarining qarorlari.
-
Uchinchidan, xalqaro huquq institutlari (xalqaro tan olish instituti shartnomalarga nisbatan huquqiy vorislik instituti, xalqaro javobgarlik instituti va boshqalar).
Tizimning qayd etib o‘tilgan barcha elementlari turli birikmalarda xalqaro huquq tarmoqlari (diplomatik huquq xalqaro shartnomalar huquqi, xalqaro dengiz huquqi va boshqalar) tashkil qiladi, ushbu har bir tarmoq o‘zi mustaqil tizim sifatida namoyon bo‘ladi, bunday tizimlar xalqaro huquqning yaxlit yagona tizimi doirasida shu tizimning bir qismi hisoblanishi mumkin.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |