O‘zbekistonda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish
Reja
1 Xalq taʼlimi atamasi tarixi 2 O‘zbekistonda xalq taʼlimi 3 Xorijiy davlatlarda xalq taʼlimi
Xalq taʼlimi atamasi tarixi
Xalq taʼlimi tushunchasi 20-asrning 80-yillarida oʻzbek tili leksikasidan oʻrin oldi. Ungacha „xalq maorifi“ atamasi qoʻllanilgan boʻlib, u kishilarning bilimi va ongini oshirish, umumiy saviyasini koʻtarishga qaratilgan taʼlim-tarbiya tarzida, nisbatan torroq maʼnoda qoʻllanilgan. „Xalq taʼlimi“ atamasi ilm-fan yoki kasb-hunar sohalari boʻyicha egallanishi zarur boʻlgan maʼlumot va koʻnikmalar majmuini, taʼlim-tarbiya, axloq, odob, koʻrsatma, bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirish, yoʻl-yoʻriq oʻrgatish tushunchalarini qamrab oladi. Bu atama zamirida mamlakat fuqarolarini nafaqat maʼrifatli, savodli qilish, balki ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirish jarayoni ham qamrab olinadi.
O‘zbekistonda xalq taʼlimi
Taʼlim to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririga ko‘ra umumiy o‘rta taʼlim (I-XI sinflar) bosqichlari quyidagilardan iborat:[1]
Boshlang‘ich taʼlim (I-IV sinflar)
Tayanch o‘rta taʼlim (V-IX sinflar)
O‘rta taʼlim (X-XI sinflar)
Umumiy o‘rta taʼlim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
Boshlang‘ich taʼlim taʼlim oluvchilarda umumiy o‘rta taʼlimni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, malaka va ko‘nikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Tayanch o‘rta taʼlim o‘quv dasturiga muvofiq taʼlim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
Tayanch o‘rta taʼlim doirasida (VII sinfdan so‘ng) taʼlim oluvchilarda kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ularni professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.
O‘rta taʼlim o‘quv dasturiga muvofiq taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalar o‘zlashtirilishini, shuningdek taʼlimning keyingi turi tanlanishini hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblar egallanishini taʼminlaydi.
Professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek taʼlim oluvchilarni yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarga tayyorlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Umumiy o‘rta taʼlim umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida uzluksiz tarzda, majburiy bo‘lgan o‘n bir yil davomida amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus taʼlim akademik litseylarda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta taʼlim asosida ikki yil mobaynida amalga oshiriladi va taʼlim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini, shuningdek chuqur, tabaqalashtirilgan, kasb-xunarga va shaxsga yo‘naltirilgan taʼlim olishini taʼminlaydi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlarida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Iqtidorli va isteʼdodli bolalarning qobiliyatini rivojlantirish uchun Prezident, ijod va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek maktab-internatlar tashkil etilishi mumkin.
Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim tashkilotlarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda taʼlim oladi.
Umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining sinflarida (guruhlarida) taʼlim oluvchilar soni o‘ttiz besh nafardan oshmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |