114
Aholining materik bo‘ylab notekis taqsimlanishi tabiiy hududiy majmualarni
inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida o‘zgartirilgan darajasi va antropogen
landshaflarning makondagi differensiyalanishi bilan belgilanadi. Insonning Janubiy
Amerika tabiiy landshaftlariga ko‘rsatgan dastlabki ta’siri mahalliy aholining
dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan vaqtlaridan boshlangan bo‘lsa,
o‘rmonlarning ko‘plab kesilishi XVI asrdan yevropaliklarning kelishi bilan
boshlangan. Qishloq xo‘jalik ekin maydonlarini kengaytirish maqsadida yerlarning
haydalishi, o‘rmonlarning kesilishi, yaylov chorvachiligining rivojlanishi, boshqa
materiklardan keltirilgan madaniy o‘simlik turlarining ko‘payishi Janubiy Amerika
tabiatida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Masalan, unumdor
tuproqli pampaning katta qismi haydalgan, ularning o‘rnida qishloq xo‘jaligi
antropogen landshaftlari vujudga kelgan. Qolgan qismi yaylov sifatida uzluksiz
foydalanilganligi tufayli pampa o‘zining dastlabki qiyofasini yo‘qotib, uning o‘rnida
ekologik sharoiti buzilgan, o‘simlik qoplami siyraklashgan, umumiy tabiiy holati
kuchli degradasiyalashgan antropogen yoki ikkilamchi pampa landshaftlari hosil
bo‘lgan. Braziliya yassi tog‘ligining sharqida o‘suvchi qimmatbaho igna bargli
araukariya o‘rmonlari, materikning janubi-g‘arbida o‘sadigan keng bargli doimiy
yashil janubiy buk o‘rmonlari yo‘qolib ketish arafasida. Qimmatbaho mo‘yna
beruvchi hayvonlardan vidra, nutriya, shinshillalarning va yovvoyi lamalarning
ko‘plab ovlanishi ularning sonini keskin kamayib ketishiga olib kelgan.
Binobarin, insonning tabiatga ta’siri natijasida xilma-xil antropogen landshaft
majmualari bunyod etilgan. Antropogen landshaftlar ayniqsa, Atlantika va Tinch
okeanlari sohillarida, And tog‘larining ichki yassi tog‘liklarida, daryo vodiylarida
keng tarqalgan. Masalan, tropik o‘rmonlar va savannalar o‘rnida kofe daraxti
plantasiyalari, pampada cheksiz don ekin maydonlaridan tarkib topgan
agrolandshaftlar, obikor dehqonchiliq rivojlangan yerlarda irrigasion landshaftlar,
tog‘ va yassi tog‘liklarda tog‘-kon sanoati keng tarqalgan joylarda texnogen
antropogen landshaftlari vujudga kelgan. Janubiy Amerikaning yirik shaharlarida,
sanoat markazlarida, yer osti boyliklarini qazib oladigan hududlarda ekologik
muvozanat sezilarli darajada buzilgan. Bunday hol insonlarning salomatligiga salbiy
ta’sir etadi. Shuning uchun materikda tabiatni muhofaza qilishga, ekologik sharoitni
yaxshilashga, milliy bog‘ va qo‘riqxonalarni tashkil etishga katta e’tibor berilmoqda.
Marerikda Kanayma, Makarena, Serraniya-La-Nablina, Riu-Negru, Puku-da-
Neblina, Jau, Amazoniya, Manu, Pakaas-Novus, Shingu, Aragnaua, Iguasu, Lanin,
Nanel-Uapi, Laguna-San-Rafael,Los-Glasyares va Alberto-Agostini milli bog’lari,
Islas-Guaylekas va boshqa qo’riqxonalari tashkil qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: