chizma. Tashqi savdoda kvotalar qo’llanilishining iqtisodiyoqibatlari
32- chizmadan ko’rinib turibdiki, kvotalar joriy qilinishi natijasida umumiy farovonlikdagi yo’qotishlar, tariflar kiritilganidagi singari «b» va «d» sohalardan iborat bo’lsa, «c» soha ruxsat etilgan importga ustama narxlarni ko’rsatadi va aholidan litsenziya beruvchi tashkilotlarga beriladigan transfertni xarakterlaydi.
Tariflarga nisbatan kvotalarni joriy qilishdan ko’riladigan farovonlikdagi yo’qotishlar ikki holatda katta bo’ladi.
Birinchidan, kvotalar mahsulotlar import qilayotgan milliy ishlab chiqaruvchilar yoki xorijiy firmalar monopol hukumronligi darajasini oshirsa.
Ikkinchidan, import litsenziyalari samarasiz joylashtirilsa.
Eksport subsidiyalari va kompensatsion import bojlari
Ko’pchilik hollarda eksportni davlat tomonidan rag’batlantirish tadbiri sifatida ko’pgina mamlakatlarda eksport subsidiyalari qo’llaniladi. Eksport subsidiyalari miqdori rivojlangan mamlakatlarning qayta ishlash sanoati eksporti qiymatining 1 foizidan oshmaydi, biroq rivojlanayotgan mamlakatlarda uning me’yori juda yuqori. Bunda tajriba - konstruktorlik ishlari va eksportga mo’ljallangan ishlab chiqarishni bevosita moliyalashtirish yoki bu maqsadlarga davlat byudjetidan imtiyozli kreditlar berish ko’zda tutiladi.
Eksport subsidiyalari turli shakllarda qo’llaniladi. Bularga:
eksportyor firmalarga yoki xorijiy sheriklarga past foizli kreditlar berish;
reklama xarajatlarini davlat hisobidan qoplash, bozor konyukturasi haqida tekin axborot etkazib berish;
firmalarga ishlab chiqarish hajmidagi eksport ulushiga muvofiq soliq imtiyozlarini berish;
bevosita subsidiyalash kiradi.
Amaliyotda eng ko’p subsidiya oluvchi tarmoq qishloq xo’jaligi hisoblanadi.
Eksport subsidiyalarining berilishi milliy ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshiradi. Ammo importyor davlatlar tomonidan kiritiladigan kompensatsion import bojlari bu yutuqni yo’qqa chiqarishi mumkin. Oqibatda eksportyor davlat byudjeti yo’qotishga uchraydi, importyor davlat byudjeti esa qo’shimcha daromad ko’radi. Bu tadbir dempingga qarshi kurash ko’rinishlaridan biridir. Dempingga qarshi qaratilgan bojlar jahon amaliyotida keng qo’llanilib, o’zida qo’shimcha import bojlarini aks ettiradi. Ular odatda, jahon narxlaridan yoki import qilayotgan mamlakat ichki narxlaridan past narxlar bo’yicha,
eksport qilinayotgan mahsulotlarga o’rnatiladi. Bu bojlarni belgilash haqidagi qarorni xalqaro sud mahalliy ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar murojaatidan so’ng chiqaradi xamda uning miqdorini va to’lash tartibini belgilaydi. Masalan, dempingga qarshi bojlar o’z valyuta resurslarini to’ldirish maqsadida jahon bozoriga xom ashyo resurslarini eksport qilishni ko’paytirgan sobiq ittifoqdosh respublikalarga nisbatan faol qo’llanilmoqda.
Ixtiyoriy ravishda eksportni cheklash eksport kvotalarining bir turi bo’lib, xorij mamlakatlarining ayrim mamlakatlarga "ixtiyoriy" eksport miqdorlarini cheklashdan iborat. Bu erda «ixtiyoriy so’zi» shartli xarakterga ega. Chunki, eksport qilayotgan mamlakat savdo siyosatida o’z hamkorlari tomonidan birorta noxushlikka duch kelmasligi uchun eksport miqdorini cheklaydi.