IJTIMOIY FALSAFA FANI PREDMETI, MAQSAD VA VAZIFALARI
Reja:
1. Ijtimoiy falsafaning predmeti va obekti
2.Ijtimoiy falsafaning gumanitar fanlar tizimida tutgan o‘rni
3.Ijtimoiy falsafaning tushunchalari va asosiy tamoyillari
4.Ijtimoiy falsafaning funksiyalari
Tayanch tushunchalar
Ijtimoiy falsafa, ijtimoiy borliq, jamiyat, ijtimoiy taraqqiyot, inson, ijtimoiy bilish, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy struktura, tamoyil, funksiya, dialektika, metafizika, insonparvarlik, tarixiylik, mantiqiylik, yaxlitlik, metodologiya.
Ijtimoiy falsafaning predmeti va ob’ekti. Ijtimoiy falsafa –falsafaning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, u jamiyatning mohiyati, uning hayoti va taraqqiyoti qonuniyatlarini, undagi hodisa va jarayonlarni yaxlit tizim sifatida o‘rganadi. SHuningdek, ijtimoiy falsafa turli jamiyatlarning o‘zaro aloqadorligini, ularga hos bo‘lgan universal jihatlarni o‘rganadi. Ijtimoiy falsafa tarixiy jarayonlarni, ularning ob’ektiv va sub’ektiv tomonlari, taraqqiyot qonunlarining o‘zaro bog‘liqligini tadqiq va tahlil qiladi.
Ijtimoiy falsafa insonlarning amaliy faoliyati va ular o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni ham tahlil qiladi. Insonlar ishlab chiqarish, ijtimoiy–siyosiy, ilmiy, ma’naviy, axloqiy, estetik va boshqa amaliy faoliyatlari jarayonida o‘z hayotlari uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy qadriyatlarni yaratadilar, tabiatni o‘zlariga mos holda o‘zgartiradilar, o‘zlariga zarur bo‘lgan madaniy–ma’naviy va ijtimoiy muhitni yaratadilar. Shu kabi faoliyat jarayonida, o‘zaro turli munosabatlar o‘rnatadilar. Bular ishlab chiqarish, siyosiy, ma’naviy, sotsial va boshqa ijtimoiy munosabatlar bo‘lib, ularning majmui jamiyatning tuzilishi yoki tarkibini tashkil etadi. Shuning uchun xam ijtimoiy falsafa jamiyatni avvalo, o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishgan insonlar majmuasi sifatida o‘rganadi.
Demak, insonlarning turli ko‘rinishdagi faoliyati va ular o‘rtasidagi kechadigan ijtimoiy munosabatlar ijtimoiy hayotning asosiy mazmunini tashkil etadi hamda jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Shuning uchun ular ijtimoiy falsafaning diqqat markazida turadi.
Ijtimoiy falsafa insonlarning faoliyati va ijtimoiy munosabatlarining ob’ektiv hamda sub’ektiv tomonlarini tahlil qiladi. Chunki ijtimoiy munosabatlarning mavjudligi ob’ektiv qonuniyatlarga asoslanadi, shuningdek uning ishtirokchilari bo‘lgan insonlarning hoxish-istaklari, maqsadlari, ideallari, tafakkuri kabi sub’ektiv omillar ham bu jarayonda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Ijtimoiy falsafaning asosiy masalasi, bu –– insonlarning ongi, tafakkuri hamda borlig‘i, turmushi, ya’ni, bir tomondan, ularning maqsadlari, iqtisodiy, siyosiy, axloqiy va boshqa mo‘ljallari va ikkinchi tomondan, ularning hayoti va faoliyatining ob’ektiv shart–sharoitlarining o‘zaro bog‘liqligi masalasidir.
S.L.Frank ijtimoiy falsafa predmeti va muammolarini tushuntirish uchun shunday nazariy savollar qo‘yadi: “Ijtimoiy hayot o‘zi nima? Uning zamon va makonda namoyon bo‘lishi, yovvoyi ko‘chmanchilarning oddiy oilaviy-qarindoshlik yacheykasidan boshlanib, hozirgi murakkab va zamonaviy davlatlargacha bo‘lgan xilma hil ko‘rinishlari ortida yashiringan umumiy tabiati qanday? Jamiyat hayoti inson hayotida qanday o‘rin egallaydi? Inson nimaga intiladi, uning konkret o‘rni qanday va u o‘zining ijtimoiy borlig‘ini shakllantirib nimaga erishishi mumkin? Va nihoyat, insonning ijtimoiy hayoti yangi dunyoviy kosmik jamiyatda qanday o‘ringa ega, bunda uning aniq maqsadi qanday?”4.
Shu o‘rinda 200 yil avval fransuz mutafakkiri, sotsial utopisti A. Sen-Simon tomonidan qo‘yilgan masalalar ham diqqatga sazovor. Uning ta’kidlashicha, “jamiyat haqidagi fanlarning asosiy vazifasi shundan iboratki, o‘z davrida jamiyat qurilishining eng yaxshi darajasiga erishish uchun, bu tizimni rivojlantirish hamda bu tizim o‘zining taraqqiyot cho‘qqisiga etganda u inkor etilishi, shunda olimlar tomonidan to‘plangan materiallar asosida uni yangilash lozimligini boshqaruvchi va hukmdorlar anglab etishi uchun kerak.”5
Taniqli rus faylasufi K.X.Momdjyanning fikricha: “Ijtimoiy faylasuf nimani o‘rganmasin: jamiyat strukturasidagi tashkilotlar yoki ularning ijtimoiy hayotdagi funksional jihatlarinimi, tarix dinamikasi yoki uning tamoyillari bo‘ladimi, u o‘sha inson faoliyatining turli hil ko‘rinishlari va o‘ziga hosliklarini o‘rganadi”6.
Insonning biosotsial mohiyatini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lgan ijtimoiy borliq, ijtimoiy jarayonlarning shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlari ijtimoiy falsafaning fan sifatida baxs mavzusini tashkil etadi. Jamiyat bir butun yaxlit tizim sifatida rivojlanadimi? Uning xarakatlantiruvchi kuchlari nimada? Inson “me’yori”ning namoyon bo‘lishining ibtidosi bo‘lgan ijtimoiy borliq nima? Uning murakkab xilma-xil qirralari nimalardan ibodat? Inson qanday paydo bo‘lgan, uning siru-asrorlari nimada? Shaxsning jamiyat taraqqiyotida rolini qanday tushunmoq kerak? Inson ijtimoiy borliq mohiyatini, uning kelajagini oldindan bilishga qodirmi? Umumbashariy muammolar va ularni xal qilish yo‘llari qanday?
Ijtimoiy falsafa predmetining ancha keng umumiy tavsifini endi ikkita qisqagina fikr bilan yakunlash mumkin:
ijtimoiy falsafa “antropotsentrizm tamoyillariga asoslanib jamiyatni bir butun tizim sifatida, uning umumiy qonuniyatlari, ularni harakatga keltiruvchi va rivojlantiruvchi kuchlar hamda uni qurshab turgan tabiat va atrof-muhit bilan aloqadorligini tadqiq qiladi”7;
“...ijtimoiy falsafiy nazariyalar jamiyatni, o‘zaro hamkorlikda bo‘lgan kishilar o‘zlarining va jamoalari hayotini qanday tashkil etishlarining universal qonuniyatlarni hamda bu qonunlar konkret shaklda qanday namoyon bo‘lish xususiyatlarini tushunishga yordam beradi...Ijtimoiy falsafaning tadqiqot predmeti faqatgina jamiyatni emas, shu bilan birga sotsium yoki sotsiallikni ham o‘z ichiga oladi”8.
Do'stlaringiz bilan baham: |