1
JAMIYATNING TARIXIY SHAKLLARI MOHIYATI VA XUSUSIYATLARI
B.Ochilova, JizzaxDPI. F.f.d.
ORCID 0000-0002-6834-6898
Jamiyatning tiplari va tarixiy shakllariga oid bir qator fikrlar hamda konsepsiyalar ilgari
surilgan. Ularda muayyan mezonlar asos qilib olingan. Masalan,Forobiy insonlar jamiyatini
madaniy-tarixiy jihatdan ikki tipga ajratadi:
1. To‘liq jamiyat bo‘lib, u o‘zida:
- Yer yuzidagi jami insonlarni qamrab oluvchi yirik jamiyat;
- Yerning muayyan qismida yashovchi bir millat yoki bir dinga mansub kishilarning
o‘rta jamiyati;
- Muayyan qavm yoki dinga mansub bir shahar jamiyatini qamrab oladi.
2. Bir qishloq, ovul, yoki bir oiladan iborat bo‘lgan to‘liqsiz jamiyat1.
Forobiy fikricha “Eng yaxshi fazilat va oliy darajadagi komillikni kichik birligi shahar
hisoblanadigan madaniy jamiyat ichidagina qo‘lga kiritish mumkin. To‘liqsiz jamiyatlar insonni
takomillashtirishga qobil emaslar”2. Forobiyning bu fikrlari Aflotun va Aristotelning jamiyatga
oid qarashlaridan farq qiladi, chunki u jamiyatdagi o‘zgarishlarni inobatga olgan. Jamiyatni
to‘liq va to‘liqsizga ajratar ekan, Forobiy shahar to‘liq jamiyatning birinchi bosqichidir, deb
e’tirof etadi. Aflotun va Aristotel esa to‘liq jamiyatni shahar bilan chegaralaganlar va shahar
insoniyat jamiyati takomilining oxirgi darajasi, jamoaviy baxt saodatning bosh markazi deb
ta’kidlaganlar. Forobiy esa, butun dunyodagi jamiyat haqida fikr yuritib, uning xukmdori
qandaydir alohida olingan xalq, qavm yoki jamoa boshlig‘i emas, balki butun madaniy dunyodir
deb ta’kidlaydi va bu fikri bilan yunon faylasuflaridan ilgarilab ketadi.
Nemis mutaffakiri
Gegel bo‘yicha jamiyatning mukammal tipi bo‘lib, German davri
hisoblanadi. Bu davrda ilgari bo‘lmagan holat: ilohiy va insoniy tabiatning birlashishi, fuqaro
jamiyatining intellektual ilohiy podsho-lik bilan birlashishi ro‘y berdi. Bu birlashishning muhim
sababchilaridan biri, barcha insonlar teng, ozod va o‘z hayotlarini o‘zlari belgilaydilar, kabi
ta’limot beruvchi xristianlikdir. Insonning ichki erkinligini ta’minlagan holda, xristianlik, uning
ozodligi real ro‘y berishi va tadbiq etilishi lozim, deb hisoblaydi.
Demak Gegel jamiyat tiplariga tarixiy jihatdan yondashib, uning asosiy mezoni
sifatida inson erkinligi va uning ma’naviy kamolotini ta’minlaydigan ijtimoiy shart-sharoitlar
bilan tavsiflaydi.
Yana bir nemis faylasufi M.Veber boshqaruvning mazmuni jihatidan jamiyatning
quyidagi tarixiy tiplarini ko‘rsatib o‘tadi:
- antik jamiyat (an’anaviy boshqaruv);
feodal jamiyat (xarizmatik boshqaruv);
kapitalistik jamiyat (ratsional boshqaruv).
Veberning fikricha, Antik jamiyatda hukmronlik va xokimiyat hukmronlar va itoatkorlar
o‘rtasida muqaddas sanalgan va “azaldan shunday bo‘lib kelgan”, deb hisoblangan. Bunday
jamiyatda hukmdor va itoatkor o‘rtasidagi munosabat ma’muriy yoki iqtisodiy qonunlar va
tamoyillar bilan emas, balki an’anaviy burch va xukmdorga sodiqlik kabi hislar bilan izohlanadi.
Taniqli ingliz faylasufi Karl Popper esa jamiyatning ikki tipga: ochiq va yopiq
jamiyatga ajratadi. U bunda boshqaruvning ratsional darajasini mezon qilib oladi. Uning fikricha
ochiq jamiyat:
- fikrlar xilma-xilligi ( pyuralizm);
- xususiy mulkchilik;
- individual erkinlik;
1 Forobiy. Fozil shahar aholisi. -T., Sharq, 1999. –B.82-83.
2 O’sha asar. -B.69
2
-ratsionallikka asoslangan individual manfaatdorlik kabi xususiyatlarga ega
bo‘ladi.
Yopiq jamiyat esa o‘zida:
totalitarizm;
- kollektivizm:
- irratsionalizm;
- utopizm kabi sifatlarni mujassamlashtiradi.
Jamiyatning tarixiy tiplari masalasida taniqli sotsiolog E. Giddens quyidagi
sxematik jadvalni keltiradi3:
Hozirda ko‘plab olimlar industrial va postindustrial jamiyat shakllariga a’sosiy e’tibor
qaratmoqdalar. Quyida biz jamiyatning mazkur tiplari haqida to‘xtalamiz.
Industrial jamiyat shakli – “Industrial jamiyat” atamasi ilk bor XIX asrda
sotsiologiyaning yirik namoyandalari O.Kont, G.Spenser, E.Dyurgeymlar tomonidan
qo‘llanilgan.
XX asrning 50–60 yillar G‘arbda “industrial jamiyat” nazariyasi shakllandi. Texnologik
determinizm tamoyillariga asoslangan bu nazariya avval boshdanoq, ikki variantda shakllandi:
birinchisi 1956–1959 yillardan R.Aronning Sarbonnadagi ma’ruzalarida va ikkinchisi–
Rostouning “Iqtisodiy o‘sish bosqichlari. Nokommunistik manifest” kitobida.
“Industrial jamiyat” nazariyasining mohiyati shundan iboratki, ijtimoiy taraqqiyot
jarayonidagi tub ijtimoiy–iqtisodiy, siyosiy va madaniy o‘zgarishlar “an’anaviy” agrar
jamiyatlarning “industrial” jamiyatga transformatsiyasi natijasida yuz beradi. Bunday
transformatsiya sanoat revolyutsiyasi va u bilan bog‘liq tezkor va keng miqyosda texnikani
jamiyatning barcha sohalariga kirib borishi natijasida amalga oshadi.
Aynan texnikaning tez rivojlanishi ijtimoiy–iqtisodiy taraqqiyotining asosiy determinanti,
sababi bo‘lib qoladi. Industrial jamiyat shakllanishining asosiy tarkibiy qismlariga uning paydo
bo‘lish jarayonida yirik mashina ishlab chiqarishi (Rostou) erkin savdo va umumiy bozorga
asoslangan iqtisodiyotning milliy sistemasi (Aron), timsoli korxona, mehnatning korxonalashgan
shaklda tashkil etilishi (Toffler) kiradi.
Bellning fikricha, industrial jamiyatning ijtimoiy dinamikasini belgilovchi asosiy
o‘zgaruvchan ko‘rsatkichlari - mehnat va kapital bo‘lib qoladi. Bu tezisga asoslanib, Darendorf
bunday jamiyatdagi asosiy ijtimoiy konflikt (kelishmovchilik)ning sababi proletariat va
kapitalistlar o‘rtasidagi ziddiyatdir, deb hisoblagan.
“An’anaviy” jamiyatlarga xos bo‘lgan qat’iy ijtimoiy chegaralar industrial jamiyatdagi
faol ijtimoiy harakatchanlikning oshib borishi bilan buziladi, an’anaviy nasliy imtiyozlarning
o‘rnini imkoniyatlarning tengligi egallaydi. Bu esa fuqarolar huquqlarining kengayib va boyib
borishiga, ijtimoiy–siyosiy hayotning demokratlashuviga olib keladi.
Industrializm qudratining oshib borishi hamda mutaxassislarning boshqa sohalarni
boshqarishdagi mavqei o‘sishi bilan industrial jamiyatda mulkchilikning boshqaruv jarayonidan
ajralishi sodir bo‘lib, haqiqiy hokimiyat, “texnostruktura” – olimlar, muhandis va texniklar,
savdo, reklama, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislardan tashkil topgan maxsus
ijtimoiy tashkilot qo‘liga o‘tadi (Gelbreyt). SHunday qilib, industrial jamiyat tarkibiga keyingi
taraqqiyot jarayonida barham topgan, xususiy hodisa sifatida “kapitalistik jamiyat” ham
kiradigan keng qamrovli ijtimoiy kategoriya sifatida namoyon bo‘ladi. XX asrning 70–90 yillari
davomida industrial jamiyatga oid fikrlarda tanqidiy baho ko‘proq o‘rin oldi.
Xususan, hozirgi ijtimoiy–siyosiy taraqqiyot industrial jamiyat qadriyatlarining inkor
etilishiga olib kelgani, bu jamiyat hozir inqirozga yuz tutayotgani, insoniyat esa “industrial
jamiyatga nisbatan o‘zini o‘zi ko‘proq o‘zgartirish qobiliyati bilan farq qiluvchi”, shartli
ravishda “postindustrial jamiyat” (axborotlashgan jamiyat), deb ataladigan ijtimoiy sistemaga
qarab rivojlanib bormoqda, deb ko‘rsatiladi.
3 Giddens E. Sotsiologiya: Oliy o‘quv yurtlari uchun qo‘llanma / Tarj. N.Mamatov, J.Begmatov. T., SHarq, 2002. -
B. 75-76.
3
Axborotlashgan jamiyat shakli – ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanish, eng avvalo, axborotni
ishlab chiqarish, unga “ishlov berish”, saqlash va jamiyat a’zolariga etkazishga bog‘liq
bo‘ladigan jamiyatdir.
Falsafiy va sotsiologik tadqiqotlarda “Axborotlashgan jamiyat” tushunchasi yangi
jamiyat sifatida, ya’ni ijtimoiy taraqqiyotning zamonaviy postindustrial jamiyatga o‘tilishida va
unda faoliyatning oshishi axborotni uzatish va saqlashga bog‘liq bo‘ladi.
Axborotlashgan jamiyat muammolar bilan shug‘ullangan olimlardan D.Bell, A.Toffler,
M. Kastels, U.Rostou, P.Draker, Dj.Gelbreyt, F.Uebster va boshqalarning ishlarini alohida qayd
etish kerak. Ular “postindustrial jamiyat” va “axborotlashgan jamiyat” konsepsiyalarini sinonim
sifatida tadqiq etishgan.
Axborotlashgan jamiyat haqida olimlar turlicha fikrdalar. Yapon olimlarining
hisoblashicha, axborotlashgan jamiyatda kompyuterlashtirish jarayoni odamlarga ishonchli
axborot manbaidan foydalanish, ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarda axborotni qayta ishlashni
avtomatlashtirishning yuqori darajasini ta’minlashga imkon beradi.
Axborotlashgan jamiyat tushunchasi 1960 yillarning ikkinchi yarmida paydo bo‘lib, uni
Tokio texnologik universitetining professori yu.Xayash birinchi bo‘lib fanga kiritgan.
Muallifning fikricha, moddiy mahsulot emas, axborotlashuv mahsuloti jamiyatning
shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi kuchiga aylanadi.
Axborotlashgan jamiyat tushunchasining rivojida amerikalik jamiyatshunos olim
D.Bellning “Industrial jamiyat davrining kelajagi. Ijtimoiy bashorat qilish tajribalari” (1973)
nomidagi kitobida insoniyat jamiyati tarixini uch asosiy bosqichga: agrar, industrial va
postindustrial (industrial davrdan so‘nggi) davrlarga bo‘lib chiqadi. Industrial jamiyatning asosiy
rivojlanish manbai – energetik manbalar va energiyani ishlab chiqarish, tarqatish imkoniyatlari
mavjudligidir. Axborotlashgan jamiyatda esa ishlab chiqarishning manbai bilimni to‘plash
texnologiyalari, axborotni qayta ishlash va axborot kommunikatsiyalariga bog‘liq. Bilim va
axborot hozirgi kunda jamiyat rivojlanishining asosiy manbai hisoblanadi.
Axborotlashgan jamiyatga oid qiziqarli falsafiy konsepsiyalardan biri yapon olimi
I.Masudaga tegishlidir. Kelajakda shakllanadigan yangi jamiyatning poydevori bo‘lib kompyuter
texnologiyasi xizmat qiladi. Bu texnologiyaning asosiy vazifasi inson aqliy mehnatining
faolligini kuchaytirish yoki o‘rnini bosishdir.
I.Masuda fikricha, “axborotlashgan jamiyatda insoniy qadriyatlar o‘zgaradi”, bu jamiyat
sinflarga bo‘linmaydi va ziddiyatsiz – ya’ni, ahil, tinch–totuv jamiyat bo‘lib, uni chog‘roq
hukumat va davlat apparati boshqaradi.
Axborotlashgan jamiyatning yana bir nazariyotchisi E.Toffler “Uchinchi to‘lqin” deb
nomlangan kitobida u tamaddun tarixidan uchta to‘lqinni ajratib oladi: birinchi to‘lqin – agrar
(XVIIIasrgacha), ikkinchisi – industrial (XXasrning 50–yillarigacha), uchinchisi – industrial
davrdan so‘nggi davr (XXasrning 50–yillaridan boshlab).
1980–1990 yillarni Axborotlashgan jamiyat konsepsiyalarining rivojidagi yangi bosqich
deb aytish mumkin. Bu davrdagi konsepsiyalar asosan Piter Draker va Manuel Kastels
tadqiqotlari natijalari bilan chambarchas bog‘liq. P.Draker konsepsiyasining mohiyati an’anaviy
kapitalizmni engib o‘tishdan iborat. Uning konsepsiyasiga asosan, yuz berayotgan siljishning
asosiy belgilari industrial xo‘jalikdan bilimlar va axborotga asoslangan iqtisodiy sistemaga kirib
borish, kapitalistik xususiy mulkchilikdan voz kechish, hozirgi zamon odami uchun yangi
qadriyatlarni yaratish, iqtisodiyot va jamiyatdagi globallashuv jarayonlari ta’sirida milliy
davlatning o‘zgarishi nazarda tutilgan.
M.Kastels o‘z fikr–mulohazalarining tayanch nuqtasi qilib global iqtisodiyotni hamda
xalqaro moliyaviy bozorlarni olib, ularni shakllanayotgan yangi dunyoning asosiy belgilari
sifatida qo‘llaydi.
Axborotlashgan jamiyat uning mohiyatini bir–biriga bog‘liq quyidagi jarayonlar
belgilaydi:
– axborot va bilimlar – ijtimoiy–iqtisodiy, texnologik va madaniy rivojlanishning haqiqiy
o‘zak qudratiga, uning qimmatli manbaiga aylandi;
4
– ishlab chiqarishning omili bo‘lmish xomashyo, mehnat, mablag‘ resurslarga
tenglashtirilgan axborot va bilim bozorlari shakllana boshlaydi;
– axborotni etkazib berish va undan foydalanishni ta’minlovchi sohalarning ahamiyati
shiddatli tarzda osha boradi.
Jamiyatni axborotlashtirish jarayoni bir–biri bilan bog‘liq bo‘lgan uch qismdan tarkib
topadi:
- mediatizatsiya (lot. mediatus – vositachi) – axborot to‘plash, saqlash va tarqatish
vositalarini takomillashtirish jarayoni;
- kompyuterlashtirish – axborot qidirish va unga ishlov berish vositalarini
takomillashtirish jarayoni;
- intellektualizatsiya–axborot yaratish va uni idrok etish qobiliyatini rivojlantirish, ya’ni
jamiyatning intellektual salohiyatini oshirish, shu jumladan sun’iy intellektdan foydalanish
jarayonidir.
Umuman olganda, jamiyatni axborotlashtirishni zamonaviy axborot–texnika vositalari
yordamida ijtimoiy tuzilmalar va jarayonlarni takomillashtirish deb talqin qilish lozim.
Axborotlashtirish ijtimoiy intellektualizatsiya jarayonlari bilan uyg‘un bog‘liq bo‘lishi kerak.
Zotan, bu shaxsning va u yashayotgan axborot muhitining ijodiy salohiyatini oshirishga
imkoniyat yaratadi.
Axborotlashgan jamiyat oldingi jamiyatlardan sifat jihatidan farq qiladi. Bu erda moddiy
omillar emas, balki ideal omillar – bilim va axborot birinchi o‘rinda turadi. Axborot va bilim
olish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va berish jarayonida jamiyat a’zolarining aksariyati
band bo‘ladi. Axborotlashgan jamiyatda axborot ishlab chiqarish moddiy ishlab chiqarishni siqib
chiqarmaydi, balki uning ustida quriladi va moddiy ishlab chiqarishning rivojlanishiga turtki
beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |