Oyoq suyaklarining taraqqiyoti
Oyoqlar homila hayotining 4-haftasi oxirida homilaning ventral va dorsal qismlari chegarasida hosil bo’lgan yon bolishlar (kurtaklar) shaklida paydo bo’ladi. 6-haftaning boshida bu kurtaklarning uchlari kengayib, ularning yuzasida barmoqlarning birlamchi belgilari paydo bo’ladi. Kurtak bo’yiga o’sib avval boldir, so’ngra son belgilari paydo bo’ladi. 6-haftaning oxirida oyoq kurtaklarida oyoq kafti, boldir, son va chanoq suyaklarining mezenxima qatlamlari aniq bilinadi. Homila hayotining 8-haftasida bu mezenxima to’qimasi qattiqlashib tog’ayga aylanadi. Oyoq suyaklarining hammasi taraqqiyotning uch davrini o’tadi. Bu suyaklarni diafizlari ona qornidagi davrda suyaklansalar, epifizlari va apofizlari bola tug’ilganidan keyin suyaklanadilar. Bu suyaklarning o’sishi bitta epifiz hisobiga bo’ladi. Yangi tuhg’ilgan bola oyog’ida ham chanoq kamari va oyoqning erkin qismlari bo’ladi. Ularning tuzilishi har xil yoshlarda o’ziga xos xususiyatga ega bo’ladi. Yangi tug’ilgan bola oyog’i nisbatan qisqa. Ularning oyoq kafti uzun, son qismi qisqa. Yoshga qarab oyoqning qismlari har xil tezlikda o’sadi. Balog’at davrida son qismi yangi tug’ilgan bolaga nisbatan 4,5 marta o’ssa, boldir 3,7, oyoq kafti esa 3 marta kattalashadi.
Oyoq kamari suyaklari
Chanoq suyagi (os coxae) (23-rasm) 16 yoshgacha bo’lgan bolada tog’ay vositasida birikkan uchta alohida: yonbosh, qov va o’tirg’ich suyaklaridan iborat. Ularning tanasi birikkan joyni tashqi yuzasida son suyagi boshchasi uchun bo’g’im chuqurchasi bo’lgan sirka kosachasi (acetabulum) hosil bo’ladi. Sirka kosachasi aylanasi qirra bilan o’ralgan chuqur bo’lib, ichki tomonida o’ymasi (incisura acetabuli) bor. Uning chekka qismini son suyagi boshchasi bilan bo’g’im hosil qiluvchi yarimoysimon yuza (facies lunata) egallagan, tubi esa g’adir-budir.
Yonbosh suyagi (os ilium) ikki qismdan: pastki qalinlashgan, sirka kosachasini yuqori qismini hosil qilishda qatnashadigan tanasi (corpus
ossis ilii) va yuqorigi kengaygan qanotdan (ala ossis ilii) iborat. Yonbosh suyagining qanoti S shaklida bo’lib, o’rtasi yupqalashgan. Uning chekkasi qalinlashib, yonbosh qirrasini (crista iliaca) hosil qiladi.
Yonbosh qirrasida qorin mushaklari birikadigan uchta g’adir-budur chiziqlar: tashqi lab (labium externum), ichki lab (labium internum) va oraliq chiziq (linia intermedia) bor. Yonbosh qirrasi oldingi va orqa tomonlarda o’simtalar hosil qilib tugaydi. Oldinda o’zaro o’yma bilan ajragan oldingi yuqorigi yonbosh o’simtasi (spina iliaca anterior superior) va oldingi ostki yonbosh o’simtas’i (spina iliaca anterior inferior ), orqada esa orqa yuqorigi yonbosh o’simtas'i (spina iliaca posterior superior) va orqa pastki yonbosh o’simtasii (spina iliaca posterior inferior) hosil bo’ladi. Qanotning tashqi yuzasida dumba mushaklari boshlanadigan uchta chiziq bilinadi.
A B
23-расм. А. Katta odamning o’ng chanoq suyagi (tashqi yuzasi).
1-ala ossis ilii; 2-crista iliaca; 3-linea glutea superior; 4-spina iliaca anterior superior; 5-spina iliaca anterior inferior; 6-linea glutea inferior; 7-acetabulum; 8-os pubis; 9-for. obturatorium; 10-os ischii; 11-incisura ischiadica minor; 12-spina ischiadica; 13-incisura ischiadica major; 14-spina ischiadica posterior inferior; 15-spinа ischiadica posterior superior; 16-linea glutea posterior.
Do'stlaringiz bilan baham: |