Savol: O`zbekiston hali sobiq ittifoq tarkibidaligida o`zbek tiliga davlat tili maqomini berilishi siyosiy nuqtai-nazardan nimani anglatardi?
Qarshi savol: O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilmasa ham xoxlovchilar o`zbek tilida, boshqalar rus tilida yoki boshqa tillarda gaplashayotgan ediku? bu nima uchun kerak bo`ldi?
Bu masalani milliy o`zlikni anglab etishdagi ahamiyatini teran anglagan O`zbekistonning yangi rahbari Islom Karimov katta jasorat bilan uni hal qilishga kirishdi. Natijada, 1989 -yil 21-oktyabrda XI chaqiriq O`zbekiston SSR Oliy Sovetining XI sessiyasida O`zbekiston SSRning “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Qonunning 1-moddasi, 1-qismiga ko`ra, “O`zbekiston Sovet Sosialistik Respublikasining davlat tili o`zbek ilidir” deb belgilab qo`yildi.
O`zbekiston SSRning “Davlat tili haqida”gi qonunining 4-moddasi, 1- qismida “O`zbekiston SSRda ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari o`z xizmat vazifalarini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart”. Qonunning 5-moddasi, 1-qismida “O`zbekiston SSR davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida sezd, plenum, qurultoy, sessiya, konferensiya, majlis va kengashlar respublikaning davlat tilida olib boriladi va aynan tarjimasi ta’minlanadi” deyilgan.
Savol: Qonunning 5-moddasi, 1-qismida “O`zbekiston SSR davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida sezd, plenum, qurultoy, sessiya, konferensiya, majlis va kengashlar respublikaning davlat tilida olib boriladi va aynan tarjimasi ta’minlanadi” deb belgilab qo`yilishi sizningcha qanday siyosiy ma’noni anglatadi?
1990 -yil 20-iyunda respublikamiz Oliy Soveti tomonidan qabul qilingan “Mustaqillik Deklorasiyasi” qabul qilindi. Deklarasiyaning 12-bandida esa ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo`lishi qayd etilgan. O`shanda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo`lib O`zbekistonda qabul qilingan edi.
Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni Prezident Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o`zida jamlagan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Savol: Davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o`zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya 1990 yil 21 iyun kuni tuzilgan bo`lsada, nima sababdan O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 17-19 avgust kunlari “Hindiston Respublikasiga rasmiy tashrifi O`zbekiston Prezidentining xorijga qilgan birinchi mustaqil – tarixiy tashrifi edi”. Yurtboshimiz Hindistonda bo`lgan bir paytda – 19 avgust kuni o`zini “Davlat favqulodda holat qo`mitasi”, ya’ni GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlarning davlat to`ntarishini sodir etishga qaratilgan murojaati e’lon qilindi. Afsuski, O`zbekiston rahbarining safarda ekanidan foydalanib, GKChPning noqonuniy qarorlarini qo`llab- quvvatlaydigan rahbarlar yurtimizda ham topildi.
Prezident Islom Karimov GKChP e’lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust kuni zudlik bilan Toshkentga qaytadi. Toshkent aeroportida Yurtboshimizni rasmiy kishilardan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo`mondoni hamda Markazdan kelgan 3 nafar general kutib oladi. Bu o`sha paytdagi mavjud rasmiy protokol qoidalariga mutlaqo zid bo`lib, tagdor siyosiy ma’noga ega edi. Islom Karimov aeroportdan to`g`ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O`zbekiston SSR hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko`rsatma berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |