Qog’oz – kredit pullar tizimi. Qog’oz – kredit pullar tizimining evolyutsion rivojlanishi, iqtisodiyotning globallashuvi va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi sharoitida pul oborotini vaqtdan va moliyaviy jihatdan yanada tejamliroq bo’lishini, shuningdek, uni samaraliroq ishlashini ta’minlamoqda. Agar dastlabki qog’oz pullar taxminan X asrning oxiri XI asrning boshlarida muomalaga chiqarila boshlangan bo’lsa, 1930 yillarning oxiriga kelib ular qatorida kredit pullari to’lov hisob – kitob va pul aylanmalarini amalga oshirishda ishtirok eta boshladi. Bu o’z navbatida iqtisodiyotda pul – kredit siyosatini amalga oshirish va pul muomalasini tashkil etishga ijobiy ta’sir ko’rsata boshladi.
Iqtisodiyotning rivojlangan hozirgi davrida pulning asosiy turlari banklarning kredit biletlari (banknotlar), tangalar, pul cheklari, elektron–plastik kartochkalar, hisob raqamlarda yozuvda aks ettirilgan pullar hisoblanadi.
Muomalaga pullarni emissiya qilish Markaziy bankka yuklatilgan. Markaziy bank «banklarning banki» sifatida kredit resurslarini shakllantirish va ushbu resurslarni naqd va naqd pulsiz ko’rinishida muomalaga chiqarishi mumkin. Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan naqd pullar uning majburiyati bo’lib, tijorat banklari ushbu pullarni muomalada aylanishini ta’minlaydi. Tijorat banklari qog’oz – kredit pullarni Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag’idagi mablag’lari doirasida ishlatishi mumkin.
2. Pul tizimining elementlari Pul tizimi quyidagi elementlarni o’z ichiga oladi:
pul tizimini tashkil etish tamoyillari;
pul birligi;
baho masshtabi;
pulning turlari;
pul birliklari va belgilarini emissiya qilish tartibi va ularning ta’minlanganlik asoslari;
pul muomalasini tartibga solishning usullari;
mamlakatda pul oborotining tarkibi va uni tashkil etish.
Pul tizimini tashkil etish tamoyillari –pul tizimini tashkil etishning asosiy elementlaridan hisoblandi. Pul tizimini tashkil etishda davlat tomonidan pul tizimini tashkil etishning tartib va qoidalari nazarda tutiladi. Ta’kidlash joizki, bozor iqtisodiyoti amal qilayotgan barcha mamlakatda muomalaga pul belgilarini emissiya qilish, bank tizimining tarkibi bir – biriga o’xshasada har bir mamlakatda pul – kredit va moliya siyosatini amalga oshirishning o’ziga xos tamoyillari mavjud. Ushbu tamoyillarning asosiylari quyida keltirilgan.
Pul tizimini markazdan boshqarishi tamoyili. Pul tizimini boshqarishning ushbu tamoyili mamlakatni ma’muriy – taqsimlash modeliga xos bo’lib, bu jarayonda barcha pul munosabatlari tegishli ko’rsatma va reja asosida amalga oshiriladi. Mamlakatda faoliyat yuritadigan barcha banklar va ularning filiallari davlat ixtiyorida va nazorati ostida faoliyat yuritadi. Muomalada pul massasini tartibga solish tegishli reja va derektiv ko’rsatmalar orqali bajariladi.
Pul tizimini talab va taklif asosida tartibga solish tamoyili. Pul tizimini tashkil etishning ushbu tamoyilida asosiy e’tibor milliy valyutaning sotib olish qobiliyatini mustahkamligi va inflyatsiya darajasining normal me’yoriga qaratiladi. Mamlakat Markaziy banki mustaqil ravishda pul – kredit siyosatini amalga oshiradi, kredit muassasalari Markaziy bank tomonidan belgilangan tegishli iqtisodiy normativlarga rioya etgan holda o’zining faoliyatini tashkil etadi.