61-modda. Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari
Oldingi tahrirga qarang.
Har xil turdagi asosiy jazolarni qo‘shganda ozodlikdan mahrum qilishning bir kuni:
a) ozodlikni cheklashning yoki intizomiy qismga jo‘natishning bir kuniga;
b) axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat bo‘yicha cheklashning uch kuniga;
v) majburiy jamoat ishlarining to‘rt soatiga to‘g‘ri keladi.
Jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish, ozodlikni cheklash, xizmat bo‘yicha cheklash, axloq tuzatish ishlari, majburiy jamoat ishlari jazosi bilan qo‘shilganda har qaysisi alohida ijro etiladi.
(61-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
62-modda. Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari
Sud jazo tayinlash chog‘ida ushlab turishning, qamoqqa olishning yoki uy qamog‘ining har bir kunini:
a) ozodlikni cheklashning, intizomiy qismga jo‘natishning, ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga;
b) axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat bo‘yicha cheklashning uch kuniga;
v) majburiy jamoat ishlarining to‘rt soatiga tenglashtirib hisoblaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud ushlab turilgan, qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlangan shaxsga jarima tayinlashda ushlab turishning, qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlashning bir kunini bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisobga oladi.
(62-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
63-modda. Jazo muddatlarini hisoblash
Oldingi tahrirga qarang.
Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash, qamoq, ozodlikni cheklash, intizomiy qismga jo‘natish, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazolarning muddatlari oylar va yillar bilan hisoblanadi. Jazolarni almashtirish, hisoblash, qo‘shish vaqtida ularning muddatlari sutkalar bilan hisoblanishi mumkin.
(63-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning muddatlari soatlar bilan hisoblanadi.
(63-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.11.00.00 Jinoyat qonunchiligi / 16.11.03.00 Jazo va uning tayinlanishi. Jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilish]
Do'stlaringiz bilan baham: |