74-modda. Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin.
(74-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)
Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan mahkumga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish mahkum:
a) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida to‘rtdan bir qismini;
b) og‘ir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini;
v) o‘ta og‘ir jinoyati uchun, shuningdek jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilgan va jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan sodir etgan yangi jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarmini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin qo‘llanilishi mumkin.
(74-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 254-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning o‘talmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan qismi muddatiga tayinlanadi.
(74-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)
Jazoning o‘talmagan qismini yengilrog‘i bilan almashtirish ushbu Kodeksning 73-moddasi to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi 112-moddasining uchinchi qismi va 164-moddasi.
Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxslar yengilroq jazoning tegishli qismini o‘tab bo‘lganlaridan keyin ushbu Kodeksning 73-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxs jazoning o‘talmagan qismi mobaynida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.
(74-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari”ning (ro‘yxat raqami: 2495, 29.07.2013-y.) 472 — 480-bandlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |