2.Jamoadagi psixologik muhit.
Jamoadagi ma’naviy-psixologik muhit - bu jamoa a’zolari o‘rtasidagi ichki aloqalarning barqaror holati. U jamoaning ruhiy-axloqiy kayfiyatida, uning faoliyati natijalarida, jamoatchilik fikrining shakllanishida namoyon bo‘ladi.
Jamoadagi ma’naviy-psixologik muhit quyidagi omillarga bog‘liq bo‘ladi: texnik daraja, intizom va mehnatni muhofaza qilish darajasiga, mehnat va boshqaruvning tashkil etilishiga, moddiy boyliklarning taqsimlanishiga, mehnatga haq to‘lash tizimiga, jamoaning bilim va malaka darajasiga, xodimlarning ijodiy va intellektual salohiyatiga, xodimlarning ma’naviy tizimi va axloqiy tamoyillariga, ularning ijtimoiy-psixologik xossalariga, jamoaning yashash va dam olish sharoitlariga.
Shaxsga mehnat jamoasining ta’siri uning a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan axloqiy munosabatlar xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Kishilar faoliyatining natijalariga ularning kayfiyati ta’sir ko‘rsatadi. Mehnat jamoasida yaxshi kayfiyatni yarata olish - menejerning muhim vazifalaridan biri, chunki bu mehnat unumdorligini oshirish bilan barobar. O’zaro hurmat va o‘zaro yordam, jamoa a’zosining shaxsiga e’tibor normal ma’naviy-psixologik muhitni tavsiflaydi va shaxslararo munosabatlarning axloqiy me’yori hisoblanadi.
3.Jamoada konfliktlarni boshqarish.
Odamlar konflikt haqida o‘ylaganda, ko‘pincha uni agressiya, janjal, tahdid, baqiriq-chaqiriqlar bilan tenglashtiradilar. Natijada konflikt nomaqbul hodisa, uni darhol yechish kerak degan fikr keng tarqalgan. Holbuki, konfliktning salbiy tomoni ham, ijobiy tomoni ham bor. Ko‘pgina vaziyatlarda konflikt nuqtai nazarlar rang-barangligini aniqlashga ko‘maklashadi, qo‘shimcha axborot beradi, ko‘p sonli muammolarni aniqlashga yordam beradi.
Konfliktlar - munosabatlarda ancha ko‘p uchraydigan vaziyat. Ular hayotimizning tabiiy qismi hisoblanadi. Ular vaziyat va munosabatlarni rivojlantirish, shaxsning o‘sishi uchun hatto ma’lum darajada zarur, aks holda turg‘unlik yuz berishi mumkin. Konfliktlar tabiati vaziyatning xususiyatlari, odamlar, guruhlar, jamoalarning xossalari bilan bog‘liq. Ularning vujudga kelish sabablari har xil - ob’yektivdan (ishlab chiqarish konflikti) tortib sub’yektivgacha (odamlarning munosabatlari) bo‘lishi mumkin.
Konflikt tushunchasining mazmuniga berilgan har xil ta’riflar mavjud, lekin ularning barchasi odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda mavjud ziddiyatlarga urg‘u beradi.
Konflikt (lot. sopshksh) qarama-qarshi tomonlar, fikrlar, kuchlar to‘qnashuvini anglatadi, shu bois konflikt ikki yoki undan ortiq taraflar: shaxslar yoki guruhlar o‘rtasidagi kelishmovchilikdir.
Har qanday konfliktni harakatlantiruvchi kuch konflikt ishtirokchilarining maqsadlari, manfaatlari va motivlarining to‘qnashuvi hisoblanadi. Binobarin, konflikt bir yoki bir necha taraf o‘z manfaatlari kamsitilganini anglab yetishidir.
Konfliktning asosiy tarkibiy elementlari quyidagilardir:
• Konflikt taraflari - ijtimoiy munosabatlarning konfliktlashayotgan sub’yektlari (ishtirokchilari).
• Konflikt predmeti - konfliktga sabab bo‘lgan hodisa.
• Konflikt motivlari - ishtirokchilarni konfliktlashishga da’vat etuvchi ichki omillar.
• Konfliktlashayotgan taraflarning nuqtai nazarlari - ular konflikt jarayonida bir-biriga bildiruvchi fikrlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |