80-modda. Ijro xatini taqdim etish muddatlari va ijro xati bo‘yicha undirib olish tartibi
Ijro xati, agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, u yozilgan kundan boshlab uch yil muddat ichida majburiy ijro uchun taqdim etilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasi.
Ijro xatini taqdim etishning o‘tkazib yuborilgan muddatini, shuningdek ijro xati bo‘yicha undirishni tiklash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi.
14-bob. VEKSELNI PROTEST QILISh. ChEKNI TO‘LOVGA TAQDIM ETISh VA ChEKNING TO‘LANMAGANLIGINI TASDIQLASh
81-modda. Vekselni protest qilish
Notarius puli to‘lanmagan, aksept qilinmagan va aksept sanasi ko‘rsatilmagan vekselni qonun hujjatlariga muvofiq protest qiladi.
82-modda. Chekni to‘lovga taqdim etish va chekning to‘lanmaganligini tasdiqlash
To‘lovchining turar joyidagi notarius to‘lovga taqdim etilgan chekni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda qabul qilib oladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 807 — 816-moddasi.
Chek to‘lanmagan taqdirda notarius chekning to‘lanmaganligini unga yozib qo‘yish yo‘li bilan tasdiqlaydi va buni reyestrda qayd etadi. Chekka yozish bilan birga chek beruvchiga uning chekini bank to‘lamaganligi va bu xususda chekka yozib qo‘yilganligi haqida bildirish xati yuboriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 814-moddasi.
Chek to‘lanmagan taqdirda notarius chek saqlovchining iltimosiga ko‘ra ijro xatini yozadi.
15-bob. HUJJATLARNI SAQLASh UChUN QABUL QILIB OLISh VA ULARNI QAYTARIB BERISh
83-modda. Hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib olish
Notarius hujjatlarni saqlash uchun ro‘yxat bo‘yicha qabul qilib oladi. Ro‘yxatning bir nusxasi notariusda qoladi, boshqa nusxasi hujjatlarni saqlash uchun topshirgan shaxsga beriladi.
Agar hujjatlar lozim tarzda o‘rab joylashtirilgan bo‘lsa, shaxsning iltimosiga ko‘ra notarius ularni ro‘yxatsiz ham qabul qilib olishi mumkin. Hujjatlar o‘ramiga notariusning muhri qo‘yiladi hamda u notarius va hujjatlarni topshirgan shaxs tomonidan imzolanadi. Bunday hollarda notarius hujjatlar o‘ramining but saqlanishi uchun javob beradi.
Hujjatlarni saqlash uchun topshirgan shaxsga guvohnoma beriladi.
84-modda. Saqlash uchun qabul qilingan hujjatlarni qaytarish
Saqlash uchun qabul qilingan hujjatlar ularni saqlash uchun topshirgan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga guvohnoma va ro‘yxatni taqdim etganidan keyin yoxud sudning qarori bo‘yicha qaytarib beriladi.
16-bob. DENGIZ PROTESTLARINI AMALGA OShIRISh
85-modda. Dengiz protestlari haqidagi ariza
Notarius kema egasining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun dalil-isbotlarni ta’minlash maqsadida kema kapitanining kema suzib borayotganda yoki u to‘xtab turgan joyda sodir bo‘lgan hamda kema egasining oldiga mulkiy talablar qo‘yish uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisa to‘g‘risidagi arizasini qabul qiladi.
Dengiz protesti haqidagi arizada yuz bergan hodisa tafsilotlari va kapitanning o‘ziga ishonib topshirilgan mulkning but saqlanishini ta’minlash yuzasidan ko‘rgan chora-tadbirlari bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Dengiz protesti to‘g‘risidagi arizada bayon etilgan holatlarning tasdig‘i sifatida kema kapitani ariza bilan bir vaqtda yoki kema portga kirgan kundan boshlab, agar hodisa portda yuz bergan bo‘lsa, u yuz berganidan so‘ng yetti kundan kechiktirmay notariusga ko‘zdan kechirish uchun kema daftarini va kema daftaridan olinib kapitan tomonidan tasdiqlangan ko‘chirmani taqdim etishi shart.
86-modda. Dengiz protestlari haqida ariza berish muddatlari
Dengiz protesti haqidagi ariza kema portga kirgan vaqtdan boshlab yigirma to‘rt soat ichida beriladi. Agar dengiz protesti haqida ariza berish zaruratini keltirib chiqargan hodisa portda yuz bergan bo‘lsa, protest hodisa yuz bergan vaqtdan boshlab yigirma to‘rt soat ichida berilishi kerak.
Protestni belgilangan muddatda berishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, buning sabablari dengiz protesti haqidagi arizada ko‘rsatilishi kerak.
87-modda. Dengiz protesti haqida dalolatnoma tuzish
Notarius kapitanning arizasi, kema daftaridagi ma’lumotlar, shuningdek kapitanning o‘zi hamda kema qo‘mondonligi tarkibidan kamida ikki guvohni va kema komandasi tarkibidan ikki guvohni so‘roq qilish asosida dengiz protesti haqida dalolatnoma tuzadi va uni o‘z imzosi hamda gerbli muhr bilan tasdiqlaydi. Dengiz protesti haqidagi dalolatnomaning bir nusxasi kapitanga yoki vakil qilingan shaxsga beriladi.
17-bob. ChET EL HUQUQI NORMALARINING QO‘LLANILIShI. XALQARO ShARTNOMALAR
88-modda. Notarius tomonidan chet el huquqi normalarining qo‘llanilishi
Notarius O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, xalqaro shartnomalarga muvofiq chet el huquqi normalarini qo‘llaydi.
Notarius xalqaro shartnomalar talablariga muvofiq tuzilgan hujjatlarni qabul qilib oladi, shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga zid kelmasa, ularga boshqa davlatlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shaklda tasdiqlovchi ustxatlar yozadi.
89-modda. Meros mol-mulkni qo‘riqlash va merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish
Chet el fuqarosi vafotidan keyin uning O‘zbekiston Respublikasi hududida qolgan mol-mulkini qo‘riqlash yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi vafot etganidan keyin chet el fuqarosiga tegishli bo‘lgan mol-mulkni qo‘riqlash, shuningdek bunday mol-mulk xususida merosga bo‘lgan huquq haqida guvohnomalar berish bilan bog‘liq harakatlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
90-modda. Chet elda amal qilishga mo‘ljallangan ishonchnomalar
Notarius tomonidan tasdiqlangan, chet elda amal qilishga mo‘ljallangan, amal qilish muddati ko‘rsatilmagan ishonchnomalar ularni bergan shaxs tomonidan bekor qilinguniga qadar o‘z kuchida qoladi.
91-modda. Notariusning chet elda tuzilgan hujjatlarni qabul qilishi
Oldingi tahrirga qarang.
Chet elda boshqa davlatlar vakolatli organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida tuzilgan yoki ulardan kelayotgan hujjatlar rasmiylashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan taqdirdagina notarius tomonidan qabul qilinadi.
(91-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi O‘RQ-497-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 03/18/497/2044-son — 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunday hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda rasmiylashtirilmagan yoki apostil qo‘yilmagan holida notarius tomonidan qabul qilinadi.
(91-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi O‘RQ-497-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 03/18/497/2044-son — 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
92-modda. Notariusning boshqa davlatlar adliya organlari bilan o‘zaro munosabatlari
Notariusning boshqa davlatlar adliya organlari bilan o‘zaro munosabatlari tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
93-modda. Xalqaro shartnoma
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida notarial harakatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, notarial harakatlarni amalga oshirish chog‘ida xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi notariusga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan notarial harakatni amalga oshirish vakolatini bersa, notarius bu notarial harakatni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilagan tartibda amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-dekabr,
343-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 42-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 37-38-son, 280-modda; 2006-y., 39-son, 385-modda; 2007-y., 52-son, 533-modda; 2009-y., 39-son, 423-modda; 2010-y., 37-son, 313-modda; 2012-y., 15-son, 163-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son, 12.10.2018-y., 03/18/497/2044-son; 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)