O’z joniga qasd qilish (suitsid) - bu ongli ravishda o’zini hayotdan ayirish. Suitsidal hulq-suitsidga qaraganda kengroq tushuncha bo’lib, u suitsidal urinishlar va ko’rinishlarni, suiqasdni o’z ichiga qamrab oladi. Suiqasdga suitsidentga bog’liq bo’lmagan sababga ko’ra o’lim bilan yakunlanmagan barcha suitsidal aktlar kiradi (arqonning uzilib ketishi, o’z vaqtida ko’rsatilgan reanimatsion tadbirlar va b...). Suitsidal ko’rinishlarga esa-amalda bajarilmagan biroq o’zini hayotdan ayirish uchun yo’naltirilgan har qanday harakatlar, o’y-xayollar, ishoralar kiradi.
Suitsid fenomeni psixologik inqiroz bilan bog’liq. Ushbu inqiroz tushunchasi ostida shaxsni muhim hayotiy ehtiyojlarini qondirish yo’lida duch keladigan qarshiliklarga javoban yuzaga keluvchi emotsional holat tushuniladi. Ya’ni, bu to’siqlarni inson avvalgi hayot tajribasidan o’zi uchun ma’lum bo’lgan echim usuli bilan bartaraf eta olmaydi.
Shunday qilib, psixologik inqirozni tashqi sharoitlar bosimi ostida yuzaga keluvchi ichki emotsional muvozanatning buzilishi deb aytish mumkin.
A.G.Ambrumova fikriga ko’ra, "Suitsid xavfi kelajakni konstruktiv rejalashtirish qobiliyatini birdan pasayib ketishi bilan aniqlanadi".
Ma’naviy-psixologik og’riq og’ir inqirozli holatlarning umumiy omillaridan hisoblanadi. Ma’naviy og’riqqa chidab bo’lmaslik uni qanday yo’l bilan bo’lmasin to’xtatishga intilishga olib keladi va suitsid insonga muammolarini echish va ulardan qutilishning yagona yo’li bo’lib ko’rinadi.
Suitsid (ang. " suicide "-o’z joniga qasd qilimoq) - inson kuchli ruhiy buzilish holatida yoki psixik kasallik ta’siri ostida o’z joniga qasd qilishni sodir etish akti; o’tkir psixik jarohat beruvchi vaziyatlarda o’z hayoti oliy qadr-qimmat sifatida ushbu inson uchun o’z mazmunini yo’qotadi.
Ichki suitsidal ko’rinishlar o’z ichiga quyidagilarni oladi:
Suitsidal hayollar; o’lim haqidagi fantaziyalar;
Suitsidal niyatlar: o’z joniga qasd qilish usullarini o’ylash, uning vosita
va vaqtini tanlash;
Suitsidal maqsad: niyatga irodaviy komponent qo’shiladi va inson o’zini harakatga yo’naltiradi.