Virusni farqlash. Shunday qilib u yoki bu usullar bilan patologik materialdagi aktiv virus topiladi.
Navbatdagi vazifa bu qaysi virusligini aniqlab uni farqlashdan iborat.
Ayrim hollarda virusni aniqlash jarayonida qaysi virus ekanligini farqlash mumkin.
Buni farqlashda patologik material olingan hayvonning turi, sezgir laboratoriya sistemalarining turi va laboratoriya ob’ektlariga virusning ta’sir qilish xususiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobga olingani yordam beradi.
Undan tashqari virusni turini ishonchli aniqlashga gemagglyutinatsiya va gemadsorbsiya chaqirishini, hamda uning efirga sezgirligini o‘rganish natijasida ham erishish mumkin. Lekin topilgan virusni uzil kesil farqlash birorta mos keladigan serologik reaksiya yordamida bajariladi. O‘rganiladigan virus bu holda virus antigeni vazifasini bajaradi, spetsifik zardoblar sifatida esa avvaldan tayyorlanganlari ishlatiladi. Tez uchrab turadigan viruslarga qarshi zardoblar (konservatsiyalangan holda) qo‘llaniladi.
Ajratilgan virusning xususiyatini o‘rganish va antigen sifatida foydalanish uchun kerakli hajmdagi suspenziyasini olish kerak.
Shuning uchun ajratilgan virusni identifikatsiyalashdan oldin, qaysi hayvondan ajratilgan bo‘lsa, shu xil laboratoriya sistemalariga yuqtirish yo‘li bilan ko‘paytiriladi.
Viruslarni uzil-kesil identifikatsiyalash uchun serologik reaksiyalarni tanlash virusning xususiyatiga binoan va u yoki bu serologik reaksiyalarni qo‘yish imkoniyatiga qarab aniqlanadi.
Agar virus gemagglyutinatsiyalovchi xususiyatini namoyon qilsa, gemagglyutinatsiyani to‘xtatish reaksiyasi yordamida ishonchli identifikatsiyalanadi.
Virus o‘stirilgan hujayralardan ajratilgan bo‘lsa va gemadsorbsiyalanish qobiliyatini namoyon qilsa uni gemadsorbsiyani to‘xtatish reaksiyasi yordamida identifikatsiyalash maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida aytilgan xususiyatlar ajratilgan virusda bo‘lmagan taqdirda uni o‘sha laboratoriya ob’ektlarida neytrallash reaksiyasi yordamida identifikatsiyalanadi.
Biroq neytrallash reaksiyasining ko‘p mehnat talab qilishi, uzoqqa cho‘zilishi va nihoyat qimmat turishi inobatga olinadi. Shuning uchun gelda diffuziyali pretsipitatsiya reaksiysiadan foydalanish mumkin.
Bu reaksiyani qo‘yish tartibi oddiy va oson, tez natija beradi, kam ingredientlar sarflanadi, lekin sezuvchanligini kamligi bilan ajralib turadi va shu sababli unda qo‘llaniladigan antigenlar va zardoblarning titri yetarli yuqori bo‘lgan paytda (bunday zardoblar hamma vaqt ham olinavermaydi) foydalanish mumkin. Shuningdek, KBR dan foydalanish mumkin.
Biroq u ko‘p mehnat talab qilib, komponentlarga ehtiyoj katta, unga faqat eruvchan antigenlar yaraydi va antikomplementar xususiyatlardan ozod (yoki ozod qilingan) antigenlar ishlatiladi. Shuning uchun KBR barcha viruslarga yaroqli hisoblanadi.