Virusologik usullar. Bularga patologik materialdagi virusning aktiv shaklini indikatsiyalovchi va keyinchalik farqlovchi usullar kiradi. Viruslarning indikatsiyalash odatda sezgir, tirik laboratoriya ob’ektlarida biologik sinab ko‘rish yo‘li bilan va ularni farqlash esa serologik reaksiyalar yordamida amalga oshiriladi.
Bu usullarni virusologik deb shartli ravishda atash mumkin(to‘g‘risi virusologik masala) chunki boshqa laboratoriya usullarining vazifasi ham viruslarni topish va ularni aktiv bo‘lmagan shaklini yoki organizmdagi ularning izini farqlashdan iborat.
Virusologik usullar bilan ayrim patologik materialni tekshirganda material steril sharoitda olinishi kerak va undagi virus esa yaxshi konservatsiyalangan bo‘lishi zarur. Laboratoriyalarda ulardan aralashma (suspenziya) tayyorlanadi, uni tartib bilan materialning qismlaridan va bo‘lakchalaridan (sentrifugalab) va bakteriyalardan va zamburuug‘lardan (antibiotiklar bilan yoki fil’trlab) tozalanadi.
Viruslarni topish. Tayyorlangan suspenziya bilan (tarkibida virusning borligi taxmin qilingan) sezgir laboratoriya ob’ektlariga yuqtiriladi shu maqsadda ko‘pincha laboratoriya hayvonlari, tovuq homilalari va o‘stirilgan hujayralar qo‘llaniladi. Yuqtirish usullari va yo‘llari virusning tropizmiga qarab aniqlanadi.
Ob’ektlarni tanlash esa patologik materialning kelib chiqishiga va ob’ektlarni tanlaganda ularni viruslarga sezgirligi hisobga olinadi.
Viruslarni indikatsiyalash uchun laboratoriya ob’ektlari tanlanganda, kasallikning klinik-epizootologik ma’lumotlariga, patologik material olingan hayvonning turiga va patologik materialning xiliga qaraladi.
Ko‘pincha bu ma’lumotlar kerakli laboratoriya sistemalarini va ularga yuqtirish usullarini tanlashga imkon beradi. Shuning uchun kasal parrandalardan olingan patologik materialdagi virusni izlash uchun tovuq homilalariga yuqtirish usullari qo'llaniladi. Bu erda, katta yoshdagi tovuqlar organizmida rivojlangan virus tovuq homilasida bemalol rivojlanishi mumkinligi ko‘zda tutiladi.
Agar patologik material sut emizuvchi hayvonlardan olingan bo‘lsa unda patologik materialdagi virusni topish uchun o‘stirilgan hujayralarga yuqtirish maqsadga muvofiq.
Bu yerda patologik materialdagi virus ma’lum hayvonlar hujayralariga moslashgani va tez SPT chaqirishiga asoslangan.
Patologik materialdagi virusni indikatsiyalash uchun laboratoriya hayvonlarini tanlash nihoyat murakkabdir. Faqat dastlabki diagnoz natijasiga qarab chamalanadi, u qo‘zg‘atuvchini laboratoriya hayvonlarining turiga, sezgirligiga qarab tanlash xususiyatiga asoslanadi.
Laboratoriya hayvonlariga tajriba uchun yuqtirilganda virus patologik materialda qaysi hujayra tarkibida bo‘lsa, yuqtirilgandan so‘ng ham o‘sha hujayralarga tushishga (miyadan tayyorlangan suspenziya bilan aynan miyaga yuqtirish, jigar suspenziyasi bilan qorin bo‘shlig‘iga, o‘pka suspenziyasi yoki yuqori nafas olish yo‘llarining yuvindisi bilan burunga yuqtirish kerak va hokazo) virusning tropizmini ham hisobga olish zarur.
Yuqorida aytilganlarga qaramasdan patologik materialdagi virusni aniqlash uchun o‘tkazilgan birinchi passajda laboratoriya sistemalari virusga nisbatan sezilarli reaksiya bermaydi. Bu hol ko‘pincha, laboratoriya hayvonlariga virus moslashmaganligi sababli yoki uning miqdori spetsifik reaksiya chaqirishga etarli bo‘lmagan paytlar sodir bo‘ladi. Bu holda, birinchi passaj “ko‘r passaj” hisoblanadi, shundan so‘ng laboratoriya hayvonlariga ikkinchi passaj qilinadi. Agar ikkinchi passaj ham virusga reaksiya chaqirmasa u ham “ko‘r passaj” hisoblanadi va uchinchi passaj o‘tkaziladi.
Ayrim paytlar virus 10 marta passaj o‘tkazilganda spetsifik ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki bu orada virus laboratoriya sistemalari organizmiga etarlicha moslashadi va spetsifik bo‘lgan reaksiya chaqirish uchun etarli miqdorda to‘planadi. Odatda 3-4 “ko‘r” passaj o‘tkaziladi.