6.Kirish so‘z va kirish birikmalar (so‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini ifodalaydi) gapning boshida kelganda, undan keyin, gap o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, gap oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi: To‘g‘ri, biz bu ablahning zimmasiga bir nima vazifa yuklagan edik. (O.) Juvonning toqati toq bo‘ldi, shekilli, dumalayotgan o‘g‘lini yerdan yulqib ko‘tardi. (O‘.Hoshimov). Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir. (O‘.Hoshimov) Hali hech kim bilmaydi, menimcha. (A.Namozov) Ularningfikricha, Akbarning shuhrati va obro‘si davlat manfaatlariga xizmat qiladi. (P.Qodirov) Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar olamidagi jinoyatning 70 foizi aynan shu badmastlik oqibati ekan. (T.Malik)
7.Kirish gaplar (so‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini ifodalaydi) ham asosiy gapning boshida kelganda, undan keyin, o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi: Bizda, mana, serjant Orziqulov biladi, bir kallada ming xil tashvish. (T.Murod) Inga Fyodorovna, esingizda bo‘lsa kerak, Sizning yurtingizga borishdan murod - maqola yozish edi. (Ch.Aytmatov) Shunday kilib desangiz, o‘zim ham bilmagan holda shu orzular tufayli men yo‘qlik dag‘dag‘asiga qarshi ustivor turaman. (Ch.Aytmatov) Chorva ham, o‘zingiz bilasiz, haminqadar. (S.Ahmad) Bir parcha qog‘ozga yozilgan jo‘ngina xat har qanday odamning boshiga yetardi, men sizga aytsam. (A.Muxtor) Sizni dog‘da qoldirmaydi, ishonavering! (U.Uteuliyev).
8.Gapda qani, nima, xo‘sh kabi so‘zlar gap bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmagan holda turli modal ma’no nozikliklarini ifodalashga xizmat qilib, asosiy gapning boshida kelganda, undan keyin, o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi: Qani, polvon bova, davraga chiqing! (T.Murod) Xo‘sh, u yerda nima rohat ko‘rding. (O.) Nima, men go‘dakmidim? (Sh.Xolmirzayev) Men qachon nonu tuz ko‘tarib yovuzlarga peshvoz chiqqan ekanman, qani, ayt! (A.Muxtor) Xo‘sh, nima qilish kerak endi? (Sh.Xolmirzayev) Suvi bir xil, yeri bir xil, lekin ikkita baravarini topib ber, qani? (A.A’zam)
Ba’zan mazkur so‘zlar yonma-yon kelsa, ular ham bir-biridan vergul bilan ajratiladi: Ko‘rganimni aytdim, deysiz. Nimani ko‘rdingiz? Xo‘sh, qani? (T.Murod) Qani, xo‘sh, masalan, choynakning qopqog‘ini ruscha nima deydi? (A.Qahhor).
9.Salomlashish-xayrlashish, tabrik, minnatdorlik, tashakkur, uzrxohlik, ma’qullash, rag‘batlantirish kabi muomala odatlarini bildiradigan so‘z va qoliplashgan birikmalar gap boshida kelsa, undan keyin, o‘rtasida kelsa, har ikki tomonidan, oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi: Salom, Amirqul aka, hormang! (O‘.Umarbekov) Xayr, siz bilan kechqurun ko‘rishamiz. (T.Malik) Uzr, tajribasizlik qilibman. (A.Meliboyev) Og‘ayni, tegib ketgan bo‘lsa, uzr, kechiring. (A.Obidjon) Rahmat, do‘stlar, buning hojati yo‘q. (P.Qodirov) Marhamat, keling, o‘rtoq Abdurahmonov! (Sh.Xolmirzayev) Xudoga shukr, qo‘shnilarim tillo odamlar. (T.Malik) Shukur, sog‘, ba’zi ishlar bilan bo‘lib kelolmadi. (A.Qodiriy) Men esam, shukur, yuzdan o‘tdim. (A.Abdullayev).
Do'stlaringiz bilan baham: |