Bog‘lovchisiz yoki murakkab qo‘shma gap tarkibidagi gaplar mazmunan sezilarli mustaqil bo‘lib, bir-biriga mazmunan bevosita yaqin bo‘lmaganda, odatda ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi: Hamidaning boshi og‘irlashib ketdi; ikki marta sekin, og‘zini ochmasdan esnadi. (A.Qahhor) Faqat pashsha g‘ing‘illaydi, bemor inqillaydi; har zamon yaqsin-yiroqdan gadoy tovushi eshitiladi. (A.Qahhor) Uotasi singari baland bo‘yli, keng yag‘rinli; otda ko‘p yurgani uchun oyog‘ini kerib tashlaydi, ovda ko‘p bo‘lganidan fikrini qo‘l harakati bilan ham tushuntirib 3 gapiradi. (Sh.Xolmirzayev) Chet yoqalariga barra qo‘zi terisi yopishtirib tikilgan, yoqasi ochiq pochapo‘stin kiygan bo‘lsa, o‘ziga, po‘stini keng ko‘kragiga yarashib turgan bo‘lsa, o‘ziga; sog‘lom, baquvvat, o‘ktam, ko‘zlari tiniq, tani misday bo‘lsa, o‘ziga; Bozorboydan besh yosh katta bo‘lsa, o‘ziga; uning bular bilan necha pullik ishi bor, axir. (Ch.Aytmatov)
Bog‘lovchisiz yoki murakkab qo‘shma gap tarkibidagi gaplar bir nechta bo‘lsa, ularning mazmunan bir-biriga yaqinlari vergul bilan ajratilib, qolgan muayyan bir yoki bir nechtasi nuqtali vergul bilan ajratiladi: Dunyoda boshqa bunday baxtiyor odam yo‘q, bo‘lmagan ham; omadim bor ekan, men xuddi nog‘orasini chertib o‘yinga tushayotgan yovvoyi odamga o‘xshayman. (Ch.Aytmatov) Choponning ishi qaynagan palla: mol haydaydi, ko‘ch-ko‘ronini tashiydi va hammasidan og‘irrog‘i, qo‘ylarning junini qirqadi; bularning hammasi qo‘shilib, bosh qashigani qo‘l tegmay qoladi. (Ch.Aytmatov) Vaholanki, ketaman deb, ariza berib ko‘r-chi, darrov senga militsiyani to‘g‘rilashadi, pasportni olib qo‘yishadi, hech qanday hujjat-pujjat berishmaydi; bor, akasi, ishingni qil, ketishga ruxsat yo‘q, deyishadi. (Ch.Aytmatov)
Bog‘lovchisiz yoki murakkab qo‘shma gap tarkibidagi gaplarda ifodalangan voqea-hodisalarni solishtirish, qiyoslash mazmuni aniq ifodalanganda, ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi: Ba’zilar ularning juda-juda inoq yashashlarini aytisharmish; ba’zilar esa aksincha, gap tarqatisharkanki, osmondan tushib, yerdan chiqqandek kopayishib ketgan odamlarning bir-birlarini ko‘rishga ko‘zlari, otishga o‘qlari yo‘q deyisharkan. (Sh.Bo‘tayev) Ana, Ildam ham hozir-u nozir; mana, Suyginoy - onasining ko‘zlariga tik va sadoqat bilan boqadi; ularning yonida Toshchaynar, nari borib-beri kelib turibdi. (Ch.Aytmatov) Ozgina yolg‘on ham ulug‘ gunohdir; ozgina zahar ham halok qiluvchidir. (A.Navoiy)
Bir qancha gaplar uyushganday bo‘lib, yaxlit bir bog‘lovchisiz qo‘shma gapni tashkil etganda, ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi: Razzoq so‘fining sovuq yuzlari uning ko‘zlaridan yiroqlashganlar; nasihat yo‘li bilan minglarcha marta aytilgan va ta’kidlangan so‘zlar unutilgan; sovuq sufilarning “harom” degan da’volari sinib, parcha-parcha bo‘lgan; “nomahramlik” safsatalari ot oyoqlari ostida yanchilgan; to‘rt devorning bu tutqun qizi o‘ziga o‘xshagan tutqunlardan boshqa hech bir guvoh va tilchi bo‘lmagan shu keng dalaning quloch yetmas bag‘rida yillardan beri tug‘ilib kelgan alamlarini kuyga aylantirib, cheksiz bo‘shliqlarga yoyib yuborgan edi. (Cho‘lpon). Kamdan-kam uchraydigan qilg‘ilik bilan qo‘lga tushgan; jazo bataloni kazarmalarida bor-yo‘g‘i erkaklar bilan yotgan; xizmat mavqeidan foydalanib, ularni shunga majbur qilgan, xolos. (Ch.Aytmatov)
Do'stlaringiz bilan baham: |