Mening orzum!
Sizga aytsam ,do'stlarim,
Ochayin qulfin dilim.
Xuddi sizday mening ham,
Orzularim limmo-lim.
Istagim yurtimiz tinch,
Osmon musaffo bo'lsin,
Hamma bo'lib baxtiyor,
Ko'ngillar nurga to'lsin.
Yovuzlik, fisq-u fasod,
Tugab bitsin yomonlik.
Gullab-yashnagay ochun,
Mudom bo'lgay omonlik.
Hech bir inson orzusi,
Aslo bo'lmagay armon.
Go'zal, ezgu istaklar,
Ko'payaversin har on.
Shu o'rinda o'zim ham,
Yurtga xizmat qilayin.
Ota-onam, keksalar,
Duosini olayin.
Bo'layin eng sevimli,
Halol, fidokor ustoz.
O'quvchilar hurmatla,
Qilgaylar doim e'zoz.
Beray sifatli ta'lim,
Navoiylar yetishsin.
Ibn Sino, Ulug'bek,
Beruniylar yetishsin.
Rozi qilay xalqimni,
Ota-onam quvonsin.
Umidla boqqan ko'zlar,
Quvonchdan porlab yonsin.
Qizim, deb erkalagan,
Otam Hajga yuboray.
Dunyolar hadya etgan,
Onam Hajga yuboray.
Orzularim barchasi,
Ziyodila ushalgay.
Armon begona bo'lib,
Baxt yo'limga to'shalgay!
Do'stlaringiz bilan baham: |