Vaziyatga huquqiy baho bering.
Kazus 19.
S. ismli fuqaro D. bilan 2022 yil 5 noyabr kuni soat 19.00 da Toshkent shahridagi “Basri baba” restoranida uchrashishga kelishdi. Uchrashuv vaqti aniq bo‘lganidan so‘ng S. restoranga telefon qilib joy buyurtma qilib qo‘ydi. Uchrash kuni kelganda “jentelmenlik” qoidalariga rioya qilgan holda S. uchrashuv joyiga belgilangan vaqtdan yarim soat oldinroq keldi. Shuningdek, ikkinchi tomon kelguncha “Baxtli onlar” maxsus ichimligidan buyurtma berdi. Soat millari sekin astalik bilan 18.45, 18.55 va 19.00 ni ko‘rsatdi. Soat millari 19.30 bo‘lganda ham D. uchrashuv joyiga kelmadi. Bundan g‘azablangan S. buyurtma qilingan joy va olib kelingan ichimlik bahosini to‘lab Restorandan chiqib ketdi. S. qilgan ushbu xarajatlarini va kutib qolganligi natijasida ko‘rgan zararlarini D.dan undirib berishni so‘rab sudga murojaat qildi. D. esa ushbu to‘lovlarni undirib olishga asos yo‘qligini, chunki ular o‘rtasida shartnoma tuzilmaganligini, shuningdek, “Baxtli onlar” maxsus ichimligini S. o‘zi buyurtma qilganligini, bunga D.ning dahli yo‘qligini aytdi. S. esa restoranda joy buyurtma qilganligi, bundan esa D. xabari bo‘lgan yoki xabari bo‘lishi kerak bo‘lgan holat ekanligini keltirib, hech bo‘lmaganda shu xarajatni undirib berishni so‘radi.
Sud qanday qaror qabul qilishi kerak?
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Kazus 20.
S. ismli ovchi ov qilish uchun ruxsat berilgan hududda ov qilib yurib kiyikni ko‘rib qoldi. Yaxshilab tayyorgarlik ko‘rib mo‘ljallalab otganidan so‘ng kiyining orqa oyog‘iga o‘q tegdi. O‘q tekkan kiyik jon og‘rig‘ida qochib ketib, 500 metrlardan so‘ng yerga cho‘kdi. Shu atrofda ov qilib yurgan B. ismli ovchi ushbu kiyikni ko‘rib qolib, uni qo‘lga kiritmoqchi bo‘ldi. Kiyikni oldiga borganidan so‘ng, kiyik oldiga kelayogan ovchini ko‘rib qarshilik ko‘rsatishga harakat qildi. Kiyikning hali tirikligini ko‘rgan B. kiyikni bir o‘q bilan otib o‘ldirdi. Shundan so‘ng kiyik yotgan joyga S. kelib ushbu kiyikni o‘zi otganligini, uni o‘zi olishi kerakligini aytdi. B. esa uni o‘zi o‘ldirganligini shu sababli kiyik unga tegishi kerakligini aytdi. Fuqarolik kodeksi 189-moddasiga asosan Qonunchilikda yovvoyi mevalar, yong‘oq, zamburug‘lar, rezavor mevalar hamda o‘simlik, hayvonot dunyosi va jonsiz tabiatning hamma olishi mumkin bo‘lgan boshqa ob’yektlarini yig‘ish yo‘li bilan fuqarolar mulkiga aylantirish tartibi va shartlari belgilab qo‘yilishi mumkinligidan kelib chiqib, ushbu vaziyatda mazkur kiyikka nisbattan mulk huquqi kimda vujudga kelgangini masalasini muhokama qiling.
Do'stlaringiz bilan baham: |