O’zbekistonda mulkchilik tizimini shakllanishining bosqichlari va xususiyatlari
Bozor munosabatlariga o’tishning asosiy sharti ko’p ukladli iqtisodiyotni va raqobatlashuvchi muhitni shakllantirish uchun shart-sharoitini vujudga keltirishdan iborat. Bunda asosiysi mulkchilik masalasini hal qilishdir. Shu sababli Respublikamiz Prezidenti I.A. Karimov mulkchilik masalasini hal qilishni «...bozorni vujudga keltirishga qaratilgan butun tadbirlar tizimining tamal toshi bo’lib xizmat qiladi» deb alohida ta’kidlab ko’rsatadi. Uzoq yillar mobaynida respublikamiz iqtisodiyotida umumxalq mulki deb atalgan, aslida esa, davlatlashtirilgan mulk to’liq hukmronlik qilib keldi. Nazariya va amaliyotda umumxalq mulki deb hisoblangan mulk sub’yekti sifatida davlatning chiqishi jamiyat a’zolari o’rtasida bu mulkka «hech kimniki», «davlatniki», «birovning mulki», deb qarashlarining shakllanishiga olib keldi.
Bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish vazifasi o’tish davrida mulkchilikda davlat sektorining salmog’i ancha yuqori bo’lgan mamlakatlarda bu mulkning ma’lum qismini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni taqozo qiladi. Shunga ko’ra, O’zbekistonda ham mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga muhim ahamiyat kasb etuvchi jarayon sifatida qaralib, «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida»gi Qonunida (1991 yil 19 noyabr) quyidagicha ta’rif beriladi:
Davlat tasarrufidan chiqarish - davlat korxonalarini hamda tashkilotlarini jamoa, ijara korxonalariga, aksiyali jamiyatlarga, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga, davlatga qarashli mulk bo’lmaydigan boshqa korxonalar va tashkilotlarga aylantirishdir.
Xususiylashtirish fuqarolarning va davlatga taalluqli bo’lmagan yuridik shaxslarning davlat mulki ob’yektlarini yoki davlat aksiyali jamiyatlarining aksiyalarini davlatdan sotib olishidir.
Bundan ko’rinadiki, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish xususiylashtirishga qaraganda ancha keng tushuncha.
Xususiylashtirish - davlat mulkiga egalik huquqining davlatdan xususiy shaxslarga o’tishidir. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish xususiylashiirishdan tashqari, bu mulk hisobidan boshqa nodavlat mulk shakllarining vujudga keltirishni ham ko’zda tutadi. U bir qator yo’llar bilan amalga oshiriladi: davlat korxonalarini hissadorlik jamiyatiga aylantirish, davlat korxonasini sotib, uni jamoa mulkiga aylantirish; mulkni qiymatga qarab chiqarilgan cheklar (vaucher) bo’yicha fuqarolarga bepul berish; mulkni ayrim tadbirkor va ish boshqaruvchilarga sotish; ayrim davlat korxonalarini chet el firma va fuqarolariga sotish yoki qarz hisobiga berish; davlat mol-mulkini auksionlarda kim oshdi savdosi orqali sotish va h.k.
Xususiylashtirishning usullari ham turli-tuman bo’lib, ularni 3 guruhga ajratish mumkin:
davlat mulkini bepul bo’lib berish orqali xususiylashtirish;
davlat mulkini sotish orqali xususiylashtirish;
davlat mulkini bepul bo’lib berish hamda sotishni uyg’unlashtirish orqali xususiylashtirish.
Bu sanab o’tilgan usullarni amalga oshirishning aniq shakllarini 3-rasm orqali ifodalash mumkin. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning ko’rsatib o’tilgan yo’llari hamda usullaridan qaysi birini tanlash undan kutilgan maqsadga bog’liq. Masalan, Rossiyada davlat mulkini vaucher orqali bepul taqsimlash usuli qo’llanildi. Bundan ommaviy xususiylashtirishdan ko’zlangan maqsad qisqa muddat ichida cheklar bozorini joriy etish hisobiga mulkdorlarning g’oyat keng qatlamini vujudga keltirishdan iborat edi. Agar tadbirkorlikni rag’batlantirish ko’zda tutilsa, xususiylashtirish tanlab olingan ozchilik o’rtasida o’tkaziladi. Agar xususiylashtirish chetdan kapitalning
kirib kelishiga, yo’l ochishi zarur bo’lsa, davlat mulkini xorijiy tadbirkorlarga berish shaklida amalga oshiriladi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarishda ayrim usullarga ustuvorlik berish boshqa usullarni qo’llashni rad etmaydi, aksincha, ularni ham qo’llash zarurligini bildiradi.
Masalan, korxona jamoasiga ustunlik berilib, davlat mulkini aksiyalashtirish, bu aksiyalarni sotib olishda shu jamoadan tashqari kishilar va chet el kapitalining ishtirok etishi ham bo’lishi mumkin. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish sharoitga qarab pulli, pulsiz yoki imtiyozli tarzda o’tkaziladi. O’z shakli va usulidan qat’i nazar bu tadbir xilma-xil mulkchilikni vujudga keltirishni ta’minlaydi, chunki davlat mulki hisobidan nodavlat mulkining barcha shakllari va turlari rivojlanadi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish mulkchilikning rivojlanishiga to’sqinlik qilayotgan davlatning monopol hukmronligiga chek qo’yib, jamiyatda faollik ko’rsatayotgan erkin tadbirkorlik tashabbusaga keng yo’l va imkoniyatlar ochib berishdan iborat. Aslida xususiylashtirish iqtisodiyotning davlat zimmasidan soqit qilish yo’llaridan biri bo’lib, davlat mulkini ma’lum darajada haqiqiy egalari - fuqarolarga berish demakdir. Ko’pincha xususiylashtirish - bu davlat mulkini ishlovchilarga berish, deb talqin qilinadi. Aslida mamlakatning barcha aholisiga davlat mulkini bo’lib berib bo’lmaydi, bunda aholining hammasi mulkka ega bo’lib, ishlab chiqarishni tashkil etish, uni boshqarish ishlab chiqarish hamda mahsulotni ayirboshlash kabi mashaqqatli ishlarni o’z zimmasiga olavermaydi.
Xususiylashtirish natijasida aholi orasida ijtimoiy jihatdan tabaqalanish yuz beradi va kishilarning bajargan ishiga qarab oladigan haqi turlicha bo’lib, aholining daromadlarida ham tabaqalanish yuz beradi. Kishilar turli sohalarda, masalan, biznesda turli shakllardagi mulkka ega bo’lib, aksiua sotib olish va korxona mulkida o’z hissalarini oshirib borishga harakat qiladilar. Xususiylashtirishni amalga oshirish uchun davlat mulkini xususiylashtirishning keng ko’lami dasturini ishlab chiqarish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |