Mavzu №32.Salomatlik - inson xazinasi
Reja:
Inson uchun sog‘liq, omonlikdan qimmatliroq boylik yo‘qdir.
Yurtimizda sog’liqni mustahkamlashga bo’lgan e’tibor.
3. Sog‘ligini asrash har kimning o‘z qo‘lidadir.
Tayanch so’z va atamalar: Madaniyat, muvozanat, omonlik, hushmuomala, qimmatroq, hamkasabalik
Dunyoning barcha mamlakatlarida salomlashish yuksak madaniyat belgisi hisoblanadi. Ko‘chaga chiqqanda uchragan birinchi tanishga, do‘stlarga, o‘qish yoki ish joyiga kiriboq hamsaboqlar, hamkasabalarga, uyga qaytganda esa oila a’zolariga salom beriladi, salomga alik olinadi. Salom-alikning ma’nosi, eng avvalo, bir-biriga sog‘liq, tinchlik, omonlik tilashdir.SHundan ham ko‘rinadiki, inson uchun sog‘liq, omonlik, tinchlikdan qimmatroq boylik yo‘qdir. Shuning uchun ham bir-birimiz bilan uchrashganda «Assalomu alaykum! Salomatmisiz? Sog‘liqlaringiz yaxshimi? Sog‘-omonmisiz?» desak, xayrlashayotganda esa, albatta, «Sog‘ bo‘ling! Xayr, salomat bo‘ling!» deymiz.
Doim sog‘ bo‘lish mumkinmi? Ha, mumkin. Buning uchun o‘z vaqtida rejali ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish, o‘qish yoki ishni qat’iy tartib asosida yo‘lga qo‘yish, ertalab badantarbiya qilish, tanani, o‘qish yoki ish joyini doim toza-ozoda saqlash, asabiylashishdan o‘zni tiyish, ko‘proq quvnoq kishilar davrasida bo‘lish, o‘z vaqtida dam olish, turli meva, sabzavot va ko‘katlardan iste’mol qilib turish lozim.
Afsuski, har doim ham vaziyat biz istagandek bo‘lavermaydi. Doim ham bir-birimizni to‘g‘ri tushunavermaymiz. Oqibatda kishi asabiylashadi. Asabiylashish esa o‘qish yoki ishdagi dilxiraliklarga, eng yomoni, salomatligimizning yomonlashuviga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ob-havoning tez-tez o‘zgarishi, quyosh yoki tabiatdagi muvozanatning o‘zgarishi, o‘qish, ish yoki yashash joyimizdagi turli noqulayliklar ham salomatligimizga salbiy ta’sir etadi. Oqibatda kishi tanasi o‘zining doimiy muvozanatini saqlab turolmay, tashqi yordamga muhtojlik sezadi. Shunda biz shifokorlarga murojaat etishga majbur bo‘lamiz.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati aholi sog‘ligini mustahkamlash uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratmoqda. 2000-yili respublikamizda «Sog‘lom avlod yili» deb e’lon qilindi. Aholi sog‘ligini mustahkamlash yo‘lida alohida xizmat ko‘rsatgan kishilar uchun «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ta’sis etilgan. Mamlakatimizda xalq hayotini farovonlashtirish, atrof-muhitning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida bir qancha qonunlar qabul qilingan. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilinadi. Ko‘pchilik korxonalarning profilaktoriyalari, dam olish pansionatlari mavjud. Aholi sog‘ligini tiklash va mustahkamlash uchun qishloq vrachlik punktlari, ambulatoriyalar, poliklinikalar, shifoxonalardan tashqari, o‘nlab sanatoriyalar, dam olish uylari yil bo‘yi ishlab turadi.
Sog‘ligini asrash har kimning o‘z qo‘lidadir. Buning uchun har birimiz uyda, o‘qishda va ishda xushmuomala bo‘lishimiz, rashk, ig‘vo, fitnalarga barham berishimiz, bir-birimizga mehribon bo‘lishimiz, ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik, fohishabozlik kabi illatlarni tag-tubi bilan yo‘q qilishimiz, chang, tutun va shovqin-suronsiz sharoitda yashash, o‘qish va ishlash imkoniyatini yaratishimiz, ovqatlanish va dam olishni to‘g‘ri tashkil etishimiz, asabga tegadigan har qanday omillardan voz kechishimiz, sport bilan shug‘ullanib chiniqishimiz, qisqasi – sog‘lom hayot tarzini yaratishimiz lozim. Ana shundagina dunyoning barcha boyliklaridan ham qimmatroq bo‘lgan sog‘ligimizni asrab, baxtli hayot kechiramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |