Mavzu №27. Yurtimizda Navro’z nafasi kezmoqda
Reja:
Zaminning ko’zidan uyqu qochgan kun.
Allomalar Navro’z haqida...
Xosiyatli ayyom!
Tayanch so’z va atamalar: Giyohlar, ko’klam, ommaviy, ko’kalamzorlashtirish
Uzoq qishdan so’ng quyoshning ko’kda yuz ko’tarib, qirlarda maysa-giyohlar nish urib chiqishini xalqimiz azal-azaldan orziqib kutadi. 21-martda kun bilan tun tenglashib, ona tabiat mehr-muruvvat ko’rsatadi va ko’klamdan darak beradi. Nav- yangi, ro’z- kun- yangi kun, deb atalishi ham bejiz emas. Shu bois, bu kunni fors, arab va turkiy tillarda so’zlashuvchi xalqlar har yili bahorda bayram sifatida nishonlab kelishadi.
Navro’z haqida ulug’ bobolarimiz Abu Rayhon Berunay “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Koshg’ariy “Devonu lug’otit turk” asarida juda ham qiziqarla ma’lumotlar yozib qoldirishgan. Nafaqat shoir, balki olim va faylasuf sifatida dong taratgan Umar Hayyom bu bayram haqida “Navro’znoma” nomli maxsus kitob ham yozgan. Navoiyning ustozi Lutfiy domla “Gul va Navro’z” deye atalmish o’lmas dostonini yaratganki, bu asar hamon bizga Navro’z haqida ma’lumot berishda davom etib kelayotir. Navro’z bayramiga o’tmishda bir muddat hujumlar ham uyushtirildi. Ammo u bu qatag’ondan eson-omon o’tdi. Bugun respublikamizda barcha Sharq xalqlari singari Navro’z ko’tarinki ruhda bayram qilinadi.
Bu bayram kecha bilan kunduzning tenglashgan payti, bahor faslining 21-22-mart kunlaridan boshlab, bir hafta-o’n kun mobaynida nishonlanadi. Bahor kirib kelib, kelinchakdek yashil sepini keng yoygandan so’ng, ota-bobolarimiz, buvi-momolarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang marosimlar o’tkazishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib, dehqonlar yerga qo’sh solishgan. Jamoa- jamoa bo’lib, hasharlar uyushtirishgan. Qishloq, mahalla markazlari obodonlashtirilib, ko’kalamzorlashtirilgan. Ommaviy ravishda mevali va manzarali daraxilar o’tqazilgan.
Navro’z taomlari ham o’ziga xos bo’lgan. Ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayyorlash an’anaviy odat tusiga kirgan. Bug’doy donini maxsus idishlarda qulay iqlim sharoiti yaratib, undirib olingandan so’ng, bir kecha-kunduz katta doshqozonlarda qaynatib, sumalak tayyorlashgan. Aslida bunday harakatlar ostida juda ulkan ma’no bor. Uning zamirida birga harakat qilish, non-u tuzni, topgan-tutganini o’zaro baham ko’rishga intilish yotadi. Bunday jarayonlarda turli-tuman xalq o’yanlari, bahor qo’sgiqlari ijro etilgan. Kitobxonliklar, turli sovrinli o’yinlar, musobaqalar tashkil etilgan. Bilagi baquvvatlar uloq, kurashda o’zaro bellashsalar, ko’ngilochar tadbirlarda askiyabozlik, dor o’yinlari kabi xalq tomoshalari o’tkazilgan.
Navro’z bayramining eng ahamiyatli jihatlaridan biri, keksalarga hurmat ko’rsatish, ularning holidan xabar olish, ko’mak berishdir. Navro’zning yana bir muhim xosiyati, bu kunda yetimlar, boquvchisini yo’qotgan bolalar uchun katta doshqozonlar osilib, taomlar pishirilgan.
Assalom ko’klam, sevinchi – Navro’zi olam marhabo,
Assalom gullar ilinji – Navro’zi olam marhabo.
Qutlug’ bo’lsin poyqadaming, yurtimizga xush kelibsan.
Tashna ko’ngillar quvonchi – Navro’zi olam marhabo.
Bu kun muborak tong, Navro’zi olam,
Bu kun ezgulikka chulg’anar olam,
Bu kun hayajonda sevinchdan yurak,
Ey, aziz do’stlarim, Navro’z muborak.
Do'stlaringiz bilan baham: |