Haqiqatdan yiroq taxminlar
Farmon kuchga kirgach, uning tub mohiyatiga tushunib yetmagan odamlar orasida “Endi hamma narsa qimmat bo‘larkan”, “AQSh dollarining kursi oshadimi?”, “Yana almashtirish shoxobchalarida navbatlar ko‘payadi”, “Qora bozor yo‘q bo‘ladimi, bundan oddiy aholi zarar ko‘rmaydimi?”, “Milliy valyutamizning taqdiri nima bo‘ladi?” degan turli mish-mishlaru taxminlar tug‘ildi. Lekin ularning barchasi haqiqatdan ancha yiroq gap-so‘zlar edi. Sababi, Markaziy bank 4 sentyabrda AQSh dollarining bozor mexanizmlariga muvofiq shakllantirilgan rasmiy kursini o‘rnatdi. Bunda nimaga tayanildi? Bozor kursi talab hamda taklif mutanosibligidan kelib chiqadi. Shu bois bozor to‘laqonli ishlay boshlaganidan keyingina bozor kursi qanday bo‘lishi aytilishi lozim.
Endi Markaziy bank tomonidan, avvalgidek, maqsadli devalvatsiyaning amalga oshirilishi siyosati bir oz o‘zgaradi. Natijada, asosan, eng yirik bitimlar tuziladigan birja va banklardagi oldi-sotdi kurslari asos qilib olingan holda, bozor mexanizmidagi real talab hamda taklifdan kelib chiqilgan kurs belgilanadi. Bunda dastlabki oylarda xorijiy valyutaga nisbatan talab foydasini to‘liq repatriatsiya qila olmayotgan tashkilotlar hisobiga yuqori bo‘lishi kutiladi.
Yana bir e’tiborli holat. Markaziy bank 2017 yil 5 sentyabrdan boshlab chet el valyutalarining so‘mga nisbatan kursini belgilashda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, -Tojikiston, Turkmaniston va hatto, Afg‘oniston milliy valyutalarini ham kiritdi.
Ilgari mazkur valyutalarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi belgilanmas, hatto, ularda eksport-import shartnomalari tuzilishiga ham yo‘l qo‘yilmasdi. Bu bir qarashda juda arzimas holatdek tuyulishi mumkin. Biroq buning negizida juda katta ramziy ma’no hamda ishoralar bor. Ya’ni shu orqali qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-sotiq munosabatlari rivojlanadi.
So‘mning qadri tushmaydi
Shu o‘rinda “Milliy valyutamiz — so‘m qadrsizlanib ketmaydimi?” degan savol ham yuzaga chiqishi mumkin. Farmonda valyuta yetishmovchiligi xatarining oldini olish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab berilgan.
Bozorga valyutani kim olib kiradi? Birinchi navbatda, eksportchilar. Ular ishchilarga maosh to‘lash, xom ashyo xarid qilish, elektr energiyasi va boshqa xizmatlar haqini to‘lash, foydani O‘zbekistonda ishlatish uchun valyutani sotishlari
kerak. Bundan tashqari, mehnat migrantlari, mamlakatimizda zavodlar quradigan, ishchilar yollaydigan, jihozlar sotib oladigan xorijiy investorlar valyuta taklifining asosiy manbalari hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston banklarining kapitali, yuqori valyuta kredit portfeli ko‘rsatkichlari tufayli so‘mning devalvatsiyasi salbiy oqibatlardan himoyalangan.
“Fitch” xalqaro reyting agentligining hisobоtida qayd etilishicha, milliy valyutaning qo‘qqisdan qadrsizlanishi, katta hajmda AQSh dollari hamda valyuta kreditlashda yuqori ulushga ega banklarning kapitaliga o‘rtamiyona ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning davlat banklari muntazam ravishda davlat kapitali bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |