7
I-bob. Kvant kompyuteri
Kvant kompyuterlari haqida deyarli hamma eshitgan. Lekin, kvant kompyuteri
qanday ko‘rinishi va uning tuzilishi haqida hamma ham aytarli tasavvurga ega emas.
Men quyida, kvant kompyuterlarining ishlash tamoyillari va tuzilishi haqida imkon
qadar tushunarli tilda bayon qilmoqchiman.
Hozirda dunyodagi yetakchi IT-kompaniyalarda o‘ta kuchli superkompyuterlar
mavjud va ular axborotni 50 petaflops tezlik bilan qayta ishlay olish quvvatiga ega.
Ma'lumot uchun: 1 petaflops - soniyasiga 1 trillion operatsiya bajaradigan
jarayondan 1000 tasi demakdir (kalkulyatorga tusha ko‘rmang, baribir nollar
yetishmaydi). Bu hozircha, insoniyatning axborotni saqlash va qayta ishlashga
bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yetarli bo‘lmoqda. Lekin, axborot hajmining
yuqorida aytilgani singari o‘sish sur'atlari saqlanar ekan, yaqin yillarda bizga bu
kamlik qilib qolishi hech gap emas. Albatta, yirik IT-korporatsiyalar o‘zlarida
mavjud superkompyuterlarni yanada kattalashtirib, jismonan yirikroq qilishi orqali,
unda saqlanishi mumkin bo‘lgan axborot hajmini ham ko‘paytirishi mumkin. Lekin,
bu ham masalaga yechim bo‘la olmaydi. Chunki, ertami-kechmi, baribir jismoniy
hajm ham o‘z chegarasiga yetib keladi. Qolaversa, protsessorning amaliy
imkoniyatining ham muayyan fizik chegarasi mavjud va ushbu chegara ham tez
orada zabt etib qo‘yilsa, axborotni qayta ishlash tezligi o‘zining chek-chegarasiga
yetib kelgan bo‘ladi. Xullas, bu ketishda, yaqin yillarda Mur qonuni o‘z kuchini
yo‘qotadi va insoniyatga, hozirgi superkompyuterlardan ham ko‘ra kuchliroq va
tezkorroq bo‘lgan tamomila yangi turdagi axborot saqlash va qayta ishlash vositalari
zarur bo‘lib qoladi. Yodingizga solib o‘tsam: Mur qonuni shunday xulosaki, u
muallif Grexem Murning 1965-yilda olib borgan kuzatishlariga asoslangan bo‘lib,
unga ko‘ra, elektron qurilmalarning axborotni saqlash va qayta ishlash imkoniyati
har yili 2 barobardan oshib borar ekan. Albatta, 60-yillarda bu qonun haqiqatan ham
dolzarb bo‘lgan. Lekin, zamonaviy elektronika o‘z imkoniyatlari chegarasiga yetib
kelmoqda. Hozirda Mur qonuniga allaqachon tuzatishlar kiritilgan bo‘lib, ya'ni, 90-
yillardan boshlab, elektron uskunalarning axborotni saqlash va qayta ishlash
imkoniyati har yili emas, balki, har 18-oyda ikki barobar o‘smoqda. Ya'ni, axborotni
8
saqlash va qayta ishlashga bo‘lgan fizik-jismonan imkoniyatining o‘sish sur'ati
allaqachon pasaygan. Boz ustiga, mutaxassislar bugunga kelib, ushbu o‘sish sur'ati
endilikda hatto 18-oy ham emas, balki, 2-yilni tashkil qilmoqda deb bong
urishayotir. Xullas, xulosa shunday - bizga endi, ko‘zimiz o‘rganib, aqlimiz tanib,
fe'limiz ko‘nikib qolgan oddiy - klassik kompyuterlardan va hatto siz bilan menga
o‘xshagan oddiy odamlarga imkonsiz bo‘lgan superkompyuterlardan ham ko‘ra
qudratliroq bo‘lgan tamomila yangi turdagi kompyuterlarga ehtiyoj uyg‘onmoqda.
Vahima qilayotganim yo‘q. Bu haqiqatan ham shunday. Rivojlanish tendensiyalarini
oldindan chamalab kelayotgan yirik IT-kompaniyalar esa allaqachon otni
qamchilashgan. Ishonavering, yaqin yillarda biz axborotni saqlash va qayta ishlash
borasida tamomila yangi, inqilobiy zamonga qadam qo‘yamiz. Bu xuddiki, bir
zamonlar odamlar hamma narsani esda saqlab yurishga majbur bo‘lishgani-yu,
keyinchalik, yozuv ixtiro qilingach, axborotni yozib qo‘yish orqali ko‘p miqdorda
ishonchli saqlashga o‘tilgani sivilizatsiya tarixida qanchalik katta inqilob bo‘lgan
bo‘lsa, men aytayotgan yangi kompyuter texnologiyasi ham bundan kam darajadagi
inqilob bo‘lmaydi. Yoki, odamlar yozishni bilgani bilan, kitoblarni qo‘lyozma orqali
ko‘chirib ko‘paytirgani bois, bilimlar juda sekin tarqalgan zamonlardan keyin,
Iogann Gutenberg ismli zot bosma matbaachilikni, ya'ni, kitob bosishni ixtiro
qilgach, insoniyat sivilizatsiyasi ma'lumot almashinuv bo‘yicha yana ulkan, ikkinchi
inqilobni amalga oshirgani ham, kutilayotgan inqilob oldida cho‘t bo‘lmay qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: