O’rta Osiyo ko’llari genazisi
Ko‘llari.O‘rta Osiyoda ko‘llar unchalik ko‘p emas. Ular ichida eng yiriklari Orol ko‘li (dengizi), Issiqko‘l, Balxash va Qorako‘ldir. Bu ko‘llar paydo bo‘lishiga ko‘ra tektonik ko‘llar hisoblanadi.
Ko‘llarning ko‘pchiligi tog‘larda joylashgan. Ular tog‘ning o‘rta va baland qismlarida ko‘pincha daryo va soylar o‘zanining to‘silib qolishi natijasida vujudga kelgan kichikroq ko‘llardir. Ularning suvi nihoyatda tiniq, toza va sovuq bo‘ladi. Ko‘l atroflarida o‘ziga xos iqlim vujudga kelib, juda go‘zal tabiiy geografik manzara hosil bo‘ladi, Issiqko‘l va Sarichelak shunday ko‘llardir. Daryo vodiylarida, qayirlarida, deltalarida katta-kichik ko‘lchalar hosil bo‘lgan. Тashlama hamda sizot suvlar to‘planishidan hosil bo‘lgan ko‘llarga Arnasoy va Aydarko‘l misol bo‘ladi.
O‘rta Osiyoning eng katta tabiiy ko‘li — Orol ko‘lidir. U kattaligi hisobga olinib Orol dengizi deb ataladi. Orol dengizi faqat O‘rta Osiyoda emas, balki Yer yuzidagi eng katta ko‘llardan biri edi. U kattaligi bo‘yicha Osiyoda ikkinchi, jahonda esa to‘rtinchi o‘rinda turardi. Ko‘l Тuron tekisligining markazida, Ustyurt platosidan sharqda joylashgan, shimoli sharqdan janubi g‘arbga cho‘zilgan tektonik cho‘kmada hosil bo‘lgan. Unga ikki yirik daryo — Amudaryo va Sirdaryo quyiladi.
Dengizning eng chuqur yeri g‘arbiy qismida 69 m ga yetgan. Biroq 1960-yildan boshlab O‘rta Osiyoda sug‘orish ishlari uchun Amudaryo va Sirdaryoning juda ko‘p suvi sarf bo‘lishi oqibatida Orolga quyiladigan suv miqdori keskin kamayib ketdi. Ayrim yillari, ayniqsa, 1983-1985-yillardan keyin Sirdaryo Orolga bir tomchi ham suv bermay qo‘ydi, Amu- daryoning suvi esa 7-9 kub km dan oshmadi. Shu tariqa Orol asta-sekin quriy boshladi. 35 yil ichida dengiz suvining hajmi kichrayib, uning sathi 16,5 m ga pasaydi, dengiz qirg‘oqdan 80-100 km ga, ayrim yerlarda esa 130-150 km ga chekindi. Orollar tutashib ketib, dengiz uchta alohida suv havzasiga bo‘linib qoldi.
Orol dengizi atrofida juda ko‘p qishloqlar, shaharlar bor. «Orolbo‘yi regioni» deb ataluvchi bu mintaqada 5 mln ga yaqin aholi yashaydi. (Xaritaga qarab, qaysi davlatlar, viloyatlar borligini aniqlang.) Ana shu aholining xo‘jalik faoliyati Orol dengizi bilan bog‘liq bo‘lgan. Dengizning kichrayishi, uning tagidagi tuzlarning shamol bilan tevarak-atrofga to‘zib ketishi, ichimlik suvi tanqisligi, bugungi kun Orolbo‘yi hududi ekologik tangligining ko‘rinishlaridandir. Orol va Orolbo‘yini bu tanglikdan qutqarib qolish uchun iloji boricha harakat qilinyapti. «Orolni qutqarish» xalqaro tashkiloti va fondi tuzilgan.
Suv omborlari. Yozgi «chilla» davrida ekinzor va bog‘lar tez-tez sug‘orishni talab qiladi. O‘simliklarni namga eng chanqoq davrlarida suv bilan muntazam ta’minlash maqsadida O‘rta Osiyoning katta va kichik daryolarida sun’iy ko‘llar — suv omborlari bunyod etilgan.
O‘rta Osiyoning tabiiy geografik xaritasida suv omborlari juda aniq ko‘rsatilgan. Masalan, Ili daryosida — Qopchig‘ay, Irtish daryosida — Buxtarma, Norin daryosida — Тo‘xtag‘ul, Chirchiq daryosida — Chorvoq, Ohangaronda — Tuyabo‘g‘iz (Тoshkent), Qoradaryoda — Andijon, Sirdaryoda — Qayroqqum, Chordara hamda Zarafshonda — Kattaqo‘rg‘on va Quyimozor, Qashqadaryoda — Chimqo‘rg‘on, Qarshi kanalida — Тallimarjon, Surxondaryoda — Janubiy Surxon, Amudaryoda — Тuyamo‘yin, Vaxshda — Norak, Qoraqum kanalida — Hovuzxon suv omborlari qurilgan.
O‘rta Osiyo suv omborlari ichida Buxtarma, Qopchig‘ay, Тo‘xtag‘ul, Тuyamo‘yin, Chordara va Qayroqqum suv omborlari eng kattalari hisoblanib, ulardan keng miqyosda foydalaniladi. Chorvoq suv omborining maydoni nisbatan kichik, lekin suv hajmi ancha katta (2,0 mlrd m.kub).
Bu suv omborlari faqat yerlarni sug‘orish uchungina ishlatilmasdan, ulardan GESlar qurish, daryo suv oqimini tartibga solish, rekreatsiya (sog‘liqni tiklash, dam olish, turizm) maqsadlarida ham foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |