Bizning farzand tarbiyasidagi muammolarimiz:
Xohlagan bir oilaga kirib borsak, yosh avlodning eng avvalo Nina bilan bandlugiga ko'zimiz tushadi. Bugun, odatda, 3-4 yoshli bolalar ham ota-onasining qo'l telefonlaridan "o'yinchoq" sifatida "bahramand" bo'layotganiga guvoh bo'lamiz. Umuman, bola tug'ilganidan boshlab yosh onaning hatto telefondagi audio allalardan foydalanishi esa achinarli hol. Ona ovozi bola eshitganda unga ilk g'uborsiz tuyg'ularni beradi. Dunyoda shunday qo'shiq borki, O'tkir Hoshimov yozganiday : " Dunyoning bu chekkasida kuylangan allani u chekkasida turgan odam ham tushuna oladi". Yosh onalarimizga kattalar o'rgatsin : hech bo'lmaganda bola maktabga chiqquncha shu magnit nurli vositalardan : telefon, televizor, radio kabilardan uzoqda saqlanishi kerak. Biz nega endi maktab yoshigacha deyapmiz?
- Chunki hozirgi modernizatsiyalashgan raqamli jarayonda bolalarimizni sanoat, texnikadan yiroq saqlashimiz ularning bilim olish vaqtini cho'zish demakdir. Bolaga shu vositalardan to'g'ri , zarur, foydali paytdagina foydalanishni o'rgatishimiz kerak. Ota-onaning o'zi turli chatlar yoki keraksiz, vaqt o'tkazuvchi videolar bilan band bo'lsa bolaga qanday qilib telefondan to'g'ri foydalanish madaniyatini o'rgata oladi?
Aynan mana shu muammo bolaga kam vaqt ajratish yoki umuman ajratmaslik kabi kamchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Bolani ikki-uch yoshidan maktabgacha ta'lim muassasalariga berishadi. U yerda bola dastlabki yoshida qiziqarli o'yin-boshqotirmalar bilan band qilinadi. Keyin-chi? Keyin sifatli , bolaga kerak bo'ladigan darslarni uni qiziqtira oladigan qilib tashkil qilib bera olyapmizmi? Bolalar boqchasiga kimlarni ishga olyapmiz? U bola tarbiyasiga bog'liq nimalarni biladi ?
Hozirda to'rt yoshdan o'tgan bolalarni til o'rgatishga , boshlang'ich sanoq , bolalarbop she'rlar yodlatishga kirishilyapti. Ammo chekka qishloqlarda til o'rgatish masalasi juda yomonligicha qolmoqda. Bu ikkilamchi muammoyimiz. Birlamchi esa bolaga milliylikni singdiruvchi maxsus darslar tashkil qilinmaydi. Shahar MT muassasalarida ham bunday rejalashtirilgan darslar kuzatilmaydi. Bolaga milliy o'yinlar, milliy qo'shiqlar o'rgatilishi, milliy an'analarning qanday ma'no anglatishini tushuntirib borib, uning milliy o'zligini shakllantirish lozim. Bu vazifani milliy ertaklarimiz orqali, milliy multfilmlar orqali ko'rsatib bersa ham bo'ladi. Ammo o'ylab ko'raylik-chi , biz aytib berayotgan ertaklar qaysi xalq og'zaki ijodi yoxud qaysi xalq yozuvchisiniki? Masalaning yechimi yana muassasaga olinayotgan tarbiyalovchining kim ekanligiga, bilim darajasiga borib taqaladi. Demak, bizga OTM lar shunday qobiliyatga ega kadrlarni yetishtirib berishi zarur ekan. Bolalarimizning tarbiyasini uyda shunchaki ishsiz yurgan , fikrlash darajasi past ayol-qizlarga topshirib qo'ymasligimiz kerak. Albatta, bugungi kunda bu soha mutaxassislarini yetishtirib berish uchun yetarlicha kvotalar ajratilgan va keyingi paytda deyarli xuddi shunday kadrlar ishga olinmoqda. Endi birgina muammoyimiz shu mavzulardan xabardor yoshlarni yetkazib berish qolgan xolos. OTM esa bu masalani qoniqarli darajada bajarmayapti.
Bu aytilgan kamchiliklarni ota-bobolarimiz oilaning o'zidayoq bartaraf qilishgan. Bolaga yuqorida o'rgatishimiz lozim bo'lgan milliyliklarni oila a'zolari singdirib borishgan. Nima uchun deb o'ylaysiz? Maktab yoshiga yetmagan o'g'il bolaga ham qo'liga puchoq berib jonliq so'yishni o'rgatish nega kerak? Axir u yosh bola emasmidi, "sovuq qurol" dan qo'rqib qolmaydimi yoki beshafqat bo'lmaydimi? Aksincha, bu yigit g'ururini shakllantirishi kerak edi. Yerda ishlashni o'rgatishgan. Bu tabiatga mehrni shakllantirgan. Dasturxon boshida duolarni o'qittirishgan. Bu bolada "men" ini shakllantirgan, mas'uliyatini oshirgan. Hozirgi bolalarga yoshlikdan nima o'rgatilyapti? Yosh onalar kiyinish-u yurish-turishiga e'tibor berib ,bolalarini og'ir mehnatdan olib qochib tannoz qilib qo'ymayaptimi?
Telefon madaniyatini, bola tarbiyasini turmush qurish arafasida bolgan yosh oilaning o'ziga o'rgatmoq lozim. Buning uchun Maxsus konsalting markazlariga hech bo'lmasa bir oy davomida qatnashni xuddi shifokor ko'rigidan o'tgan kabi qonunan majburiy qilish kerak. Bu markazlarga psixolog, falsafa mutaxassislari, filolog o'qituvchilarni dars o'tish uchun jalb qilinsa maqsadga muvofiq bo'ladi. Bundan tashqari bu markazlarning yo'nalishlarini kengaytirib , faqatgina yosh oils emas , qaynona, qaynotalarni ham jalb qilsa, yosh ota-onaga oilani boshqarishda ancha ko'mak bo'ladi. Biz hozirgi yoshdagi kattalarni ham biz taklif qilayotgan milliy madaniyatni , tarbiyani amalga oshirishda yoshlarga xayrixoh bo'lib, imkoniyat yaratishni tushuna oladi deb o'ylolmaymiz. Kamchiliklarimiz anchagina. Ba'zan aynan kattalar qarori bilan ham oilalar buzilib ketyapti. Bu qiziqqonlik sabablidir. In son bolasi yoshidan qat'iy nazar doimo tarbiyaga muhtoj bo'lib yashaydi. Yosh o'tavergani sayin o'zi uchun yangi yashash qoidalarini yaratib boradi. Biz taklif qolgan rejalar esa bu qoidalarni shakllantirishda katta rol o'ynaydi.
Keyingi muammoyimiz yana MTMlarga borib taqaladi. Biz bolalarimizni maktab yoshigacha yosh deb bilib ortiqcha yuki bor she'rlarni ham yodlatmaymiz. Ammo bolaga mag'zi tushuntirilib 5-6 yoshligida Navoiy , Bobur kabi bobokalonlarimizning kichik janrlardagi (bolani yodlash jarayonida zeriktirib qo'ymaydigan hajmdagi) ruboiy, tuyuq, fardlarini yodlatsak zehni o'tkir bo'ladi. Nega topishmoq o'rgatamizu, tuyuqdagi so'zlarni farqlashni o'rgatmaymiz?! Axir bu bolajonimizning zehnini oshiradiku! Ruboiyning tarbiyaviy g'oyaga asoslanganligi ham bolaga yordam beradi. Bularni qiyin deyishimiz xato. Chunki bolamizga doimo oson narsani o'rgataversak u yengiltak, kalta o'ylaydigan , og'irni aylanib o'tadigan bo'lib yetishadi. Bola MTMda shularni o'rgansa kitobga muhabbati ham paydo bo'ladi. Biz yengil hikoyalarni tanishtirsak ham bola hazm qila oladi. Axir XX asr boshlarigachayam maktablarda dastlabki o'qitilgan kitoblar "Haftiyak", So'fi Olloyorlar bo'lmaganmi?! Hozirgi kunda bulardan yiroqlashib yengil kuy-qo'shiqlarni yodlatib, ularga raqslarni o'rgatishimiz bola ongini toraytirib yuboradi.
Xulosa qiladigan bo'lsak, MTMlar mas'uliyatini oshirish bilan birga oilani ham birdek harakatga tortishimiz kerak. Zero, tarbiya bola onaning vujudida paydo bo'lganidan boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |