XIII-XIV asrlarda etishib chiqqan badiiy adabiyot namoyandalari
Jaloliddin Rumiy (1207-1273) («Masnaviyi ma`naviy»)
Muslihiddin Sa`diy Sheroziy (1219-1293) («Guliston», «Bo`ston»)
Qutb («Xusrav va Shirin»)
Xorazmiy («Muhabbatnoma»)
Sayfi Saroyi («Suxayl va Guldursin», «Gulistoni bit turkiy»)
Amir Xisrav Dehlaviy (1253-1325) («Xamsa»)
Jumladan, XIII asrning ikkinchi yarmi hamda XIV asrning birinchi yarmida yashab, ijod
etgan yurtdosh daho shoirimiz Pahlavon Mahmud ijodi bu jihatdan ibratlidir. Uning tug`ilgan yili
noma`lum bo`lib, vafot etgan davri manbalarda 1322 yil deb ko`rsatiladi. U hunarmand oilada
dunyoga kelgan. O`zi ham po`stindo`zlik bilan shug`ullangan, o`z zamonasining ilg`or,
ma`rifatparvar kishilaridan bo`lgan. Pahlavon Mahmud nomi bilan zikr qilingan barcha
tazkiralarda u g`azal, ruboiy janrlarida samarali ijod qilgan shoir sifatida tilga olinadi. Biroq,
Mahmudni elga mashhur etgan, avlodlar ehtiromiga sazovor qilgan narsa, bu, eng avvalo, uning
otashnafas ruboiylaridir. Shoirning ijtimoiy, falsafiy qarashlari ham uning ruboiylari mazmunida
aks etgan. Umuman Pahlavon Mahmud she`riyatida keng ma`nodagi hayotiy voqealar, insoniy
kechinmalar, chuqur axloqiy, falsafiy qarashlar ifodalanganki, bu hol shoirning o`z davrining
ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga faol munosabatda bo`lganidan dalolat beradi.
XIII asr oxiri va XIV asr birinchi choragida Turkistonda kechgan adabiy jarayonni
Burhoniddin o`g`li Nosiriddin Rabg`uziy ijodisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Ayniqsa bunda uning
qalamiga mansub «Qissai Rabg`uziy» asari adib nomini asrlar osha sarbaland etib kelmoqda. Bu
asar ilk o`zbek nasrining dastlabki namunasi sifatida qimmatlidir. Rabg`uziy asaridagi dunyoviy
ruh bilan sug`orilgan ko`plab she`riy parchalar g`azalchilik janrining keyingi rivoji uchun ham
ayricha ahamiyat kasb etadi. Tarixnavis ham taraqqiy topdi. Juzjokiyning «Tabaqoti Nosiriy»
(«Nosir turkumlari»), Juvayniyning «Tarixi jahonkushoy» («Jahon fotihi tarixi»), Rashididdin
G`azlullohning «Jome at-tavorix» («Tarixlar to`plami») kabi tarixiy asarlarda o`sha davr tarixiga
doim qimmatli tarixiy manbalardir. Shunday qilib, XIII-XIV asrlar davomida Movarounnahr
hududi mo`g`ullar hukmronligi bilan bog`liq tarzda qanday ziddiyatli, murakkab jarayonlarni o`z
boshidan kechirmasin, uning ko`hna madaniyati, ilm-urfoni an`anaviy ravishda o`ziga yo`l topib,
rivojlanishda davom etadi. Xalq dahosi, ijodkorligi uning salohiyatli namoyandalari sa`y-
harakatlari, tashabbuslari ila sayqal topib, yangi - yangi qirralar kashf etib boradi. Bu esa,
shubhasiz, o`lka xalqlari ma`naviy merosi, qadriyatlarining mazmunan boyib, yuksalishiga ijobiy
ta`sir ko`rsatib borgan.
Nazorat uchun savollar:
1. Chingizxon shaxsi to`g`risida nialarni bilasiz?
2. Chingizxon 1219 yilgacha qanday hududlarni istilo etgan edi?
3. Muhammad Xorazmshoh davlatining ichki ahvoli qanday edi?
4. Movarounnahr shaharlari qanday mudofaa qilindi?
5. Jaloliddin Manguberdi shaxsi, uning mo`g`ullarga qarshi qurashlardagi beqiyos jasorati haqida
so`zlang.
6. Jaloliddin Manguberdi yubileyi yurtimizda qachon va qanday nishonlandi?
7. Chig`atoy ulusi qanday vujudga keldi, u qay tarzda boshqarildi?
8. Mo`g`ullar mahalliy aholiga qanaqa soliq va to`lovlar soldi?
9. Mahmud Torobiy qo`zg`oloni to`g`risida tushuncha bering.
10. Torobiy qo`zg`oloni nima uchun mag`lubiyatga uchradi?
11. Mas`udbekning Movarounnahrdagi boshqaruvchilik va islohotchilik faoliyati haqida
so`zlang.
12. Kebekxon o`lkada qanday o`zgarishlarni amalga oshirdi?
13. Nima sababdan XIV asrning 40-60 yillariga kelib Chig`atoy ulusi iqtisodiy tushkunliq
hududiy parchalanishga yuz tutdi?
14. Mo`g`ullar hukmronligi davrida O`rta Osiyo xalqlarining madaniy-ma`naviy hayotida
qanday o`zgarishlar yuz berdi?
15. Bu davrga xos O`rta Osiyo xalqlari moddiy madaniyati namunalaridan nimalarni bilasiz?
16. Turkiy (eski o`zbek) adabiyot ijodkorlari asarlaridan so`zlab bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |