boshqarganlar. Qoraxoniylarning Movarounnahrdagi hukmronligi murakkab ijtimoiy-siyosiy
vaziyatda, turli sulolaviy urushlar, ziddiyatli jarayonlar girdobida kechgan. Ayniqsa xonlikning
muhim hayotiy markazlari hisoblangan Samarqand, Buxoro, Balx va Termiz kabi joylarni qo`lga
kiritish uchun saljuqiylar, qoraxitoylar bilan ko`p bor urush harakatlari olib borilgan.
Xususan, saljuqiylarning so`ngi podshohi
Sulton Sanjar (1118- 1157) Qoraxoniylarning
Movarounnahrdagi hukmdori
Arslonxon (1102- 1130)ning zaiflashib qolganligidan va mahalliy
ruhoniylar fitnasidan foydalanib, Samarqand va uning atroflarini bosib oladi. Shundan so`ng
Qoraxoniylar sulolasiga mansub mahalliy xonlar amalda Sulton Sanjarga tobe bo`lib qoladilar.
Biroq ko`p o`tmay bu hududlar yangidan sharqdan bostirib kelgan Qoraxitoylar ta`siriga tushib
qoladi. Faqat 1211 yilga kelib, ya`ni so`nggi
Horazmshoh Alouddin Muhammad (1200-1220)
davrida Qoraxoniylarning Movarounnahrdagi rasmiy boshqaruvi butunlay barham topadi.
Qoraxoniylar davrida Movarounnahrning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida bir qator muhim
o`zgarishlar yuz beradi.
Birinchidan, Qoraxoniylar o`lkani zabt etgach, bu erda ko`p asrlardan buyon hukm surib
kelgan erga egalik qilishning muhim shakli – dehqon mulkchiligini tugatib, bu mulklarni davlat
tasarrufiga oladilar. Bu mulklar o`z navbatida qoraxoniylarga tobe bo`lgan sodiq amaldorlar,
harbiy
lashkarboshilar, davlat xizmatchilari yoki ularga yon bosgan yuqori ruhoniylar, din peshvolariga
mulk qilib beriladi. “Dehqon” tushunchasi shundan boshlab amalda erni ishlovchi, unda mehnat
qilib kun kechiruvchi ijtimoiy toifa maqomiga ko`chdi.
Ikkinchidan, Qoraxoniylar davriga kelib er-mulkka egalik qilishning “iqto`” va iqtodorlik
munosabatlari yanada chuqur ildiz otadi. Iqtodorlar o`z tasarrufidagi hududlarda yashovchi
aholidan olinadigan soliqlar evaziga katta daromadlar olganlar.
Uchinchidan, O`rta Osiyo hududlarining Qoraxoniylar davlati tarkibiga o`tishi erli aholi
etnik tarkibida ham muhim o`zgarishlarni vujudga keltiradi. Qoraxoniylar hokimiyatining bu
hududga yoyilishi ayni zamonda sharqiy hududlardan turkiy qavmlar, elatlarning bu erlarga
kelib, o`rnashib, o`troqlashuviga sezilarli ta`sir ko`rsatadi. Bu esa, shubhasiz, o`zbek xalqining
etnik shakllanish jarayoniga ta`sir etadi. Ayni chog`da turkiy tilning iste`mol doirasi to`xtovsiz
kengayib bordi. Shu bilan birga bu tilning mahalliy xalq, elatlarning adabiy tili sifatidagi mavqei
va maqomi ham tarkib topib bordi. Go`zal va nafis qadimgi turkiy, ya`ni eski o`zbek
adabiyotining yuksak badiiy namunalari hisoblangan
Mahmud Qoshg`ariy, Yusuf Xos Hojib
va
Ahmad Yugnakiylarning betakror ijodiyoti bunga yorqin dalil bo`la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: