O`zbekiston tarixi fani xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi
ko`zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma`naviy saboqlar majmuasidir.
O`zbekiston tarixi fani boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan bog`liq holda o`rganiladi.
Insoniyat hayotining ma`no-mazmuni va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari haqida
fikr yuritganda falsafa, davlat qurilishi va jamiyatni boshqarish masalalarida Politologiya,
iqtisodiy hayotni yoritishda Iqtisodiyot nazariyasi, xalqning turmush tarzi, tili va milliy
mentalitetini tasvirlashda etnografiya, o`zbek tili va adabiyoti, dinshunoslik fanlari yutuqlaridan
foydalaniladi. Tarixshunoslik, manbashunoslik, arxeologiya, arxivshunoslik kabi maxsus fanlar
tarix falsafasini chuqur anglab etishga ko`maklashadi.
2. Tarixni o`rganishning nazariy-metodologik tamoyillari va
manbalari.
Tarixiy voqealarni o`rganishda to`g`ri ilmiy-nazariy, metodologik asoslarga tayanishning
ahamiyati juda katta. Sovetlar hukmronligi davrida tarixiy tadqiqotlar, uni o`qitish va o`rganish
ishlari markscha-lenincha metodologiyaga bo`ysundirildi. Har qanday voqeani yoritishga
sinfiylik, partiyaviylik, kommunistik mafkuraviylik nuqtai nazarlaridan yondashildi. Mamlakat,
butun bir xalq tarixi ikkiga-ekspluatator va ekspluatatsiya qilinuvchilar, quldorlar va qullar,
feodallar va qaram dehqonlar, burjuaziya va yollanma ishchilar, boylar va kambag`allar,
mulkdorlar va yo`qsillar tarixiga bo`lindi. Boylar va mulkdorlar, ular orasidan chiqqan beklar,
amirlar, xonlar, davlat arboblariga ommaga qarshi reaktsion siyosat yurituvchi ekspluatatorlar
guruhi deb qaraldi, qoralandi, nomlari badnom qilindi. Tarixiy voqea va hodisalar kambag`allarni
va yo`qsillarni himoya qilgan, sinfiy cheklangan tarzda yoritildi.
Din, diniy qadriyatlar qoralandi, insonlarning e`tiqodlariga bepisand qaraldi. Ming yillar
davomida ajdodlarimiz orasidan etishib chiqqan mashhur allomalar ikkiga - materialistlar va
idealistlarga bo`lindi. Buyuk olimlar, allomalar, ma`rifatparvar shoiru ulamolar, yozuvchilarga u
yoki bu dinga e`tiqod qilganlari, asarlarida olloh, payg`ambarlar nomini tilga olgan, ishonch
bildirganlari uchun idealist – noilmiy degan tamg`a yopishtirildi, ularning ijodiy faoliyatini
o`rganish chegaralandi, asarlari xalqdan yashirildi, yo`qotib yuborildi. Oqibatda ko`pgina tarixiy
voqealar soxtalashtirildi, ma`naviy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz kamsitildi. Yosh avlodga
ularni xurofat, eskilik sarqitlari deb o`rgatildi. Tarix faqat jangu jadal, urushlardan iborat jarayon
sifatida tasvirlandi.
Xalqimiz tarixining bu qadar soxtalashtirilishiga faqat marksistik metodologiyaning
yaroqsizligi aybdor deyish kifoya qilmaydi, albatta. Tarixni soxtalashtirishda, xalqni o`z tarixiy
xotirasidan judo qilishda, Turkistonning o`tmishini kamsitishda mamlakatda hukmron bo`lgan
totalitar tuzumning salbiy roli katta bo`ldi. Tarix fani totalitar tuzum xizmatkoriga,
tashviqotchisiga, kommunistik mafkura dumiga aylantirilgan edi.
Insoniyat tarixini, tarixiy voqea, hodisalarni to`g`ri yoritish va o`rganish uchun bir qator
muhim nazariy-metodologik tamoyillarga tayanmoq zarur.
Bilish nazariyasining dialektik metodi ana shunday tamoyillardan biridir. Dialektika olam
yagona va yaxlit, unda sodir bo`ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o`zaro bog`lanishda,
uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo`ladi, deb ta`lim beradi. Dialektika juda uzoq tarixga
ega, uning bilish nazariyasi sifatida shakllanishi va rivojlanishida Geraklit, Aristotel`, Xorazmiy,
Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Spinoza, Gegel`, Gertsen va boshqa olim va
ma`rifatparvarlarning xizmati kattadir. Ular moddiy va ma`naviy dunyoni uzviy bog`liq jarayon
shaklida, ya`ni ularni uzluksiz harakat qilib, o`zgarib, taraqqiy qilib turadigan holda, taraqqiyotni
ichki bog`lanishda olib o`rganish qoidalarini yaratdilar.
Dialektik metodologiya har qanday mamlakat tarixini, shu jumladan, O`zbekiston
tarixini jahon xalqlari tarixi bilan bog`liq holda o`rganishni taqazo etadi. Negaki, har bir xalq
tarixida milliylik, o`ziga xos betakror xususiyatlari bilan birga jahon tarixi, butun insoniyat
taraqqiyoti bilan umumiy bog`lanishdadir.
Darhaqiqat, O`zbekiston tarixi, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bilan,
qolaversa, butun jahon xalqlari tarixi bilan chambarchas bog`langan. Qadim zamonlardan buyon
Vatanimiz Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko`pgina davlatlar bilan yagona iqtisodiy va madaniy
makonda bo`lib kelgan. Bu katta hududda yashovchi urug`, qabila, qavm, elatlar etnik jihatdan
doimo o`zaro ta`sirda va aloqada bo`lganlar, qo`shilish jarayonini boshidan kechirganlar,
ularning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy hayoti bir-birlari bilan uzviy bog`liq o`tgan. Shu
sababdan O`zbekiston tarixini qo`shni mamlakatlar tarixi bilan bog`liq holda, bir xalqni ikkinchi
bir xalqqa qarama-qarshi qo`ymagan holda o`rganish taqazo etiladi. Qozoq, qirg`iz, qoraqalpoq,
turkman, tojik, fors, afg`on, hind, arab va boshqa xalqlar, mamlakatlar tarixini qanchalik yaxshi
bilsak, O`zbekiston xalqlari tarixini shunchalik chuqur, har tomonlama o`rganishga imkon
yaratadi, ko`maklashadi. Tarixiy voqea, hodisalarni o`rganish, tahlil qilish va yoritishda ularga
xolisona, haqqoniy, ilmiy yondashuv muhim metodologik tamoyillardir.
Xolislik, ilmiylik qoidasi tarixiy voqea, hodisalarni o`rganayotganda ular bilan bog`liq
bo`lgan barcha faktlarning hech bir istisnosiz butun majmuini birga olib tekshirishni, aniq,
haqqoniy dalillarga asoslanishni talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, o`zaro aloqada
va munosabatda deb o`rganish darkor. Oldindan to`qilgan bir g`oyani, uydirmani oqlash lozim
bo`lsa faktlar silsilasidan faqat ayrimlarini, mos keladiganlarinigina tanlab olish «tajribasi» sir
emas, albatta. Bunday yo`l bilan chiqarilgan xulosa yoki baho xolisona, haqqoniy bo`lmay, u bir
tomonlamalikka olib keladi.
Mustaqillik tarixni xolisona yoritish imkoniyatini yaratdi. «O`zbek olimlarining kuch
g`ayratlari bilan tariximizning ko`pdan ko`p g`oyat muhim sahifalari, eng avvalo, Temuriylar
davri, 19-asr oxiri, 20-asr boshlari tarixi yangidan kashf etildi. Shuni esda tutish muhimki,
o`tmishimizni «oqlash» vazifasi umuman olganda bajarib bo`lindi, hozir esa asosiy vazifa,
tarixiy tahlilni ilmiy jihatdan holisona va halol amalga oshirishdan iboratdir».
Tarixni o`rganishda tarixiylik tamoyili muhim ahamiyatga ega. Tarixiylik qoidasi voqea,
hodisalarni o`z davrining aniq tarixiy sharoitidan, o`sha davr muhitidan, tarixiy rivojlanish
jarayonidan kelib chiqqan holda o`rganishni taqozo etadi. Har bir voqea, hodisani boshqa
voqealar, hodisalar bilan bog`lab o`rgangandagina mazkur voqea hodisaning umumiy tarixiy
jarayondagi o`rnini to`g`ri aniqlash, belgilash mumkin bo`ladi. Har bir voqea, hodisaga umumiy
tarixiy jarayonning bir qismi, bo`lagi deb qaramoq zarur.
Har bir hodisa, jarayon qanday tarixiy muhitda, nima uchun aynan shu paytda, shu
shaklda sodir bo`lganligini, bu hodisa o`z taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni bosib
o`tganligini, keyinchalik u qanday bo`lib qolganligini bilish tarixiylik qoidasining talabidir.
Masalan, bironta davlat faoliyatiga tarixiylik nuqtai nazaridan turib baho bermoqchi bo`lsak, u,
birinchidan, qachon, qanday tarixiy sharoitda paydo bo`ldi, ikkinchidan, u o`z taraqqiyotida
qanday bosqichlarni bosib o`tdi, uchinchidan, uning tarixiy o`rni, mavqei qanday, degan
savollarga aniq javob berish zarur bo`ladi.
Tarixiylik tamoyili xalqning o`tmishini yagona tabiiy- tarixiy jarayon deb, o`tmish
hozirgi zamonni tayyorlaydi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi deb qaraydi. Insoniyat ana shunday
umumiy yo`ldan borayotgan ekan, istiqbolda porloq hayot, farovon turmush qurmoqchi bo`lgan
avlod tarix fani orqali o`tmishni, ajdodlarimizning tarixiy tajribasini yaxshi bilmog`i lozim.
O`tmishni, ajdodlarimiz tarixini qanchalik yaxshi bilsak, anglab etsak, hozirgi zamonni
shunchalik mukammal tushunamiz, kelajakni to`g`ri tasavvur etamiz, taraqqiyotning al`ternativ
yo`llaridan to`g`risini tanlay olamiz.
Insoniyat taraqqiyotining ma`lum bosqichida xususiy mulkchilik kelib chiqadi va
urug`chilik tuzumi emirilib, urug` jamoalari turli ijtimoiy tabaqalarga bo`linadi, shu davrdan
e`tiboran tarixiy voqea va hodisalar ana shu tabaqalarning manfaati bilan bog`liq holda
kechadigan, har bir ijtimoiy tabaqa o`z manfaati nuqtai nazaridan harakat qiladigan, ayrim
hollarda ularning siyosiy, iqtisodiy manfaati bir-biri bilan to`qnashadigan, qo`zg`olonlar
ko`tariladigan bo`lib qoldi. Bunday vaziyatda sodir bo`lgan voqealarni, tarixiy jarayonni
o`rganishda ijtimoiy yondashuv tamoyiliga rioya etish zarur bo`ladi. Ijtimoiy yondashuv tamoyili
tarixiy jarayonlarni aholi barcha tabaqalarining manfaatlarini, teng ta`sir etuvchi omillarni
hisobga olgan holda o`rganishni taqozo etadi. Voqealarni alohida bir ijtimoiy tabaqa -
kambag`allar, yo`qsillar yoki mulkdor boylar manfaati nuqtai nazaridan turib tahlil etish, yoritish
bir tomonlama yondashuv bo`lib, bu tarixni soxtalashtiradi, to`g`ri xulosalarga olib kelmaydi.
Shohlar, amirlar, beklar faoliyatini yoritishga adolat nuqtai nazaridan yondashmoq
kerak. Ularni boy tabaqalardan chiqqan, mulkdor bo`lgani uchungina qoralash, badnom qilish
adolatdan bo`lmaydi. Mamlakat yurtboshisiz, davlat idora organlarisiz, boshqaruvchilarsiz
bo`lmasligini isbot etishning hojati bo`lmasa kerak. Shunday ekan, barcha davlat arboblarini,
amaldorlarni yoppasiga qoralash ham to`g`ri emas. Jonajon Vatanimiz ko`hna tarixi ham ular
orasida xalqparvar, ma`rifatparvar, adolat bilan siyosat yuritgan mashhur davlat arboblari
bo`lganligidan guvohlik berib turibdi.
Ijtimoiy yondashuv tamoyili davlat arboblarining, siyosiy kuchlar, partiyalar, turli
uyushmalar, ular yo`lboshchilarining tarixiy taraqqiyot darajasiga ko`rsatgan ijobiy yoki salbiy
ta`sirini, jamiyatning u yoki bu yo`ldan rivojlanishidagi rolini bilib olishda muhim ahamiyatga
egadir.
Jahon xalqlari tarixi, jumladan, mamlakatimiz tarixi guvohlik beradiki, davlatlar
o`rtasida, hukmdorlar o`rtasida siyosiy, iqtisodiy manfaatlar, strategik maqsadlar yo`lida tez-tez
qirg`inbarot urushlar bo`lib turgan, biri ikkinchisini bosib olgan, mag`lub mamlakatni talon-taroj
qilgan, iqtisodiy imkoniyatlarini zo`rovonlik bilan o`z manfaatiga bo`ysundirgan va o`zlashtirgan.
Bunday jarayonlarni siyosiy mezonlar nuqtai nazaridan turib baholash zarur bo`ladi.
Mamlakatimiz tarixini o`rganishda milliy qadriyatlar, xalq an`analari va urf-odatlari,
islom dini tarixi, odamlarning diniy e`tiqodlari, diniy ta`limotlar va ularning asoschilari
faoliyatini tahlil qilishda, yoritishda vorisiylik tamoyiliga amal qilish, ularni tarixiy xotira
sifatida hurmatlash, e`zozlash va yanada boyitib borish nuqtai nazaridan yondashmoq kerak.
Hayot xalqning necha ming yillar davomida yaratgan milliy madaniyatini, axloq mezonlarini
ikkiga -ekspluatatorlar madaniyati va axloqi hamda ekspluatatsiya qilinuvchilar madaniyati va
axloqiga bo`lish, birinchisini qoralashdan iborat yo`riqnomaning naqadar zararli ekanligini
ko`rsatdi.
Milliy
madaniyatga,
ma`naviy
merosga
bunday
yondashuv
ma`naviy
qashshoqlanishga, milliy qadriyatlarning, urf-odatlarning oyoq osti qilinishiga, ko`pgina olimlar,
ma`rifatparvarlar, ruhoniylarning badnom qilinishiga olib kelganligini hech qachon unutmaslik
kerak.
Ajdodlarimiz hayotini, tarixiy jarayonlarni tahlil qilish, yoritish, o`rganishda Vatan
manfaati nuqati nazaridan yondashish, milliy istiqlol g`oyasi tamoyillariga tayanmoq lozim.
Vatanimiz tarixini o`rganishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning
asarlari, ma`ruza va nutqlari, farmon va farmoyishlari, mustaqillik davrida qabul qilingan
qonunlar va boshqa me`yoriy hujjatlar muhim nazariy- metodologik asos bo`lib xizmat qiladi.
Tarixni o`rganishda yuqorida qayd etilgan metodologik tamoyillar bilan bir qatorda
faktlarni taqqoslash, mantiqiy-qiyosiy xulosalar chiqarish, falsafiy tafakkur, davrlashtirish,
sotsiologik tadqiqotlarni o`tkazish, statistik, matematik va boshqa usullardan ham foydalanish
zarur.
Vatanimiz tarixini tadqiq etish, o`rganishda uni to`g`ri davrlashtirishning ahamiyati
kattadir. Sovetlar xukmronligi davrida sobiq SSSR tarkibidagi yuzdan ortiq xalqlar tarixi,
jumladan, Vatanimiz tarixi sinfiy kurash, inqilobiy harakatlarga asoslangan marksistik
formatsion g`oyaga bo`ysundirilgan holda davrlashtirildi. Barcha xalqlar tarixi besh davrga:
ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik tuzumi, feodalizm, kapitalizm, sotsializmga va kommunizmga
bo`lindi. Bunday davrlashtirishning maqsadi jamiyat taraqqiyoti insoniyatni albatta
kommunizmga olib boradi, degan «g`oyani» ilgari surish va oqlashdan iborat edi. Bu g`oyaning
qanchalik to`g`riligi XX asrda ko`pgina xalqlar taqdirida sinab ko`rildi, pirovard natijada fojiali
oqibatlarga olib keldi. Hammani tenglashtirish g`oyasi amalda kambag`allar, yo`qsillar uchun
erkin va farovon turmush yaratolmadi, mulkdorlar, badavlat tabaqalarni kambag`allar, yo`qsillar
darajasiga tushirdi. Jamiyatda ommaviy loqaydlik, boqimandalik kayfiyatini keltirib chiqardi.
Shu bois insoniyat XX asr oxirlariga kelib bu g`oyani o`z elkasidan uloqtirib tashladi, butun
dunyoda «sinfiy qadriyatlar»dan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligi e`tirof etildi.
Tarixni davrlashtirishdek muhim masalaga turlicha yondashuvlar mavjud. Ko`pgina
arxeolog olimlar mehnat qurollari qanday materialdan yasalganligini asos qilib olib, insoniyat
tarixini qadimgi tosh, o`rta tosh, yangi tosh, tosh-mis, bronza, temir davrlariga bo`lganlar.
Bunday yondashuv to`g`ridek ko`rinsada kishilik jamiyati taraqqiyotining bir-biridan farq
qiluvchi muhim davrlarini belgilashga etarli darajada asos bo`lolmaydi, albatta.
Amerikalik tarixchi olim L.Morgan va F.Engel`s tarixni uch davrga bo`ladi: yovvoyilik
davri (tayyor tabiat mahsulotlarini o`zlashtirish), vahshiylik davri (chorvachilik va
dehqonchilikning vujudga kelishi) va tsivilizatsiya davri (sanoat rivojlanishi).
XX asr tarixi insoniyat taraqqiyotini, barcha xalqlar tarixini bir qolipga solish, jamiyat
taraqqiyoti insoniyatni kommunizmga olib boradi, degan kommunistik g`oyani odamlar ongi va
qalbiga singdirishni mo`ljallagan bunday davrlashtirishning ham nomukammal ekanligini
isbotladi va rad etdi. Darhaqiqat, nafaqat O`zbekiston hududida, ko`pgina Osiyo mamlakatlarida
ham quldorlik tuzumi bo`lmagan. Negaki, Vatanimizda qullar bo`lsada quldorlik ishlab chiqarish
usuli, qullar mehnati emas, erkin dehqon jamoalari mehnati etakchi ijtimoiy-iqtisodiy uklad
bo`lgan. XIX asr oxirlarida vujudga kelaboshlagan kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari
ham, burjuaziya va yollanma ishchilar tabaqasi ham barqaror shakllanib etish darajasiga
ko`tarilmadi.
Tarixiy jarayon tahlili kishilik jamiyatining zamonda ham, makonda ham bir maromda
emas, notekis, to`lqinsimon-spiral shaklda riovjlanishidan guvohlik beradi. Bu - tarixiy
rivojlanish qonunidir. Tarix - bu avlodlar almashinuvidan, taraqqiyot tsikllari almashinuvidan
iborat. Jamiyatni harakatlantiruvchi asosiy kuch ishlab chiqarish qurollari, vositalari emas,
insondir. Inson, uning ehtiyojlari, qobiliyatlari, bilimi, malakasi, xohish-irodasi bosh ishlab
chiqaruvchi kuchdir. Yaratilgan barcha moddiy va ma`naviy boyliklar inson mehnatining
mahsulidir. Insoniyatning taraqqiyotning bir bosqichidan ikkinchi bosqichiga o`tishi, uning
barkamollashib borishi, ongi, tafakkuri va mahoratining o`sib borishi, maqsadli intilishi natijasida
sodir bo`ladi. Inson tarixni yaratuvchi sub`ektdir. Tarixni davrlashtirishda mana shu omillarni
nazarda tutmoq lozim.
O`zbekistonning boy, betakror tarixi bo`lib, uning o`ziga xos tarixiy taraqqiyot davrlari
bor. Uni quyidagi yirik davrlarga bo`lish mumkin:
•
Ibtidoiy-jamoa tuzumi.
•
Qadimgi davr: davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishi.
•
O`rta asrlar davri.
•
Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davri.
•
Mustabid sovet hokimiyati hukmronligi.
•
Milliy istiqlol davri.
Bu davrlarning har biri yana o`ziga xos, kichik davrlarga bo`linadiki, uni mazkur
darslikning mazmuni va mundarijasidan yaqqol ko`rish mumkin.
Haqqoniy, xolis tarixiy bilimga ega bo`lish oson emas. Negaki, biz o`rganayotgan tarixiy
voqealarni, jarayonlarni bevosita kuzata olmaymiz, ular bizdan ancha ilgari bo`lib o`tgan, ularni
qaytarib bo`lmaydi. Bundan ilgari bo`lib o`tgan tarixiy voqealarni bilib bo`lmaydi, degan xulosa
chiqmaydi, albatta.
Tarixiy voqealar, xalqlar hayoti nom-nishonsiz yo`q bo`lib ketmaydi, ulardan tarixiy
Do'stlaringiz bilan baham: |