Kuzatishlar asosida insho yozish
O`quvchilar narsa-buyumlarni, tabiatni, mehnat faoliyatini kuzatish asosida hosil qilgan taassurotlarini so`zlar vositasida ifodalaydilar. Bunda ular fikrlarini turli va to`la ifodalashga o`rganishdan tashqari, ularning tushunchalari ham kengayib boradi.
Dastlab kuzatish rejasi tuziladi. O`quvchilarga kuzatish davomida nimalarga e`tibor berishlari kerakligi tushuntiriladi, insho mavzusi aytiladi.
O`quvchilar bilan kuzatish taassurotlari asosida savol-javob o`tkazilganidan keyin ularning fikrlari umumlashtiriladi. Mavzu yuzasidan reja tuziladi. Mavzu ayrim o`quvchilarga reja asosida gapirtiriladi. Shundan so`ng insho yozdiriladi.
Boshlang`ich sinflarda ko`rganlarini tasvirlab berishning quyidagi ko`rinishlaridan foydalanish mumkin:
1. Kuzatish davomida ko`rilgan ayrim predmetlarni tasvirlab yozish.
O`quvchilar mehnat faoliyatini tasvirlash.
Tabiat ko`rinishini tasvirlash.
Sistemali kuzatishlar natijasini umumlashtirib tasvirlash.
O`qilganlar asosida insho yozish
Inshoning bu turida o`quvchilar o`qigan hikoyalari asosida insho yozadilar. Bu xildagi inshoda o`quvchilar hosil qilgan tushunchalarini yozma bayon qiladilar.
O`qilgan asar yuzasidan insho yozishga tayyorgarlik va yozish ishlari o`qish va sinfdan tashqari o`qish darslariga bog`lab olib boriladi. 2-3-sinflarda olib boriladigan bunday ishlar 4-sinfda o`qiganlari asosida to`laroq insho yozishga tayyorlaydi.
4-sinfda badiiy asar asosida yoziladigan dastlabki insho jamoa xarakterga ega bo`ladi. Ya`ni sinf o`quvchilari asarni birgalikda o`qib-o`rganadilar. Tushunchalari bo`yicha o`z fikrlarini aytadilar. O`quvchilar fikri doskaga yoziladi. So`ng uni o`quvchilar ko`chirib yozadilar. Keyinchalik esa mustastil yozishga kirishadilar.
Asar yuzasidan insho yozish o`quvchilarga bir necha kun oldin aytib qo`yiladi. Shundan so`ng o`quvchilar asarni diqqat-e`tibor bilan o`qiydilar. O`qilgan asar yuzasidan savol-javob o`tkaziladi. Ayrim o`quvchilarga asar mazmuni gapirtiriladi. So`ng insho yozish tavsiya etiladi. Keyinchalik esa o`quvchilarga o`qilgan matn yuza-sidan savol-javoblarsiz mustaqil insho yozish tavsiya qilinadi. Lekin dastlabki paytlarda o`qituvchi o`quvchilarga qisman yordam berib turadi.
Maqola yozish
3-4-sinf o`quvchilariga sinf hayoti va o`quvchilar faoliyati haqida, uyin va o`qishlari haqida sinf yoki maktab devoriy gazetalariga maqola yozishni o`rgatib borish ham inshoning bir ko`rinishidir. Buning uchun dastlab biror mavzu tanlanib, shu mavzuga oid «G`uncha» jurnalida berilgan maqolalar o`qib-o`rganiladi. Mavzu mazmuni yozishdan oldin bir necha o`quvchiga gapirtiriladi. Birgalikda tuzilgan maqolani doskaga yozib, tahlil qilinadi. Uni o`quvchilar daftarlariga ko`chirib yozadilar. Shundan keyin uyda shunga o`xshash maqola yozib kelish topshirig`i beriladi. Shu tarzda o`quvchilar qisqa hajmli xat-xabar va maqola yozish malakalarini egallaydilar.
O`quvchilarni kichik yoshdan inshoning barcha turlari bilan qisman bo`lsa-da, tanishtirib borish muhim ta`lim-tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bu ish o`quvchilarning og`zaki va yozma nutqlarining sistemali o`sib borishiga yordam beradi. Yuqori sinflarda inshoni muvaffaqiyatli yozishlariga zamin hozirlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |