5. Isajon Sultonning romanlari tahlili
Istiqlol davri romanchiligi mavzuning badiiy talqini, odamning orzu-umidlari, shaxs intim kechinmalari, inson psixologiyasini tahlil etish yoʻlidan bormoqda. Mohiyatga evrilgan badiiy talqinlarda oʻzlikni anglashga intilish kuchli. Poetik tafakkur miqyoslarini kengaytirishga, shaxs jumbogʻi nima degan savolga javob axtarishga, tushunchalarni mudom oʻzgarishga mahkum ekanligini anglashga intilayotgan adiblarimizdan biri Isajon Sultondir.
2011 yili nashr qilingan “Ozod” romani mavzu va gʻoya, syujet va kompozitsiya qurilishi jihatidan yaxlitlik kasb etgan asarlar sirasiga kiradi. Roman muqaddimasida keltirilgan parchada ham bunga guvoh boʻlamiz: “Hamma insonlar koʻzgudir va turli-tumandir, – dedi u. – masalan, ilm va soʻz ahli botiq oynadir. Ularning aytganlari – kichikdan kattaga, kamdan koʻpga olib boruvchi yoʻllarning ishoratlaridir. Modomiki, jonsiz oynaga voqea-hodisalarni akslantirish xususiyati ato etilgan ekan, jonli koʻzgu egasi ularni istagan maqomga solib akslantira oladi. Dunyoda qushlar turli-tuman, ularning hayot kechirishi va tabiati ham turfa, xalq hudhud, qumri, popishak, kabilarga navosoz, donishmand, yengiltak kabi maʼnolarni yuklagan, bular – qisman aks. Ulardan boshqa qushlar ham bor, el ularni tole qushi, humo qushi yoki jon qushi deb ataydi. Bular – toʻliq, yaʼni hamma qushlarning xususiyatini jamlab, qoʻshimcha moʻjizaviy maʼnolar yuklangan aksdir”.[1]
Mazkur lavha roman ekspozitsiyasida “Koʻzga koʻrinmas muallifning soʻzboshisi” deb nomlanib, asar ramziy-falsafiy, majoziy ishoralar, timsollar jamlujamidan tarkib topganligini his qilish mumkin. Bu ramziy-majoziy talqin ustuvor barcha tafsilotlar “kapsula” ichiga joylanganki, uni fikr va his orqali tushunib yetish mumkin. Qush timsoliga sharh berar ekan, muallif voqeani mikro elementlarigacha qiyoslab koʻradi. Tole qushining yaxlit qiymat olganligini tavsiflaydi. Bu bilan esa roman poetikasida xamirturush vazifasini bajarishiga ishora qilinadi.Bugungi kun nasridagi yangilanishlarni kuzatar ekanmiz badiiylikning “urf” boʻlayotgan shartlaridan biri ramzdir. Ramziy talqinda muallif pozitiv dunyoqarashi bir muncha erkin harakatlanadi. Adabiyotshunoslik terminlari lugʻatida atamaga quyidagicha taʼrif beriladi:
“Ramz (ar. soʻz boʻlib – imo, ishora, imlash) – simvol; koʻchim turlaridan biri, faqat shartli ravishda va shu matn doirasida koʻchma maʼno kasb etuvchi soʻz yoki soʻz birikmasi; obrazlilik turi. Ramz mohiyatan allegoriyaga yaqin, undan farqi shuki, ramz kontekst doirasida ham oʻz maʼnosida, ham koʻchma maʼnoda qoʻllanadi. Ramzning maʼnosi kontekst doirasida va shartdan xabardorlik boʻlganda reallashadi”[2]. Atamaning keng tushuncha ekanligini, qoʻllanganda turli maʼno turlanishlariga yoʻliqishini ham eʼtibordan soqit qilmagan maʼqul. “Ozod” romanida “fikr va his”, “tafakkur va mantiq” tushunchalari alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, badiiy shakl ifodasida talqin rang-barangligi yuza kelgan. Joriy holat romanda xilma-xil xarakterlar ziddiyatida tafakkur miqyoslariga rahna soluvchi tushuncha shartliligiga ishora qilinishida qabarib koʻrinadi. Mumtoz shoirlar ijodidan sayqallangan ramziy talqin ustqurmasida olam va odam jumbogʻi aks ettirilgan. Bir qarashda romanda qissaga xos ifodaviy xususiyatlar qabarib koʻrinasa-da, biroq syujet va kompozitsiya yaxlitligi nuqtai nazaridan hamda muallif oldiga qoʻygan falsafiy-ramziy konsepsiya “Ozod”ni toʻlaligicha roman degan xulosaga kelishimizga asos vazifasini oʻtaydi. Toʻgʻri, talqin mustaqilligi muallif erkin boshqaruvi natijasida yuzaga kelishi mumkin, chunonchi ifoda zichligi nazariy aqidani inkor etmaydi:
“Shu tobda koʻkda oq bulutlar suzib bormoqda edi.
Yuksaklarning shamoli ularni suruv-suruv haydab borar, bir ozdan keyin shakli oʻzgarib, shiddat bilan oldinga intilayotgan yosh toylar toʻdasi shaklini olmoqdaydi. Samoviy bu otlarning uzun yollari shamolda hilpirab, adoqsiz tiniq kengliklarda rohatlanib chopishayotgandek tuyulardi. Ortlaridan ergashgan qora bulutlar toʻdasi ogʻir-vazmin suzar, bular gʻoyatda koʻp va qat-qat, bagʻirlarida jalalarni olib kelayotgan boʻlishlari ham ehtimol.
U lola oʻsha bulutlar chiqib kelgan joyda oʻssa kerak, deb xayolidan oʻtkazdi Ozod. Shamol paydar-pay epkin urmoqda, loyqaga qorishgan oʻt-oʻlan isini dimoqqa tutmoqda edi.
Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi. Keyin togʻu tosh boshlanib ketadi, yanayam ichkariroqda, ikki togʻ orasida sip-silliq baland qoyalar boʻy choʻzgan, oʻsha qoyalarning eng tepasiga chiqib borilsa bas”[3]
Mazkur lavhada “Shamol” xarakter ramzi. Qahramonning olamu odam sirlarini bilishga boʻlgan ishtiyoqi gʻoya mohiyatini tahlil qilishga yoʻnaltiriladi: Shakl va mazmun uygʻunligini dalillash barobarida oʻquvchini keskin fikrlar ziddiyatiga tayyorlab boradi. “Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi” jumlasining oʻzidayoq roman fabulasi oʻz tajassumini topgan. Ayni paytda, Ozod Uchyongʻoq va Tuz choʻli, Oydinkoʻl haqida muayyan tasavvurga ega emas. Unga yoʻl koʻrsatuvchi shamol (qismat ramzi) syujet voqelarini izchil harakatlanishiga zamin hozirlaydi. Binobarin, tafakkur qilishga odatlangan kishilargagina olam sirlari oʻz mohiyatidan dars beradi. Ozod – roman kompozitsiyasida tafakkur timsoli. Uning turli xil fikriy va ishqiy sarguzashtlari aynan shamol yordami (ishorasi) bilan yuksak mohiyatga evriladi. Adib ushbu romanida azal va abad oʻrtasidagi mangu kurash, omonsiz jang, inson oʻzagi sanalmish maʼrifatni tahlil va tadqiq qilishni maqsad qiladi. Unda qoʻllanilgan ishora va tafsilotlar negizida erkin fikrlashga oʻrganayotgan, oʻzini tanishga ichki ehtiyojni hayot aʼmoliga aylantirayotgan ozod inson obrazini koʻramiz. Ayniqsa, har bir detal, tasvir, mikro nuqtalarigacha voqelik dramatizmi qahramon qalbida uygʻongan his-tuygʻular bilan akslanadi, ziddiyatga kirishadi. Demak, tasvirlanayotgan voqelik zamirida mushohada zalvori tafsilotlararo teranlashib boradi. Bu haqda adabiyotshunos olim Abdugʻafur Rasulov shunday yozadi: “Aslida romandagi barcha qiyofalar va obrazlar Ozodning oʻzidir, deb oʻylash tarafdoriman. Akslar deganda ham mana shu mantiq nazarda tutilmaganmikin? Agar u maʼno kengliklari sari yoʻlga chiqmasa, otasi kabi boʻlar va ekinzorda mehnat bilan kuni oʻtarmidi? Boylik sari intilsa, qismati uzumzorlar egasining taqdiri kabi armon va taassuflar aro pushaymonlik soʻqmoqlarida tentirash boʻlarmidi? Er yetilayotgan barcha yigitlar eranlardir. Ozod oʻzining eranlik xususiyati tufayli dillarga orom beruvchi – Diloromga intildi. Ha, ayol Dilorom, biroq, Vatan ham diloromdir”[4]. Darhaqiqat, olim eʼtirofida ikki xususiyat koʻzga tashlanadi: birinchidan, asarda voqelik hikoyachisi shamol barcha hodisalarning bashoratgoʻyi, qissagoʻyi, bilimdoni tarzida roman kompozitsiyasini yaxlitlashtiradi, ikkinchidan, har bir akslanayotgan timsol va taqdirlar bosh qahramon shuurini oʻziga mahliyo qiladi. Buning zamirida adib qadim mifologik tasavvurlardan joriy tasavvurlargacha qamrab oladi. Oraliqda botiniy hislar zohiriy tushunchalarni idroklaydi. Ozod aynan ushbu taqdirlar negizida ulgʻaya boradi. Adib “Ozod” timsolida shartli ravishda Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr”, Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”, Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir” asarlaridagi bosh gʻoyaga mutanosiblikni payvandlaydi. Ezgulik va yovuzlik, ofat va balolar qayerdan kelishi, barcha balo qazolarning sababkori kim yoki nima degan savollarga mantiqiy javob axtarayotgan qahramon intellekti namoyishi qabarib koʻrinadi. Bir qarashda, Ozod timsol, ishora va ramzlarni oʻzida jamlaydi. Aslida, tashqi biologik olam bilan ziddiyatga kirishayotgan mudom tole qushini izlab sargardon kezayotgan shaxs ruhiyati har bir qalbda yashirin. Yozuvchi Isajon Sulton aynan ushbu jihat: qalb va qiyofa suvratini chizishni oʻz oldiga aniq maqsad qilib qoʻyadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |