Temur davlatida mahalliy boshqaruv.
Shuni ta’kidlash joizki, mahalliy boshqaruv ham saltanatning hukmron sulola namoyondalari va shu xonadon tayanchi bo’lmish harbiy-siyosiy kuchlar yordamida idora etilgan. Tabiiy ravishda Amir Temur ham saltanatni o’z o’g’illari va avlodlariga tayangan holda boshqardi.
Sohibqiron ,,Tuzuklari”da yozilishicha ,, Amir qildimki, agar o’g’illarimdan qaysi birovi saltanat martabasiga davogarlik qilib bosh ko’tarar ekan, uni o’ldirishga, qo’llarini bog’lashga yoki muchasidan biron joyini kamaytirishga hech kim jur’at qilmasin. Lekin o’z davosidan kechmaguncha, uni asrlikda saqlasinlar, toki Xudoning mulkida urush chiqmasin. Agarda nabiralar yoki qavm-qarindoshlardan biri menga qarshi ko’tarilsa, uni darveshlik holatiga solsinlar”1. Shu boisdan sohibqiron to’ng’ich o’g’li Muhammad Jahongirga viloyat hokimligi va ikkiming otliq askar ulufasini berdi. Ikkinchi o’g’li Umarshayxga o’nming otliq askar va viloyat hokimligini berib. Uchinchi o’g’li Mironshohga to’qqizming otliq askar va bir viloyatni topshirdi. To’rtinchi og’li Shohruhga yettiming otliq askar va bir viloyat hokimligini topshirgan. Lekin mahalliy boshqaruv markaziy boshqaruvdan farq qilgan holda keng tarmoqli emasdi. Oliy dargoh va ijroiya tizimi oldida javobgarlik holatida faoliyat ko’rsatgan.
Aynan shu boisdan ham “ Temur tuzuklari” da saltanatim qo’rg’onlari bo’lmish amirlar, agar ish ustuda nifoqqa borsalar, ularni martabasidan tushursinlar va yerlari tortib olinsin. Agar davlatga ziyon yetkazgudek ish qilsalar, ular boshqa amirlarga tobe etilsinlar. Agar sipohiylik ishlarida yalqovlik qilgan bo’lsalar, ularga yozish – chizish bilan shug’ullanuvchilar orasidan ish berilsin. Agar shundan keyin ham xatolikka yo’l qo’yib kaltabinlik qilsalar, ikkinchi bor hizmatga olmasinlar”- deyilgan.
Mamlakat oldida alohida ko’rsatgan hizmatlari uchun yirik amaldorlar, harbiylar din peshvolari hamda bo’ysudurilgan sobiq hukumdorlarga shaxsiy xizmat va sharoitga munosib ravishda biron xudud viloyat, tuman suyurg’ol (tortiq) qilingan. Har bir suyurg’ol qilingan hududga (viloyat, mamlakat, tuman) ikkitadan vazir tayinlangan.
Birinchisi – yig’iladigan soliqlarni qayd etib aholi ahvolidan boxavar bo’lib turish, ikkinchisi esa yig’iladigan daromadlar qay tarizda xarj qilinayotganini hisobga olish, shu yerda mavjud harbiy qismlarga beriladigan moash taqsimoti bilan shug’ullanishgan.
Bu vazirlarning birinchisi “ viloyatdan yig’ilgan molni yozib, raiyat fuqoraga jabr – zulm yetkazib ularning holini - harob etmasin, - ikkinchi vazir esa, qaysi amirga tuyul berilar ekan, uni uch yilgacha o’z holiga qo’ysinlar. Xirojni raiyatdan kaltaklash va savalash yo’li bilan emas, balki ogohlantirish, qo’rqitish va tushuntirish yo’li bilan undursinlar qaysi hokim hukmning ta’siri kaltaklash ta’siridan kamroq ekan, unday hokim hukumat yurguzishga yaroqsiz”1 – deb takidlaydi Amir Temur “tuzuklar” ida. Shunday qilib maskur vazirlar orqali markaz joylardagi moliyaviy, soliq, ijtimoiy holat masalalari bo’yicha to’g’ridan – to’g’ri ma’lumot olib turgan. Shuningdek suyurg’ol egalari o’zlariga tortiq qilingan joylardagi aholidan olinadigan soliqlarning ma’lum bir qismini o’zlari olgan.
Suyurg’ol egalariga o’z yeri doirasida amaldorlar tayinlash, soliqlar va turli to’lovlarni to’plash hamda ayibdorlarni jazolash huquqi berilgan. Amir Temur o’z piri Sayyid Barakaga Andxudni tortiq qilgan. ,,A.Samarqandiyning yozishicha Shohruh davridan Xorazm – Shohmalikning; Farg’ona – Mirzo Ahmadning; Tus – Mashhad, Obivard va Nisoni o’z ichiga olgan.
Xuroson-Boysung’ur Mirzoning, Qobul, G’azna va Qandaxor viloyatlari esa, Mirzo Qaydu Bahodirning suyurg’oli edi. Suyurg’oli egasi markazga bo’ysunmagan taqdirda, suyurg’oldan mahrum qilishardi. Shuningdek, markazga bo’ysunmagan Mirzo Iskandarni 1414-yilda, Mirzo Boyqaroni Shohruh suyurg’ollaridan mahrum qilgan”2. Shuni ta’kidlash joizki, Temur davlatida ham ,,g’alla g’aram qilinmasdan burun soliq to’plash qat’iyan man etilgan. Soliq uch muddatda saraton (iyun-iyul), sunbula-mezon (avgust, sentabr) va qavs (noyabr) oylarida yig’ilar edi. Soliq yig’ishda dehqon, chorvadorga, bog’bonga zug’um qilmasliklari zarur edi.
Shuningdek, soliq va boshqa to’lovlarni undirishda me’yordan chiqish, aholi noroziligiga sabab bo’luvchi ishlarga qo’l urish umuman saltanat qudratiga putur yetkazish turgan gap edi. Shuning uchun ham markaz joylarda o’z vakillariga ega bo’lish tabiiy hol bo’lgan. Shuni ta’kidlash joizki, ,,mahalliy boshqaruvda shahar, tuman miqyosidagi boshliqlar dorug’a, qal’a boshlig’i qutvol deb nomlangan. Hokim esa shahar fuqaroviy boshliq kadxuda (qishloq oqsoqoli), kalantar (mahalla oqsoqoli), zakotchi (soliq yig’uvchi)”1.
Davlat tashkil qilishning dastlabki yillaridayoq, (1370-yili) qurultoyda harbiy qo’shin birlashmalariga hayot va urushlar sinovidan o’tgan amirlar: Jaki-Barlos, Xoji Sayfuddin Abbos-Bahodir, Alayka-Kachin, Ardasher tavoji va Qori-inoqlar bosh qilib tayinlangan edi. Mazkur davrda davlat apparatini shakllantirish va uni qurishda qonun va tartiblar tarzida Temur tuzgan tuzuklar muhim rol o’ynagan. ,,Bu tuzuklardan, deb yozadi muallif kelajakda saltanat ishlarini boshqarishda qo’llanma sifatida foydalanganlar”.
Tarixdan ma’lumki, har bir jamiyat o’ziga munosib yo o’zi munosib bo’lgan hukmdorga ega bo’ladi. Amir Temur davri qonunchiligi nafaqat uning shaxsiyati balki, o’sha jamiyat dunyoqarashi, odatlari, talab va imkoniyatlari kabilar bilan bo’g’liq bo’lgani aniq. Sohibqiron ,,davlat ishlarini saltanat qonun qoidalariga..to’ro-tuzukka tayanib, amirlar, vazirlar, sipoh, raiyyat har birini o’z lavozimiga va martabasiga qarab boshqardim” deb ko’rsatgan. ,,Garchi bir qaraganda haqiqatan ham Amir Temur boshqargandek tuyulsa-da va bunda haqiqat bor, ammo shu bilan birga aslida jamiyat va saltanat shariat va to’ro-tuzuklar, ya’ni o’z davri qonunchiligi asosida boshqarilgan”2.
Amir Temur o’z tuzuklarini ishlab chiqib hayotga tadbiq qilar ekan, boshqaruvda eng avvalo, bir narsani-jamiyatda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy qonuniy asosga qo’yishni mo’ljal qilgan. Bunda oliy hukumdor-davlat rahbari oldida turgan ma’suliyatni ham unutmagan. Uningcha davlat rahbari bir so’zli o’z ishini o’zi bilib qilishi, xolis o’zi va atrofdagilarga adolatli bo’lish qat’iylik bilan ish yuritish, fikrlar hilma xilligidan cho’chimasligi qiziquvchan bo’lmasligi, mulohaza bilan ish yuritishi lozim. Amir Temurning siyosati amalga oshirishda ,,davlat ishlarining to’qqizi umumiy kengash tadbir va mashvarat, qolgan bir ulush esa qilich bilan bajo keltirishini angladi”-deb ko’rsatgan. Uning bayrog’i esa doimo siyosat va tadbir bo’lib kelgan. Uning hatrbiy siyosatda bosh maqsad-qudratli davlat va siyosat barpo etish ishiga xizmat qilgan. Amir Temur lashkarida qat’iy xizmat va tashkiliy intizom o’rnatilgan, kim nima bilan shug’ullanish nimaga javob berishini aniq ko’rsatib qo’yilgan.
Amir Temur bo’lajak harbiy tadbirlarga eng avvalo, tinchlik sharoitida, lashkarni har jihatdan ta’minlash, u to’g’rida qayg’urish orqali tayyorgarlikni ko’rib qo’ygan. Demak, Amir Temur harbiy siyosati, eng avvalo, davlatni mustahkamlash, havfdan saqlashga yo’naltirgan bo’lib, bu siyosatni puxta yo’lga qo’yishda masalaning iqtisodiy, tehnikaviy, ilmiy, tashkiliy tomonlariga katta e’tibor bergan. Shunday qilib, biz Amir Temur davri davlati boshqaruvi, qonunchiligi, harbiy san’ati masalalariga oid mulohazalarni bildirdik. Bu mulohazalar shubhasiz, davlat qudrati va jamiyatni iqtidorli etishga qaratilgandir.
Amir Temur davlat boshlig’i sifatida mamlakat iqtisodiyotini eng asosiy masala deb bildi. Shu boisdan ham uningcha ,,insonni yer boqadi, yerni millat, sug’orishi lozim”. Sohibqiron bu masalani davlat siyosati darajasiga chiqardi. ,,Obodonchilikka yaraydigan biron parcha yerning bo’lishini ravo ko’rmasdi. U Movaraunnahr, Xuroson va boshqa o’lkalarda suv chiqarib obodonchilik qilib yangi yerlar ochish, bog’lar barpo etish kabi muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Amir Temur davrida Samarqand, Shahrisabz va boshqa tumanlarda ariqu-qanallar qazdirdi. Daraxtzorlar , ekinzorlar, bog’-rog’lar yashnab, to’kin-sochinlik yuzaga keldi. Xurosondagi Murg’ob daryosi vodiysida daryodan 20 ta qanal qazdirib suv chiqartirgan. Shuningdek Ozarbayjonda ham sun’iy sug’orish tizimlarini bunyod qilgan.
Temur davrida hunarmandchilik, ishlab chiqarishga keng yo’l ochilgan. Ip, ipak, jundan gazlamalar to’qish, matolar to’qish va kiyim-kechaklar tikilgan. Qurolsozlik, oynasozlik, duradgorlik, tosh yo’nuvchilik, zargarlik, ko’nchilik va kulolchilik sohalari yuqori saviyada rivoj topgan. Ta’kidlash joizki, zardo’zlik hunarmandchiligi Ispaniya elchisini lol qoldirgandi.
Amir Temur mamlakatda savdo-sotiq ishiga katta ahamiyat bergan. Jumladan: Xitoydan Yevropagacha bo’lgan ulkan hududning bir siyosiy markaz ostida birlashtirilishi, shimoliy va janubiy yo’nalishlardagi savdo yo’llarining nazorat qilinishi, karvon yo’llarining har jihatdan ta’minlanishi, xavfsizlik, ravon yo’llar va doimo xizmat ko’rsatuvchi karvonsaroylar savdo-sotiqning gurkirab rivojlanishiga muhim omillar bo’lgan. Sohibqiron nazarida ,,dunyo savdo ahli ila oboddir”. Ayniqsa Samarqand mamlakatning iqtisodiy va savdo markazi siifatida butun sharqqa dong’i ketgan shahar edi. Shaharda katta ko’cha qurilib, ikki tomonida ikki qavatli chorsu, tim shaklida qurilgan do’konlar, rastalar qad ko’tardi. Shaharda albatta biron-bir sohaga moslashgan mahallalar, timlar, rastalar quloch yoyib, telpakdo’z, novvoylar, halvachilar, qurolsozlar, gazlamachilar, ko’nchi va temirchilar bilan mahalla va rastalarda savdo qilishardi.
Xullas Temur davrida mamlakatda savdoning rivoj topishi uchun barcha imkoniyatlar va mavjud sharoitdan foydalanilgan.
Temur davrida fan va madaniyat. Tarixchi ibn Arabshoh asarida yozilishicha ,,Amir Temur olimlarga mehribon bo’lib, sayyidu shariflarni o’ziga yaqin tutadi. Ulamolar va fozillarga to’la-to’kis izzat-ikrom ko’rsatib, ularni har qanday kimsadan batamom muqaddam ko’rardi. Ularning har birini o’z martabasiga qo’yib, o’z ikromi hurmatini unga izhor etardi. Ularga nisbatan o’z muruvvatini yoyardiki, bu muruvvati uning haybati bilan aralash edi. Ular bilan mazmunli bahs ham yuritar ediki, bu bahsida insofu xashamat bo’lardi”1.
Amir Temur tahtga chiqishi bilan siyosiy bosh-boshdoqlik oqibatida machit va madrasalar ahvoli nihoyatda ayanchli ekanligini ko’rgach, dastlabki farmonlaridayoq madrasa toliblari uchun stipendiyalarini oshirgan. Shu boisdan Sohibqiron ,,Faqirlar va ilm toliblari nafaqalari vaqf mulklari va madrasalarga, har birining holiga yarasha va voqif shartiga muvofiq belgilagan. Temur vazirlariga vaqf mulklaridan biron tanga mening xazinamga tushmasin” deya ko’rsatma bergandi.
Shuni ta’kidlash joizki, chingiziylar davrida ta’qibu-siquvlar, siyosiy davrida zulm va ixtilolar, siyosiy ostin-ustinliklar natijasida ilm-fan va madaniyat nuqtai- nazaridan huvullab qolgan Turkiston Amir Temur zamoniga kelib yana jonlandi. Shimoliy Hindiston, Arab mamlakatlari va Xurosonga ketib qolgan ilm-fan, san’at va adabiyot ahli asta-sekin Movaraunnahr va Xorazmga qaytib kelishgan. Shu boisdan ham Samarqand, Hirot, Buhoro, Shahrisabz kabi qator shaharlar o’zining ilmiy-madaniy salohiyatini ko’tarib olgan edi. Ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga yana bir omil Temur va Temuriylardan Amir Temur, Shohrux,Ulug’bek, Xalil Sulton, Sulton Husayn, Badiuzzamon kabi podshohu, shahzodalar boy kutubxonalarga ega bo’lib, bu kutubxonalardan ilm-ma’rifat ahli foydalanish imkoniga ega bo’lgan.
Amir Temur, Shohrux, Ulug’bek, Sulton Husayn Boyqaro, Qutlug’ Turkon og’a, Mashkat og’a, Gavharshod begim kabi Temuriy hukmdorlar va malikalar hamda Temuriylar xizmatida bo’lgan bir qator amirlar tomonidan Samarqand, Buxoro, G’ijdivon, Marv, Hirot, Yazd, Balx, Mashhad, Sheroz va boshqa shaharlada o’nlab madrasalar barpo etigan. Halil Sulton, Mirzo Ulug’bek, Iskandar Mirzo, Abu Bakr Mirzo, G’iyosiddin Boysung’ur, Abulqosim Bobur, Abdulatif Mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Badiuzzamon Mirzo, Mo’min Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo va boshqa temuriy namoyandalar nozik didli shoir ham bo’lib, turkiy va forsiyda she’rlar bitganlar. Katta-kichik shoirlarga homiylik qilganlar. Shuning uchun ham Temuriylar davri o’zbek va fors adabiyoti rivojida muhim bosqich bo’ldi.
Navoiy va Jomiylarning ham o’sha zamonlarda yashab ijod qilganligi o’zbek va fors adabiyoti, rivojida muhim o’rin tutadi. Sakkokiy, Lutfiy, Atoiy kabi turkiyzabon shoirlar, Burunduq Xo’jandiy, Ismoil Buhoriy, Xumoyun Isfaraoniy, Badriddin Chig’atoy, Riyoziy Samarqandiy kabi forsiyzabon shoirlar, Sulton Ali Bovardiy, Shahobiddin Abdullo, Zahiriddin Asg’ar, Kamoliddin Bekzod kabi naqqoshlar, miniatyura ustalari hamda boshqa o’nlab hattotlar Amir Temur va Temuriylar davrida kamolot cho’qqisiga chiqqanlar.
Ta’kidlash joizki, aniq fanlar rivojida ham temuriylar zamoni alohida o’rin egallaydi. Samarqadda o’nlab mo’tabar olimlar, astranomlar, matematiklar faoliyat ko’rsatgan. Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, G’iyosiddin Jamshid Koshiy, Jaloliddin Astrobodiy, Nizomiddin Birjandiy, Marim Chalabiy, Mansur Koshiylar, Ulug’bek akademiyasida faoliyat olib borganlar. Ayniqsa Ulug’bek faoliyati nafaqat o’z zamonasi balki undan oldin va keyin ham uning fandagi xizmatlari beqiyos bo’ldi.
Bu davr uchun tarix fani taraqqiysi uning sharqda dong taratgan G’iyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy, Hofizi Abro’, Natanziy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir kabi tarix fanining yirik vakillari yashab, ijod etgan davr bo’ldi. Aynan bu tarixchi olimlar Temur va Temuriylar hukmronligi yillarida o’zlarining ijtimoiy, tarixiy asarlarini yozganlar.
Bu davr asosan ushbu tarixchilarning asarlarida to’la-to’kis o’z aksini topgan.
Amir Temur vafotidan keyin temuriy shahzodalar o’rtasida boshlangan o’zaro urushlar va harbiy yurishlar mamlakatning ichki hayotiga ta’sir etsada, biroq Shohruh (1405-1447), Ulug’bek (1402-1449), Abusayid (1451-1469) va Sulton Husayn (1469-1506) hukmronlik qilgan yillarda mamlakatda ma’lum darajada qaror topgan osoyishtalik tufayli ilgaridan davom etib kelayotgan an’analar asosida ilm-fan va madaniyat yanada jonlandi. Bu davrda Samarqandda ham Hirotda ham Temur an’analari davom ettirilib, bu poytaxt shaharlarda olimu fuzalolar, shoiru bastakorlar, me’moru binokorlar va naqqoshu mohir hunarmandlarning kattagina guruhi to’plangan edi. Movaraunnahrda xususan Samarqandda ilm-fan va san’atning taraqqiyotida zamonasining madaniy muhitida tarbiyalanib, yoshligidayoq mashhur olim sifatida shuhrat qozongan Ulug’bekning roli va hissasi nihoyatda buyuk bo’ldi. Movaraunnahr va Xurosonning boy va serqirra madaniyati va islom dunyosining ma’naviy an’analariga suyangan Ulug’bek mamlakatning ravnaqi, ayniqsa uning ma’naviy kamolotida ilm-fan va san’atning naqadar muhimligini yaxshi tushunardi.
Ulug’bek mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan ilmiy ishlar bilan ham shug’ullandi. Olimlarning munozaralarida faol qatnashdi. Manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Ulug’bek buyuk mutafakkirlardan Ahmad Farg’oniy, Farobiy, Muso Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sino asrlarini batafsil o’rganadi. Shuningdek, yunon olimlari Aflotun , Arastu, Gipparx, Ptolameylarning klassik asarlari bilan ham tanishadi. Ulug’bek Movaraunnahr shaharlari xususan Samarqand va Buxoroni ilmu-ma’rifat dargohiga aylantirgandi. Uning farmoni bilan 1417-yilda Buxoroda, 1417-1420-yillarda Samarqandda va 1433-yilda G’ijdivonda madrasalar bino qilindi. Buxoro madrasasi darvozasiga ,, Bilim olish har bir musulmon ayol va erkakning burchidir”-degan kalima o’yib yozilgan edi.
Movaraunnahrning bu uchta qadimiy shaharlarida barpo etilgan ilmgohlar, xususan Samarqand madrasasi zamonasining dorilfununi edi. Ushbu madrasalarda ilohiyot ilmlari: qur’on, hadis, tafsir, fiqh bilan birgalikda riyoziyot (matematika), xandasa (geometriya), ilmi hay’at (astranomiya), tibbiyot (meditsina), tarix, geografiya,ilmi aruz (poetika), arab tili va marfalogiyasi (qofiya) kabi dunyoviy ilmlar o’qitilardi. Ulug’bekning Samarqanddagi madrasasi ikki qavatli, ellik hujrali bo’lgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, madrasada yuzdan ortiq talaba istiqomat qilgan va ta’lim olgan. Madrasada zamonasining iqtidorli olimlaridan Mavlono Shamsiddin Muhammad Havofiy yetakchi mudarris bo’lgan. Mashhur olimlardan Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid Koshoniy hamda Mirzo Ulug’bekning o’zi va uning shogirdi Alouddin Ali Qushchilar turli fanlardan dars berganlar. XVI asrning mashhur adibi Zaynuddin Vosifiyning yozishicha 1420-yilda madrasa ochilgan kuni birinchi darsni Shamsuddin Muhammad Havofiy o’qigan.
Dars mashg’ulotida olimlardan to’qson nafari qatnashgan, lekin darsning ma’nosiga Ulug’bek Mirzo bilan Qozizoda Rumiydan boshqa hech kim tushunmagan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, madrasada ilmi hay’at (astranomiya) darsini Qozizoda Rumiy o’tgan. Hatto Qozizoda Rumiydan buyuk shoir Abdurahmon Jomiy ham yoshlik chog’ida Samarqandga kelib, bir necha marta saboq olib ketgan. Madarasada kamida 15-16 yil tahsil ko’rib, uning dasturi bo’yicha asosiy fanlarni to’la o’zlashtirgan va imtihonli saboqlarda o’z bilimini namoyish qila olgan tolibi ilmlarga sanad-shahodatnoma yozib berilgan.
Samarqanddagi Ulug’bek madrasasida mudarrislik qilgan olimlarning bir qismi turli fanlardan toliblarga dars berish bilan birga, matematika, geografiya va astranomiya bo’yicha amaliy masalalar bilan ham shug’ullandilar. Rasadxona qurilib, ishga tushirilgunga qadar osmon yoritqichlarining holatini kuzatish ishlari ma’lum darajada manashu madrasada va Ulug’bek tomonidan qurdirilgan Muqatta masjidida olib borilgan edi.
Ulug’bek 1424-1428-yillarda Samarqandda Obirahmat anhori bo’yida rasadxona qurdirdi. Doira shaklida bino qilingan bu ulkan imoratning aylanasi 47 metr, balandligi 31metr bo’lgan. Boburning yozishicha, rasadxona uch qavatli bo’lgan. Binoning sirti koshin va sirli parchinlar bilan qoplangan. Rasadxona zarur o’lchov asboblari va qurollari bilan to’la ta’minlangan. Ulug’bek rasadxonasi qoshida boy kutubxona tashkil etilgan bo’lib, unda qariyb o’n beshming jild kitob saqlangan. Lekin uzoq yillar davomida rasadxona ishlatilmay qolib ko’milib ketganligi sababli uning aniq joyi noma’lum bo’lib qolgan edi. 1908-yilda arxeolog olim V.L. Vyatkin rasadxona xarobalarini topdi. Bu ilmiy dargohda kuzatishlar olib borilgan. Natijada Markaziy Osiyo, yaqin va O’rta sharq mamlakatlari bo’ylab 683 geografik punktlar koordinatorlari belgilangan va 1018 qo’zg’almas yulduzlar o’rni va holati aniqlandi. Ulug’bek rahnamoligidagi Samarqand astranomiya maktabining yutuqlari jahon astranomiya faniga qo’shilgan ulkan hissa edi. Ulug’bekning rasadxonada ko’p yillik tadqiqotining natijasi o’laroq ,, Ziji jadidi Ko’ragoniy” nomli kitobi yuzaga keldi. Uning tarixiy asari ,,Tarixi arba ulus” asaridir. Unda turkiylarning avlod ajdodlari, mo’g’ul qabilalari haqida chuqur tarixiy jarayon yoritilib Jo’ji, Chig’atoy, va Elxoniylar tarixi batafsil aks etganidir.
O’zbek adabiyotining buyuk namoyondasi Alisher Navoiy Ulug’bek faoliyatini yuksak baholab quyidagi satrlarni bitgan.
Temurxon naslidan sulton Ulug’bek,
Ki olam ko’rmadi sulton aningdek.
Aning aynoi jinsi bo’ldi barbod,
Ki davr ahli biridin aylamas yod.
Vale ul ilm sori topti chun dast,
Ko’zi oldinda bo’ldi osmon past.
Do'stlaringiz bilan baham: |