Zardusht barkamol inson timsoli
Mazdaparastlik ta’limoti asosini tashkil etuvchi ezgulik falsafasi va
insonning axloqiy–ma’naviy kamoloti masalasini ifoda etishda Spitamon Zardusht
(er.av. 623 - 554 y) markaziy o’rinda turadi. U asos solgan va jahonda keng
shuhrat topgan bu ta’limotning nazariy va amaliy maqomlarini aniqlash Zardusht
nomi bilan bog’liqdir. Zero, bu ta’limot mohiyatini belgilovchi bosh mezon –
axloqiy poklik va barkamollik, avvalo, Zardushtning o’zida mujassamlashgan va
barchaga ibrat namunasidir.
Jumladan, ezgu fikr Zardushtning yaxshilik dunyosini yovuzlikdan asrash,
pok etish niyatida, ezgu so’z, muqaddas so’zlar bilan yaratuvchi insonni
e’zozlashda, ezgu amal esa o’zini Odam kamoloti, Olam munavvarligi ishiga
baxshida etishda namoyondir.
Boshqacha aytganda, birinchi yo’nalishda Zardushtning hayot sinovlarida
chiniqish, iroda va sabr egasi ekanligi, ya’ni din targ’ibotchisi sifatida murosasiz
kurashi aks etgan, ikkinchi yo’nalishda shoir, buyuk donishmand va payg’ambar,
axloqiy qarashlar muallifi-nazariyotchi sifatida namoyon bo’ladi. Har ikkala
yo’nalishdagi talqinlarda ham Zardusht bir tomondan, mehnatni ulug’lasa (tuya
boqishi, ilm o’rganish), ikkinchi tomondan, jaholatga qarshi ma’rifiy-umuminsoniy
ta’limot yaratib, dunyoviy va ilohiy iqtidor sohibi sifatida gavdalanadi. Bu
xususiyatlar Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Tabariyning
«Tarixi Tabariy», sosoniylar davri yodogorligi «Dinkard», to’rt jildlik «Avesto»
lug’ati, «Avesto»ning ikki jildlik forsiy tabdili (1997), M.Ishoqov, A.Mahkam
tarjimalarida va qator olimlarning keyingi uch yilda e’lon qilingan tadqiqotlarida
alohida qayd etilgan. Garchi Zardusht haqidagi barcha asarlar hozirgacha o’zbek
tiliga to’la tarjima qilinmagan bo’lsa ham, mavjud ma’lumotlar bu zotni buyuk
siymo, nazariyotchi-ijodkor, ilohiy haqiqat targ’ibotchisi, g’ayb va dunyoviy
bilimlar sohibi sifatida baholash uchun yetarlidir.
Binobarin, Zardushtning tarixiy xizmati, avestoshunoslar ta’kidlaganlaridek,
falsafiy tafakkurni ta’limiy-axloqiy tushunchalar bilan boyitishidadir. Shunday
ekan, uning amaliy faoliyati va bebaho merosi bugungi kunda yoshlarni
barkamollikka yetaklovchi qadriyat sifatida qimmatlidir. Haqiqatgo’ylarning
panohi bo’lgan Zardusht timsolida ibratomuz fazilatlar jamlangan. Uning hayoti va
faoliyati yaxshilik yo’lida qiyinchiliklarni yengish, iroda va sabr-toqat bilan
maqsadga erishish, yaxshilik dushmanlariga shafqatsiz bo’lishdan saboq bersa,
insonparvarlik va vatanparvarlik g’oyalari bilan sug’orilgan diniy ta’limoti
odamlarni yuksak axloq va ma’naviy barkamollikka undaydi, o’zaro do’stlik,
birodarlikka da’vat etadi.
Zardusht asos solgan ta’limot Odam va Olam haqidagi mifologik ilohiy
qarashlarni umumbashariy mazmun bilan boyitib, insoniyatni jaholatdan
ma’rifatga yo’llashga qaratilgan. Bunda yakka Tangri inoyati, uning Insonni har
jihatdan poklashga qaratilgan da’vatlari ilohiy qudrat va zakovot orqali
ifodalanadi.
Zardusht o’zida shunday salohiyatni aks ettiruvchi siymo va Tangri kashf
etgan ilohiy tafakkur tashviqotchisidir. Rivoyatda hikoya qilinishicha, Ahura
Mazda dastavval Odam Ruhini yaratgan ekan, tubanlik qurshovida qolgan Ruh
undan yer yuzini g’azab va yolg’ondan butkul tozalovchi xaloskorni yuborishni
so’raydi. Shunda bu olamni donishmandlik bilan yaratgan Ahura Mazda dedi:
«Nahotki, sen haqiqatga to’liq bo’lgan bu olamning sardorini tanimaysan?
Bu jahonda bizning so’zimizni jon-dildan qabul qiluvchi men bilgan yagona zot,
bu–Zardushtdir».
Zardushtning tavalludi va tiriklik sarguzashtlari g’aroyib va sirli hodisalarga
boydir. Uning ruhi tug’ilmasdan ilgari oltinchi osmonda cheksiz yorug’likda
yaratilib, ilohiy shukuh sifatida butun xonadoniga ziyo bag’ishlaydi. Bu bo’lajak
payg’ambar va ezgulik elchisining dunyoga kelishidan ishorat edi. Boshqa
go’daklardek yig’lab emas, qah–qah urib tug’ilgan Zardushtning hayratomuz
xususiyatlari haqida Farvardin Yashtda batafsil ma’lumotlar keltiriladi. Dunyoga
tabassum bilan kelishning sababi shunday izohlanadi: «qismatida o’lim va horlikni
ko’rganlar yig’laydilar, porsolik, parhezkorlik bilan yashab, umrini xushhandon
yakunlovchi zotlar kuladilar».
Zardusht porsolik bilan yashaydigan zot edi. Yashtda ta’kidlanishicha,
Zardusht tug’ilishi bilan dunyo yashnab ketadi, gullar ochilib, daryolar mavj ura
boshlaydi, butun mavjudot shodlik qo’shig’ini kuylaydi. Barcha baland ovoz bilan
«bizning ahvolimizni yaxshilaydigan peshvo Zardusht Spitamon tug’ildi»
deyishadi. Badkirdor uch kishi onasi tashqariga chiqqan mahalda chaqaloq yotgan
xonaga o’t qo’yishdi, butun uy yonib kul bo’ldi. Ota–ona chirqirab qolishdi.
Ammo Yazdoni pok inoyati bilan Zardusht cho’g’lar ichida o’ynab o’tirardi. Bu
haqda qator ma’lumotlar keltirgan filologiya fanlari doktori H.Homidiy yana
quyidagilarni ta’kidlaydi: «... badraftor-u jodugarlar sardori Davron Surun
go’dakni yo’qotishga astoydil kirishib, uni mast buqalar orasiga tashlaydi, bir buqa
tanasi bilan to’sib, bolani omon saqlaydi, boshqa safar bo’rilar to’dasiga ro’para
qiladi. Yirtqichlar Zardushtdan yuz o’girib ketadilar».
Boshqa bir rivoyatga qaraganda, Zardusht ilohlar –Bahman va Surush
keltirgan mesh to’la sutni ichib, qashqirlar hujumidan omon qoladi. Bu talqinlar
qanchalik to’qima bo’lmasin, ularda insoniyatning butun borlig’i yaxshilik,
rostgo’ylik va odamlarga ezgulik qilish tuyg’usi bilan yo’g’rilgan zotga hech narsa
dahl qila olmasligi haqidagi mifologik qarashlari ishonarli aks etgan. Shuning
uchun ham go’dak qalbiga Tangri ato etgan sohir qudrat va ro’shnolik ziyosi uning
amaliy ishlari va diniy ta’limotiga boqiylik bag’ishlaydi, o’zini donishmandga
aylantiradi.
Zardusht ezgu olam xaloskori sifatida ko’kni, yer yuzini va yer ostini yovuz
kuchlardan saqlashga baxshida zotdir. Bu fazilatlar unga yoshligida bashorat
qilingan. Buni hatto jodu sehr pirlari tan olishgan. Ularning vakili Karpning
ta’kidlashicha, Zardushtning ruhi osmonga borib yetgan, unga ergashgan barcha
odamlar jannatiy bo’ladilar, yer ostidagi badkirdorlar, devlar uning faoliyati tufayli
nobud bo’lib, do’zaxga mahkum etiladilar, yer yuzida esa uning so’zlari e’tibor
qozonib, hayot qonuni sifatida yetti iqlimda tan olinadi.
Zardushtning amaliy faoliyatidagi ibratli jihat shundaki, ko’plab to’siqlar
oshib o’zi ishongan to’g’ri yo’l – odamlarni ezgulikka hidoyat etish yo’lidan
qaytmagan. U o’zi mansub bo’lgan Spitama urug’idagi kishilar orasida boshqa
xudolarga ishonmagan..» Ahura Mazdani esa o’zi uchun chin xudo deb bilgan.
Uning imon-e’tiqodi, qalb ko’zi ochila borib, nihoyat Ahura Mazdaning nazariga
tushib, uning payg’omini (xush xabar) o’z urug’i orasida odamlarga bildirishga
vakolat oladi». Lekin bu jarayon osonlikcha kechmaydi. Bunda Zardushtga xos
zaxmatkashlik, yuksak axloq, ilm–hunar egallash, g’animlar qarshiligini zakovot
va matonat bilan yengish, umuman, ma’naviy kamolot kabi fazilatlar yorqin
namoyon bo’ladiki, bular hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgan emas.
Zardusht – yoshligidan o’tkir zehni va iqtidorini ilm egallash, mukammal
tarbiya olish bilan mustahkamlab borgan, jismoniy va ma’naviy jihatdan o’zini
chiniqtirgan. U yetti yasharligidan 15 yoshigacha donishmand Barzin Kurasdan
ilm o’rgangan. Tarix, tabiatshunoslik, falsafa, notiqlik san’atini va boshqa fanlarni
puxta egallagan.
Beruniyning ma’lumotiga qaraganda, Harron shahrida Ilyosdan va
Pifagorning shogirdi Faylakusdan ham ilm o’rgangan. Shuningdek, Hindiston va
Bobilda ta’lim olgan. Bundan tashqari, qabila bahodirlaridan jangovorlik, jahon
pahlavonlik, chavandozlikni o’rgangan. Zardusht o’n besh yoshga to’lgach, uning
aka-inilari otasiga meros da’vosini qilganda, u mazdaparastlar an’anasiga muvofiq
oqil va qanoatli yigit sifatida beliga mardlik belbog’idan boshqa narsa so’ramagan.
Zardusht hayoti va ta’limotiga oid asarlarda u ko’pincha ilohiy payg’ambar
sifatida talqin etilsa ham, Zardushtning dunyoviy ishlari, real voqelik va insonlar
manfaatlari bilan bog’liq faoliyati unga tabiiylik, oddiylik bag’ishlaydi,
donishmandlik qarashlarining hayotiyligini oshiradi.
Jumladan, u Turonu Eron o’rtasidagi janglar guvohi sifatida qirg’inbarot
urushlarni qoralasa, turli qabilalarning o’zaro nizolari, ko’pxudolik aqidasi
keltirgan ortiqcha qurbonliklardan iztirob chekar va bularga barham berish
yo’llarini izlardi. Shu maqsadda u nortuyalarni boqish bilan birga ulamolar
yig’inlarida, mo’ysafidlar baxslarida qatnashar edi.
Jamiyatdagi qabohat, yolg’onchilik, zulm, nizo, johiliyat ustuvor bo’lgani
sababli uning qalbida qandaydir ruhiy sokinlik, fikriy hoslikka mayllik uyg’onadi.
Bu uning haqiqat yo’liga kirganidan, haqni izlashga qaror qilganidan dalolat edi.
Bu yo’ldan uni hech kim va hech narsa qaytara olmasligini bashorat ham qildi u.
Bu o’rinda Zardusht o’zini ezgu ishlarga chorlagan va bu yo’lda har qanday
g’ovlarni yengishga qodir bo’lgan qat’iyatli shaxs sifatida namoyon qiladiki, bu
ham ko’pchilikka ibratdir.
Zardushtning ilm egallash va komillikka yetish yo’li murakkab va ayni
choqda saboqlidir. U qalbida pinhoniy mo’’jizaviy hissiyotni sezgach, Sablon
tog’iga chiqib ketadi, yigirma yil g’orda yashab, tafakkur ummoniga g’arq bo’lib,
Oliy ibtido Ahura Mazdani kashf qildi, o’n yil uni madh etuvchi Gohlarni yaratdi.
39 (ba’zi ma’lumotlarda 35) yoshida yetuk donishmand maqomiga erishgach
Ahura Mazdadan vaxiy kelib, Yazdoni pok uni o’ziga «mehribon qilib», «zamon
ahlini rostgo’ylik, yaxshilik va haqiqat sari da’vat etish» uchun xalq huzuriga
yo’llaydi.
Zardusht yakka Tangrining payg’ambari sifatida chorvadoru savdogarlar,
hunarmandlar orasida ko’p xudolikning zarari, yakka xudolikning afzalligi haqida
nutq so’zlaydi, va’zlar aytadi. Turli dinlar va udumlarning jamiyat rivojiga halal
berayotganini, inson erki va yaratuvchilik qudratiga to’siq ekanini ishonchli
dalillar bilan isbotlab beradi. Yakka xudo inoyati esa rostlik, ma’rifatu saodat
yo’liga eltishini uqdiradi. Kishilarni teran aql va farosatga suyanishga da’vat etdi.
Zero, ingliz avestoshunosi L. Millzning Zardusht so’zlarini kishilarga najot
bag’ishlovchi dasturlar sifatida baholab, «Agar bu dasturlarni ko’rib, o’zimizni
ko’rmaslikka olsak, yo ularni yashirsak, bu bizning oqibatsiz va ko’rnamak
ekanimizning belgisi bo’lur edi» deb yozishi bejiz emas.
Yangi mazdaparastlik dini – Zardusht ta’limotiga, bir tomondan, tarafdorlar
tobora ko’payib borsa, ikkinchi tomondan, uning muholiflari huruji ham kuchayib
ketdi. Bu jarayon Zardusht xarakteridagi sobitlikni, o’z ahdiga sadoqatini,
maqsadiga erishish yo’lidagi qat’iyat va matonatini yana bir bor namoyish qildi.
Bu o’rinda Turon hokimi Arjasp va johillik hamda munofiqlik yo’lini tutgan
devsifat ko’p xudolik tarafdorlarining Zardushtga qarshi harakatlarini eslash
kifoyadir. Ular Dunyo haloskori bo’lgan donishmandni yo’qotishga qanchalik
urinmasinlar, Zardusht ta’magir, xalqni yolg’on va riyokorlik bilan yo’ldan urib,
ularni talon-taroj qiluvchi kohinlarga qarshi kurashni davom ettirdi, o’z
ta’limotining hayotiyligini isbotlashdan qaytmadi.
Turli ta’qib va xavfga duchor bo’lgan Zardusht vatani Xorazmni tark etib
ketgan bo’lsa ham o’zi ishongan ezgulik ta’limotidan voz kechmadi, aksincha uni
har qanday sharoitda himoya qildi va o’zining haqligini isbotladi, sinovlarga
bardosh berdi.
Bu jihatdan Eron shohi Gushtasp bilan muloqot xarakterlidir. Shoh
payg’ambarlik da’vosini qilayotgan Zardushtdan o’z ta’limoti mohiyatini
so’raganda, u Yazdoni pok aqidalarining insonparvarlik va poklik mohiyatini,
ezgulikni targ’ib qilishga qaratilganini bayon etibdi. So’ngra shoh yangi dinning
ramzini surishtirganda Zardusht qo’ynidan bir jom chiqarib, havoga otib ushlab
olgan ekan, jomdan nur ko’tarilibdi. Zardusht «nur», «olov», «quyosh»
mazdaparastlikning timsollari ekanligini ta’kidlabdi. Lekin Zardusht va uning
maslakdoshlarini sinov qilish davom etibdi. Shohning donishmand vaziri Jomasp
boshliq ulamolar Zardusht bilan inson va olam muammolari, tabiat, koinot va turli
e’tiqodlar mohiyati kabi masalalar yuzasidan uzoq bahslar qilishib, nihoyat
Zardusht tafakkurining favqulodda kuchi va ilmiy salohiyati hamda ilohiy
karomatiga tan berishibdi. Gushtasp va uning saroy ahli yakka Tangrini tan olishib,
Eronda mazdaparastlik dini qabul qilinibdi.
Bu o’rinda Zardusht xarakteridagi barkamollik yorqin namoyon bo’ladi,
ya’ni u o’z e’tiqodining mohiyatini chuqur idrok etgani uchun ham har qanday
sinovdan o’tishiga ishonadi. Ikkinchidan, insonni ulug’lovchi, zulmni qoralovchi
bu ta’limotdan boshqalarni ham bahramand qilishga intilib, bag’rikenglik, saxovat
kabi fazilatlarni o’zida aks ettiradiki, bu hol johilat hukm surgan sharoitda katta
jasorat edi.
Shuningdek, Beruniyning ma’lumotiga qaraganda Zardusht bilan Gushtasp
o’rtasidagi muloqotlarning birida payg’ambar ko’ksiga eritib quyilgan mis uning
jismiga hech qanday zarar yetkazmagani ham aslida Zardusht haqligi va ilohiy
qudratining isbotidir. Bu hol ayni choqda Ahura Mazdaning Zardushtga qarata
«odamlar shu qadar pok, to’g’ri va begunoh bo’lmoqlari lozimki, sinovlar chog’i
titroqqa tushmasinlar, poydorlik ko’rsatsinlar deya aytgan so’zlarining amaldagi
ijrosi ham edi.
Zardushtiylik ta’limotida fikr va so’zi pok bo’lib, ko’pchilik uchun ezgu
amallarni bajarishga intilgan inson barkamol sanalgan. Zardusht shundaylardan
biri, «hayot yo’lida yaxshi shuhrat va vijdon bilan yurgan, natijada oliy Tangri
dargohidan o’rin olgan» zotdir.
Zardushtning komillik va yuksak axloq timsoli ekanligi uning ijtimoiy va
shaxsiy faoliyati hamda ta’limotining insonparvarona xarakterda mujassam
bo’lgan. Eng muhimi shundaki, Zardusht qabohat, johillik, molparastlik,
nodonlikka qarshi kurashib, nisbatan dunyoviy, insoniy–ma’rifiy g’oyalarni targ’ib
qiluvchi yakka tangrini kashf etdi. Kishilarni kelajakda muqarrar ro’y beruvchi
kulfat va jazodan ogoh qildi, o’tkinchi umr inson bolasiga faqat yaxshilik uchun
berilganligini isbotladi.
Zardusht targ’ib qilgan yangi e’tiqod zamirida yaxshi xulq, hayotbahsh fikr va
yaxshi hatti–harakat hamda olijanoblikka yo’naltirilgan mehnat g’oyasi yotardiki,
bu bashariyatning barcha davrlardagi eng oliy orzusi edi. Zardushtning bu sohadagi
xizmati mazdaparastlar mashhur duolaridan biri «Ahuna–vopa» duosining
mazmunida ham yorqin aks etgani bejiz emas. Unda shunday deyilgan: «U
(Zardusht) bu olamning armoni va tanlangan zotidir. Odam haloskori, tiriklikning
solih kirdor va andishalarning yaratuvchisidir. U Ahuraning shahriyori, Haq dini
peshvosi va darvishlarni parvarish etguvchidir.
Ko’rinib turibdiki, Zardushtning ijtimoiy ideali asosida bevosita tinch hayot,
farovonlik, adolat, axloqiy pokizalik, mehnatsevarlik kabi mangu fazilatlar
ifodalangan.
Zardushtning shaxsiy hayoti ham yuksak axloq va yetuklik namunasi edi. U
oqil farzand sifatida yoshligidan ilohiy va dunyoviy ilmlarni o’rgandi.
Zardushtiylik dini qoidalariga qat’iy amal qilib, balog’at yoshiga yetgach uylandi,
katta oilaga boshliq bo’ldi. Uch o’g’il (Istavatr, Uravatr, Hurchitra) va uch qizga
(Frini, Trini, Puruchisto) zarur ta’lim tarbiya berdi, ular zardushtiylik dinining
peshvolari va targ’ibotchilari bo’lib yetishdilar. Shuningdek, Zardusht o’z
zamonasida ko’pxotinlik, sharob tayyorlash va sharobxo’rlik kabi axloqiy illatlarni
man etuvchi qonunlarga qat’iy amal qildi, farzandlarni yuksak axloq va
barkamollikka da’vat etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |