Iqtisodiy barqarorligi.Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik jihatdan yangilash, yuqori texnologiyali qayta ishlash yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh muhitni shakllantirish, ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatdoshligiga erishish, eksport tarkibi hamda geografiyasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish orqali milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar ancha faollashdi.Buni quyidagi dolzarb masalalar bilan izohlash mumkin: birinchidan, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, uning tarmoqlarida ishlab chiqarish surʼatlari oʻsishiga erishish mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchidan, jahon bozoridagi keskin raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilarning yuqori sifatli mahsulotlar bilan jahon bozorlariga chiqishini faollashtirish zaruriyati mavjud. Uchinchidan, ilmiy sigʻimi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan tendensiyalarning rivojlanishi hamda shunga muvofiq tarzda sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashda milliy iqtisodiyot doirasida doimiy ravishda zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsiyalarni joriy etish talab qilinadi.Milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish koʻp jihatdan iqtisodiyot yoʻnalishlari hamda sohalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini barpo etish boʻyicha qulay shart-sharoitlarni yaratish bilan bevosita bogʻliq. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun uning tarmoqlari rolini, ayniqsa, yuqori qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta.2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi hamda unda belgilangan ustuvor vazifalar milliy iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori natijalarga erishishda qoʻl kelmoqda. Jumladan, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot (YAIM) ishlab chiqarish hajmi 2020-yil yakunlariga koʻra, 580,2 trillion soʻmni tashkil etgan holda 2019-yildagiga nisbatan 70 milliard soʻmga oshdi, YAIM tarkibida tovarlar ishlab chiqarishda 341,5 trillion soʻm, xizmatlar koʻrsatish sohasida 194,4 trillion soʻm miqdorida yalpi qoʻshilgan qiymat yaratildi. Mahsulotlarga sof soliqlar esa 44,4 trillion soʻmga yetdi. Bunday natijaga iqtisodiyotning barcha tarmogʻida islohotlarning tizimli va izchillik bilan amalga oshirilishi tufayli erishildi, albatta.Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2020-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 2016-yildagiga nisbatan qariyb ikki yarim barobarga oshgan holda 580,2 trillion soʻmlik koʻrsatkichni ishgʻol etdi. Milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlashda mamlakat sanoati yetakchi oʻrin tutadi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish umumiy hajmi soʻnggi yillarda barqaror oʻsish surʼatlariga ega boʻldi, jumladan, mazkur koʻrsatkich 2020-yilda 367,1 trillion soʻmni tashkil etgani holda 2016-yildagiga nisbatan 255,2 trillion soʻmga oshgan. Bu jarayonda mamlakatimizda sanoat salohiyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir tarmoq dasturlari doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |